French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rossiya fuqarolarining YeI hududiga kirishi qiyinlashdi (+video)
17:44 / 2025-11-10

Yevropa Ittifoqi Rossiya fuqarolariga viza berish tartibini yanada murakkablashtirdi, deb xabar bermoqda “DW” nashri.

Asosiy yangilik shundaki, endi rossiyaliklarda qisqa muddatli ko‘p marta kirish vizasini olish imkoniyati yo‘q. Bu Shengen hududiga 180 kun ichida 90 kungacha bo‘lgan qisqa safarlarni ko‘p marta amalga oshirish huquqini beruvchi viza hisoblanardi. Endilikda RF hududida yashovchi fuqarolar har safar YeIga borish uchun yagona ya’ni, bir martalik viza uchun qaytadan ariza topshirishlari kerak bo‘ladi.  

Yevroittifoq bu chora orqali konsulliklarga har bir murojaat etuvchini sinchkovlik bilan tekshirish imkonini berish va xavfsizlikka tahdidni kamaytirishni maqsad qilgan. Yevropa Ittifoqining ichki ishlar va migratsiya bo‘yicha komissari Magnus Brunnerning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar tomonidan berilgan har qanday viza arizasi qo‘shimcha tekshiruvlar va kuchaytirilgan nazoratdan o‘tadi.  

Yevropa komissiyasiga ko‘ra, ayrim hollarda YeI davlatlari “ishonchli obro‘ga ega” shaxslarga ko‘p marta kirish vizasini berishi mumkin. Bular – muxolifat  vakillari, mustaqil jurnalistlar, inson huquqlarini himoya qiluvchilar, fuqarolik jamiyati a’zolari va ularning oila a’zolari.

E’tiborli jihati, Rossiya hududida yashovchi, ammo boshqa davlat fuqarolari bo‘lgan shaxslarga bu cheklovlar tatbiq etilmaydi, chunki ular xavf darajasi past deb hisoblangan toifaga kirishadi.  

– Rossiya – Ukraina ziddiyati Yevropada xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirmoqda, -dedi YeIning tashqi siyosat bo‘yicha yuqori vakili Kaya Kallas. – Shu bois YeI hududiga kirishni xohlayotgan rossiyaliklarga nisbatan qoidalar qat’iylashtiriladi.  

Ma’lumot o‘rnida: joriy yil oktyabr oyida RF diplomatlarining YeI hududidagi harakatlariga ham cheklov kiritildi. Rossiya elchixonalari xodimlari endi Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga borishdan oldin bu haqda oldindan xabar berishi lozim. Tuzilmaga a’zo har bir mamlakat bu so‘rovni ko‘rib chiqib, vizani rad etish yoki qo‘shimcha shartlar qo‘yish huquqiga ega bo‘ladi.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/6K24Anee2oc?si=YKsJ-zzGQoHpiT4A" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA