Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI)da Rossiya Feleratsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Oleg Malginov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida tomonlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida kun tartibidagi ko‘p qirrali keng ko‘lamli, jumladan savdo va investitsiya, transport va logistika, mehnat migratsiyasi kabi masalalarni muhokama qildilar, akademik va ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratdilar.
Savdo-iqtisodiy sheriklik jadal rivojlanayotgani qayd etildi. So‘nggi bir necha yil ichida o‘zaro savdo har yili 20 foizdan o‘sib, 2023 yil yakunida 10 milliard dollarga yaqinlashdi.
Muhim masalalarni hal qilish, dunyoga mintaqaning sub’ektivligi va yaxlitligini namoyish etuvchi yangi imkoniyatlarni ochish uchun “S5+” platformasi doirasida barqaror hamkorlikni davom ettirish qo‘llab-quvvatlandi. Bunday faoliyat, ayniqsa, mintaqaviy yondashuv samarali foyda keltirishi mumkin bo‘lgan sohalarda ikki tomonlama munosabatni yangicha mazmun bilan to‘ldiradi.
Xususan, 2022 yil oktyabr oyida Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Rossiya”yetakchilari uchrashuvi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklik izchil rivojlanayotganini yaqqol namoyish etdi. O‘shanda mintaqaviy sa’y-harakatlarni kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va madaniy-gumanitar, atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi hamkorlikni yanada yuqori darajaga ko‘tarishga qaratilgan tashabbuslar ilgari surildi.
Uchrashuv davomida kelgusida ekspertlar xulosalarini almashish, shuningdek qo‘shma tadbirlar, “davra suhbatlari” va konferensiyalar o‘tkazish maqsadida tahliliy muassasalarning kompleks hamkorligi ko‘lamini kengaytirish muhimligi urg‘ulandi.
Bugungi kunda MOXI mavjud kelishuvlarga muvofiq, A.M.Gorchakov nomli Xalq diplomatiyasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, Yevropa-Osiyo tadqiqot markazi, Rossiya strategik tadqiqotlar instituti kabi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘ygan.
G‘.Xonnazarov, O‘zA