Rossiya Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federal xizmati rahbari, Rossiya Federatsiyasi Bosh davlat sanitariya vrachi Anna Popova boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrifi chog‘ida sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev bilan uchrashdi.
COVID-19 pandemiyasi davrida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar muvaffaqiyatli sinovdan o‘tganligi ta’kidlanib, ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan istiqbolli rejalar, koronavirusning yangi shtammlarini o‘rganish, jamoaviy immunitetni shakllantirish, bunda vaksinalarning o‘rni va samaradorligiga doir qator masalalar muhokama etildi.
Shuningdek, OITS va boshqa o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha tadqiqotlar, ilmiy ishlar olib borish, sanitariya va epidemiologiya sohasida kadrlar tajriba almashuvini yo‘lga qo‘yish, biolaboratoriyalar tashkil etish, tibbiy ta’lim yo‘nalishida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish kabi qator dolzarb vazifalar yuzasidan ham fikr yuritildi.
Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, delegatsiya a’zolari tashrif doirasida Zangiotadagi davolash komplekslari va u yerdagi shart-sharoitlar bilan ham yaqindan tanishdi.
– O‘zbekistonga birinchi kelishim, – deydi A.Popova. – Ochig‘i, juda hayratlandim. Ayniqsa, Zangiotadagi unikal davolash komplekslarida yaratilgan sharoitlar e’tirof etishga arziydi. Xirurgiya, kardiologiya, akusherlik-genikologiya, pediatriya kabi barcha tibbiy xizmatlarning bir joyda jamlanishi, ayniqsa, koronavirusga chalingan gemodializga muhtoj bemorlarning ham shu yerda davolanishi dunyoning qator davlatlari o‘rgansa bo‘ladigan ibratli tajribadir.
Delegatsiya a’zolari, shuningdek, “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi hamda Respublika virusologiya ilmiy tekshirish institutida ham bo‘ldi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA