Sochida bo‘lib o‘tgan uch tomonlama uchrashuvda Qorabog‘ masalasi muhokama qilindi. Uchrashuvda bo‘lajak tinchlik shartnomasiga asos bo‘ladigan hujjat qabul qilinishi bo‘yicha ham bir to‘xtamga kelinishi aytilgan edi. Uch tomonlama sammit doirasida Vladimir Putin Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan alohida-alohida muzokara olib borgan.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda Boku Yerevan bilan munosabatlarni normallashtirish uchun beshta asosiy tamoyilni ilgari surganini va shu asosda normallashuvga erishish mumkinligini o‘ylaganini aytgan. "Ushbu uchrashuvlar Sizning tashabbusingiz bilan o‘tkazildi va normallashuv jarayoniga turtki bo‘ldi. Ozarbayjon qo‘shni davlat bilan o‘zaro munosabatlarni normallashtirish kerak bo‘lgan beshta asosiy tamoyilni ilgari surgan”, degan Aliyev. Shuningdek, Ozarbayjon rahbari Qorabog‘ mojarosi allaqachon tarixga aylangani, u ikki yil avval hal qilinganini ta’kidlar ekan, bu kontekstda muhokama qilinadigan deyarli hech narsa yo‘qligini, Ozarbayjon – Armaniston munosabatlarini normallashtirish masalasi esa – albatta, jiddiy qadamlar talab qiladigan format ekanini qayd etgan”.
“Ikki yil avval uch tomonlama deklaratsiya imzolangan edi, bu uzoq muddatli munosabatlarga chek qo‘ydi. Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish haqida gapirish vaqti keldi. Biz sizning bu boradagi shaxsiy rolingizni yuqori baholaymiz”, degan Aliyev.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin uch tomonlama sammitdan maqsad Qorabog‘ muammosini hal qilish bo‘yicha 2020 va 2021 yillarda erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirish ekanligini aytgan. "Uchrashuv, mening fikrimcha, kata ahamiyatga ega. Bu uchrashuvdan maqsad, men ko‘rayotganimdek, 2020 va 2021 yillarda erishilgan barcha kelishuvlarimiz amalga oshirilishini ta’minlashdan iborat", – degan Putin Aliyev bilan uchrashuvda.
Ma’lumki, 2020 yil sentyabr oyi oxirida Tog‘li Qorabog‘da jangovar harakatlar qayta boshlandi. Bu uzoq muddatli mojaroning davomiga aylandi va tinch aholining qurbon bo‘lishiga olib keldi. Tomonlar sulh tuzishga bir necha bor urinishgan, lekin natijaga erisha olmagan. Nihoyat 10 noyabrga o‘tar kechasi Moskva vositachiligida erishilgan uch tomonlama kelishuvga erishildi. Ozarbayjon va Armaniston o‘t ochishni to‘liq to‘xtatib, asirlar va o‘lganlarning jasadlarini almashishga kelishib oldi. Yerevan Bokuga Qalbajar, Lochin va Agdam viloyatlarini qaytarib berdi. Bundan tashqari, mintaqaga Rossiya tinchlikparvar kuchlari joylashtirildi.
Shu kuni uchrashuv oldidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgan. Ikki soatdan ortiq davom etgan uchrashuvlar dastlab kengaytirilgan tarkibda, keyin esa yuzma-yuz bo‘lgan.
Muzokaralar boshida Putin bu uchrashuv Qorabog‘ masalasini hal qilish bo‘yicha oldinga siljishiga umid bildirgan. U mojaroga chek qo‘yish kerakligini ta’kidlagan. O‘z navbatida, Pashinyan arman asirlarini ozod qilish masalasi haligacha hal etilmaganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yerevan mintaqaviy transport kommunikatsiyalarini blokdan chiqarishdan manfaatdor va istalgan vaqtda tegishli qarorlar qabul qilishga tayyor. Pashinyan, shuningdek, Ozarbayjon qo‘shinlarining Qorabog‘dagi rossiyalik tinchlikparvar kuchlari mas’uliyat zonasidan olib chiqilishi Armaniston uchun muhim ekanini ta’kidlagan.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ishtirokchi davlatlarning qo‘shma bayonoti qabul qilingan. Unda Armaniston va Ozarbayjon yetakchilari Nikol Pashinyan va Ilhom Aliyev kuch ishlatishdan voz kechishga, masalalarni mamlakat suverenitetini tan olish asnosida hal qilishga kelishib olgani aytiladi.
"Kuch ishlatishdan yoki kuch ishlatish tahdididan tiyilishga, barcha muammoli masalalarni BMT nizomlari va 1991 yilda qabul qilingan Olmaota deklaratsiyasiga binoan, ikki mamlakat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va chegaralarning buzilmasligini tan olgan holda hal etishga kelishib olindi", – deyiladi bayonot matnida.
S.Rahimov, O‘zA