Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rossiya-AQSH-NATO: xavfsizlik kafolati bo‘yicha hujjat mintaqa xavfsizligini kafolatlay oladimi?
10:01 / 2022-01-28

Kuni kecha Rossiya ilgari surgan xavfsizlik kafolati bo‘yicha hujjat loyihasiga AQSH va NATOdan javob olindi

AQSHning Rossiyadagi elchisi Jon Sallivan Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Grushkoga Vashingtonning xavfsizlik kafolati bo‘yicha yozma javobini topshirdi, deyiladi vazirlik tarqatgan xabarda.

"AQSHning diplomatik missiyasi rahbari avvalroq Rossiya tomonidan taqdim etilgan xavfsizlik kafolati to‘g‘risida ikki tomonlama shartnoma loyihasiga yozma javobini taqdim etdi", — deydi idoradagilar.

AQSH davlat kotibi jurnalistlar bilan uchrashuvda mazkur yozma javob Ukraina va yevropalik ittifoqchilar bilan kelishilganini ma’lum qilgan.

"Men Rossiya tomoni bizning javobimiz bilan tanishib chiqqandan keyin, yaqin kunlarda tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan ushbu masala yuzasidan gaplashishni rejalashtirganman", — degan davlat departamenti rahbari.

Uning izoh berishicha, AQSH muzokaralarning konfidensialligini ta’minlash imkoni saqlanishi uchun hujjatni to‘liq oshkor etishni istamaydi va Rossiya tomonidan ushbu masalaga jiddiy yondoshilishiga umid qiladi.

Keyinroq Rossiyaning Bryusseldagi elchisi NATOdan xavfsizlik kafolati bo‘yicha so‘rovga yozma javob olgani ma’lum qilindi. Alyansning bosh kotibi Yens Stoltenbergning bayonot berishicha, ushbu hujjatni 30 ta ittifoqchi qo‘llab-quvvatlagan.

NATO Gruziya va Ukraninaning alyans a’zosi bo‘lish istagini hamda Shvetsiya bilan Finlyandiyaning hamkor bo‘lib qolishini qo‘llab quvvatlaydi, deydi Yens Stoltenberg.

Rossiyaga berilgan hujjatga izoh berar ekan, Stoltenbergning ta’kidlashicha, alyans ochiq eshiklar siyosatidan voz kechish niyatida emas va "har bir mamlakatning suveren tanlov qilish huquqini hurmat qiladi".

dpa agentligining alyans manbalariga tayanib yozishicha, Rossiyaning taklifiga berilgan javobda "jiddiy yon berishlar yo‘q". Xususan xabarda keltirilishicha, NATO "alyansni kengaytirmaslik va qo‘shinlarini Yevropaning sharqidagi a’zo mamlakatlardan olib chiqib ketish talabini ma’qullamagan".

AQSH va NATO bilan muzokaralar haqida ikki og‘iz...

O‘tgan yilning so‘nggi oyida Moskva NATO va AQSHga xavfsizlik kafolati to‘g‘risida hujjat loyihasini topshirgan edi. Mazkur hujjatda Kreml tomonidan NATOdan sobiq ittifoq mamlakatlari bilan harbiy hamkorlik qilishni to‘xtatish, ularning hududida harbiy baza tashkil etishdan voz kechish, Rossiya chegarasi yaqinida hujumkor vositalarni joylashtirmaslik, AQSHning yadro qurollarini Yevropadan olib chiqib ketish va NATOni sharqqa qarab kengaytirmaslikka kafolat berish so‘ralgan.

Yanvar oyida ushbu masala bo‘yicha Rossiya bilan AQSH va NATO o‘rtasida qator maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi. Masalan, 9-10 yanvarda ushbu masala Jenevada Amerika tomoni bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilingan bo‘lsa, 12 yanvarda Rossiya Kengashi bilan NATO majlisida va 13 yanvarda YeXHT da ham ko‘rib chiqildi. Qolaversa, muzokaralar boshlanishidan oldin Vashington mazkur hujjatning ayrim bandlarini qabul qilib bo‘lmasligini ma’lum qilgan edi. Moskva esa, bu taklif ultimatum emasligini lekin bosimlar ostida bir tomonlama yon berishga yo‘l qo‘ymaslikni ma’lum qildi. Bir so‘z bilan aytganda, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva ilgari surgan hujjatning har bir bandiga aniq javob kutayotganini ta’kidlagan. Chunki uning ta’kidlashicha, Rossiyaning kelgusi harakatlari va muloqotlarni boshlash istiqboli ushbu javobga bog‘liq.

G‘arb Rossiya taklif qilgan hujjat loyihasiga shu hafta javob berishga va’da bergan edi. Bugun ushbu va’dasini bajardi va yozma javobni Bryusseldagi Rossiya elchisiga topshirdi.

So‘nggi xabarlarga qaraganda, Ukraina hukumati AQSH bilan NATOning xavfsizlik kafolati bo‘yicha javobni Rossiyaga berilishi oldidan ko‘rganini ma’lum qilgan. Kiyevda uning mazmuniga tegishli qarshilik yo‘q, degan Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba.

"Biz AQSHning yozma javobini Rossiyaga berish oldidan ko‘rganmiz. Ukraina tomonidan qarshilik yo‘q. Muhimi, AQSH ushbu masalada Ukraina bilan yaqin aloqada bo‘lib turishi kerak. Ukraina bo‘yicha Ukrainasiz hech qanday qaror qabul qilinmasligi lozim. Bu oltin qoida", - deb yozdi vazir o‘zining Twitterdagi sahifasida.

NATO bilan Rossiya qaysi masalalarda kelisha olmayapti?

NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Bryusselda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ushbu masalaga atroflicha to‘xtalib o‘tgani aytilmoqda.

NATO rahbari Rossiya bilan jiddiy bahslar mavjudligini tan olar ekan, aynan shuning uchun ham qarama-qarshiliklarni bartaraf etishda muloqotlar muhim ekanini ta’kidlab o‘tgan.

"Rossiya NATO bilan diplomatik munosabatlarni uzib tashlagan, shu sababli o‘rtadagi muloqot murakkablashib ketdi. Biz Moskvada ham, Bryusselda ham o‘zaro vakolatxonalarimizni ochishimiz kerak bo‘ladi. Shuningdek, o‘rtadagi shaffoflikni ta’minlash va tahdidlarni pasaytirish uchun harbiylar o‘rtasidagi mavjud kanallaridan to‘liq foydalanishimiz lozim", - degan u.

Stoltenbergning qo‘shimcha qilishicha, alyans bilan Rossiya o‘rtasida “jiddiy qarama-qarshiliklar saqlanib qolmoqda”. Aynan shuning uchun ham mazkur sharoitda muloqotlar yanada muhim ahamiyat kasb etayotir.

NATO Rossiya bilan muzokaralar sahnida keskin vaziyatni yumshatish uchun o‘zning Boltiq va Qora dengizlaridagi kuchlarini kuchaytirmoqda, dedi bosh kotib.

"Biz Rossiyani zudlik bilan vaziyatni deeskalatsiya qilishga chaqiramiz. NATOning ishonchi komilki, qarama-qarshiliklar va keskinlik kuch yoki kuchlarni ishga solish tahdidi bilan emas, balki siyosiy yo‘l bilan hal qilinishi kerak", — degan u.

Uning ta’kidlashicha, NATO Rossiya keskinlikni yumshatish doirasida "qo‘shinlarini Gruziya, Ukraina va Moldоvadan olib chiqib ketishi kerak".

Stoltenberg shuningdek, kutilmagan vaziyatlarni yumshatish uchun fuqarolik kanallarini yo‘lga qo‘yish muhimligini aytgan.

NATO Rossiya blan qanday masalalarda kelishib olishga tayyor?

NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Bryusselda uyushtirilgan matbuot anjumanida, alyans Moskva tashabbuslariga javoban, xavfsizlik bo‘yicha o‘zining ham yozma takliflarini yuborganini ma’lum qildi. Ushbu taklifda tahdidlarni pasaytirish, qurol-yarog‘lar ustidan nazorat, raketalarni joylashtirish va yadro qurollari siyosatining yanada shaffofligini ta’minlash shartlari bayon qilindi.

Bosh kotibning ta’kidlashicha, harbiy sohadagi shaffoflikni ta’minlash uchun kiberkengliklarda va koinotda tahdidlarni pasaytirish to‘g‘risidagi Vena hujjatini modifikatsiyalash lozim. "Biz dengiz va havoda to‘qnashuv xavfini bartaraf qilish uchun maslahatlashib olishimiz lozim. Qolaversa, biologik va kimyoviy qurollar bo‘yicha o‘z zimmamizga xalqaro majburiyat olganimizni ham tasdiqlashimiz lozim", - deya ta’kidladi Stoltenberg.

Bundan tashqari, alyansda qurol-yarog‘lar, jumladan, yadro qurollari, o‘rta va yaqin masofaga uchadigan raketalar ustidan nazorat o‘ratish bo‘yicha jiddiy suhbatlashib olish zarurligi” aytilmoqda.

"Bu masalalarni Rossiya-NATO Kengashida batafsil muhokama qilish uchun ittifoqchilarni va Rossiyani qator uchrashuvlar o‘tkazishga taklif qildim. Ittifoqchilar uchrashuvlarga tayyor", - dedi Stoltenberg.

Vaziyat hali yumshamayapti

Tomonlar muammolarning muskullarni ko‘rsatib emas, aksincha siyosiy muzokaralar yo‘li bilan hal qilinishini qayta-qayta ta’kidlayotganiga qaramay, Ukraina-Rossiya chegara hududlarida vaziyat hamon keskin bo‘lib turibdi. Hech bir tomon ushbu vaziyatda yon berishni ma’qul ko‘rmayapti.

AQSH yaqin kunlarda Ukrainaga xavfsizlikni ta’minlash sohasida yordam berish doirasida yana yangi qurollar partiyasini yuborishini ma’lum qildi.

AQSH davlat kotibi Entoni Blinkenning bayonot berishicha, "uch partiya mudofaa harbiy yordam shu haftada Kiyevga yetib keladi, keyinchalik harbiy yordam davom ettiriladi", - degan u.

Blinkenning ta’kidlashicha, Vashington o‘tgan yili Ukrainaga har qachongidan ham ko‘p harbiy yordam yetkazib bergan. Qolaversa, AQSH Ukraina iqtisodiyotini inqiroz davrida qo‘llab-quvvatlashning turli variantlarini ham ko‘rib chiqmoqda, deydi Blinken.

"Biz Ukrainaning iqtisodiyoti va moliyaviy sharoiti ushbu inqiroz ta’sirida qolayotganini yaxshi bilamiz. Shuningdek, Ukrainaning xavfsizligini mustahkamlash bilan bir qatorda, biz uning iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash variantlarini ham o‘rganmoqdamiz. Yevropalik ittifoqchilarimiz va sheriklarimiz ham xuddi shunday yo‘l tutmoqda", - dedi Blinken.

Ukraina NATOga a’zo bo‘lmasa keskinlik yumshaydimi?

Bu haqda Rossiya xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev shunday deydi: Ukraina NATOga a’zo bo‘lmasligi mumkin, lekin alyansga a’zo mamlakatlarining biri bilan ikki tomonlama shartnoma asosida hududiga hujumkor qurollarni joylashtirishi mumkin, dedi u Rossiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalari, jumladan RIA Novostiga bergan intervyusida.

"Gap NATOning kengaymasligida ham emas, garchi, bu juda muhim sanalsada. Gap shundaki, mening fikrimcha, xavfizlik kafolati boshqacha tartibda berilishi kerak. Ukraina NATOga umuman taklif qilinmasligi ham mumkin, lekin qurollar uning hududiga boshqacha yo‘l bilan baribir joylashtiriladi.

"Ikki tomonlama bitimga ko‘ra, hujum qurollari, raketalar Ukraina yoki boshqa bir mamlakat hududga joylashtirilishi mumkin va biz NATO emasmiz, Bu AQSH bilan Ukraina yoki Buyuk Britaniya bilan Ukraina o‘rtasida ikki tmonlama shartnoma asosida amalga oshirilyapti, bunga NATOning aloqasi yo‘q" deyilishi mumkin", - deydi Medvedev.

Voqealar rivoji bundan keyin qanday kechishi haqida hech kim aniq bir fikr bildira olmayapti. Shunga qaramay, so‘nggi paytlarda ko‘plab ommaviy axborot vositalari o‘zlarining birinchi sahifasini AQSH va NATOning Rossiya ilgari surgan xavfsizlik kafolati bo‘yicha taklifiga javobi haqidagi xabarlar bilan to‘ldirmoqda.

Umidsiz bashoratlar

Masalan, Amerikaning New York Times gazetasining yozishicha, AQSH ma’murlari yevropalik hamkasblari bilan 180 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazgan. Nashrning ta’kidlashicha, bunday statistikalar Rossiyaga qaytarilgan javob AQSH bilan ittifoqchilari o‘rtasida to‘liq sherikchilikda ishlab chiqilganiga ishoradir.

Muzokara yakunlariga baho berar ekan, mazkur nashr muzokaralarni davom ettirishga va’da berishdan nariga o‘tilmaganini yozgan. Gazetaning yozishicha, garchi, ikki tomon ham “deeskalatsiyani istayotganini” ta’kidlaganiga qarmay, Moskva bilan Vashington o‘rtasidagi "dahanaki tortishuvlar" faqat kuchaymoqda.

Gazetaning xulosa qilishicha, masalani diplomatik hal qilish yo‘li ko‘rinmayapti, chunki Moskva NATOdan qo‘shinlarini mintaqadan olib chiqishni so‘rayotgan bo‘lsa, Amerika tomoni avval boshdan ushbu talab bajarilmasligini ta’kidlagan edi.

Washington Post ham voqealarning kelgusi rivoji “qorong‘u” ekanini ta’kidladi. Hatto, Jo Bayden ma’muriyatining yana bir bor “diplomatik yechim bor”, deb bergan bayonotiga qaramay, yechim ko‘rinmayotganini yozgan.

Politico nashri esa, e’tiborni mazkur hujjat vaziyatni deeskalatsiya qilishga imkon bera oladimi, degan masalaga qaratdi. Bunga sabab sifatida Vashington Moskvaning "asosiy talablariga javob bermaganini" aytishmoqda.

Ispanining Pais gazetasi NATO va AQSHning Rossiya taklifiga bergan javobidan keyin Yevropa sharqida xavfsizlik masalasi bilan bog‘liq inqiroz yangi bosqichga chiqayotganini yozmoqda.

Gazetaning fikricha Blinken muzokaralar uchun eshiklarni ochdi. Bu mazkur hujjat ikki tomon ham umumiy xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida birgalikda harakat qilishi mumkinligiga ishora qilgani ko‘rsatadi.

Xullas, umumiy xulosa chiqariladigan bo‘linsa, Yevropaning ham, Amerikaning ham nashrlari inqirozning kelgusi rivoji "qorong‘uligicha” qolayotganini ta’kidlasa-da, diplomatiya imkoniyatlari hali tugamaganligini ta’kidlashmoqda. Bu ta’kidlar qanchalik to‘g‘riligini voqealar rivoji ko‘rsatadi.

 

Internet materiallari asosida S.Rahimov tayyorladi, UzA