Buxoro viloyati Romitan tumani bo‘yicha 194 ta terim otryadiga birlashgan mahallalarning uyushmagan aholisi, fidoyi yoshlar otryadlari, fermer xo‘jaligi a’zolaridan iborat terimchilarning qilgan mehnati natijasida ko‘zlangan xirmon yaratildi.
Viloyatda ikkinchi bo‘lib 41 ming 600 tonnalik reja ortig‘i bilan 100,1 foizga uddalandi. O‘tgan yilga nisbatan har gektaridan 5-6 sentnerdan yuqori hosil olishga erishildi.
Bugungacha fermer xo‘jaliklarining 85 foizi marraga yetib kelgan bo‘lsa, ularning aksariyati birinchi terimdayoq va’dani bajardi.
Mavsum davomida terim pulini o‘z vaqtida uzluksiz yetkazib berish chorasi ko‘rildi. Hasharchilarni rag‘batlantirish maqsadida mavsum davomida ilg‘or terimchi hamda otryad rahbarlariga tuman hokimligi va qator davlat, jamoat tashkilotlarining qimmatbaho sovg‘alari berib borildi.
Agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli bajarilgani tufayli dalalarda ko‘zni quvontiradigan mo‘l hosil yaratildi.
Tuman paxtakorlari faqat shartnomani bajarish bilan cheklanib qolmay, daladagi hosilni so‘nggi misqoligacha yig‘ib-terib olishni niyat qilgan.
Zarif Komilov, O‘zA