Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Romitanlik pillakorlar 225,5 tonna pilla yetishtirdi
17:32 / 2023-05-19

Romitanlik pillakorlar viloyatda ikkinchi bo‘lib pilla rejasini ortig‘i bilan bajardi. Buxoro viloyati Romitan tumani pillakorlari joriy yil bahorgi mavsumda 3099 quti ipak qurti boqdi. Natijada 225 tonna pilla xom-ashyosi yetishtirish rejalashtirildi. Yil boshidan 1937 nafar kasanachi va zvenolar bilan shartnoma tuzildi. Tumanda yuqori hosildorlikka erishish va sifatli pilla xom-ashyosi yetishtirish maqsadida tajribali mutaxassislar bilan maslahatlashildi. Joriy yil 5 mart kuni Xitoy davlatidan keltirilgan 3099 quti sifatli ipak qurti urug‘i hududlardagi 7 ta inkubatorda jonlantirildi.

Qurt boqish mavsumi davomida hududlarga biriktirilgan pilla agronomlari kasanachilarga o‘zlarining maslahatlarini berib bordi. Sifatli boqilgan ipak qurtlari 22-24 kun ichida pilla o‘rashga kirishdi. Yetishtirilgan pillalarni 8 may kunidan pilla qabul qilish maskaniga topshirish boshlandi.  

Shartnomaga asosan tuman kumush tola ijodkorlari o‘zlarining mardonavor mehnatlari evaziga yuqori natijalarga erishdi. Tumandagi “Fayzi Qurbon”, “Chelong‘u”, “Sho‘rcha” va “Yangiobod” hududlari pilla topshirishda peshqadamlar safida bo‘ldi. Kasanachilardan Habiba Choriyeva 2 qutidan 172 kg, Nasiba Sattorova 1,3 qutidan 105 kg, Sevar Norova 1,5 qutidan 126 kg sifatli pilla topshirib, tuman xirmoniga munosib hissa qo‘shdi.  

Yakunda pilla yetishtirish bo‘yicha shartnomaviy reja 100,2 foizga bajarildi. Rejadagi 225 tonna o‘rniga 225,5 tonna pilla xom-ashyosi yetishtirildi.  

Zarif Komilov, O‘zA