French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Romitanlik ayol dispetcher
09:57 / 2026-03-06

8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni

Buxoro viloyati Romitan tumanida istiqomat qilayotgan 30 mingdan ortiq aholining tabiiy gaz ta’minoti bilan bog‘liq murojaatlariga tezkor javob berish maqsadida avariya-dispetcherlik xizmati uzluksiz faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ushbu xizmatda faoliyat olib borayotgan 4 nafar ayol dispetcher yilning barcha faslida, sutkaning 24 soati davomida navbatchilik asosida aholiga xizmat ko‘rsatadi.

Dispetcherlar 104 avariya-dispetcherlik xizmati orqali kelib tushayotgan har bir murojaatni e’tibor bilan qabul qilib, muammolarni zudlik bilan bartaraf etish uchun tegishli xizmatlarga yo‘naltiradi. Gaz ta’minoti tizimidagi har qanday nosozlik yoki favqulodda holat aholi xavfsizligiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi bois bu yerda ishlovchi har bir xodimdan katta mas’uliyat, hushyorlik va sabr talab etiladi.

Albatta, har qanday kasbning o‘z mashaqqati bor. Ammo gaz ta’minoti tizimidagi avariya-dispetcherlik xizmati alohida mas’uliyat talab etadi. Chunki bu xizmat orqali nafaqat muammolar hal etiladi, balki aholining xavfsizligi ta’minlanadi. Shu jihatdan qaraganda, Romitan tumanidagi 4 nafar ayol dispetcherning mehnati alohida e’tirofga loyiq.

Suhbat davomida dispetcherlar o‘z kasbidan mamnun ekanliklarini, bu soha ular uchun nafaqat ish, balki mas’uliyatli vazifa ekanini ta’kidlashdi.

– Men 26 yildan buyon gaz ta’minoti tizimida faoliyat yuritib kelyapman. Shu vaqt mobaynida turli vazifalarda ishladim. Har bir lavozimning o‘ziga xos mashaqqati va mas’uliyati bor. Ammo avariya-dispetcherlik xizmatida ishlash ikki karra mas’uliyat talab etadi. Chunki iste’molchidan kelgan murojaatni qabul qilish bilan birga, uning o‘z vaqtida hal etilishi uchun ham javobgar bo‘lamiz. Shu bois navbatchilik vaqtida barchamiz bir maqsad – aholi xavfsizligini ta’minlash va ularning ishonchini oqlash yo‘lida mehnat qilamiz, – deydi gaz ta’minoti tizimida katta tajribaga ega dispetcher Dilorom Xaloqova.

Bu fidoyi ayollar o‘z vazifalarini sidqidildan ado etib, aholining tinch va xavfsiz hayot kechirishiga munosib hissa qo‘shmoqda.  

Zarif Komilov, O‘zA