Buxoro viloyati Romitan tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli, bir vaqtning o‘zida 70 kishiga xizmat ko‘rsatadigan tumanlararo perinatal markazi ish boshladi.
Markazning ochilish marosimida sektor rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, tibbiyot markazi shifokor va hamshiralari, jamoatchilik vakillari hamda nuroniy otaxonlar qatnashdi.


Markaz onalar va chaqaloqlar salomatligini yaxshilashga xizmat qilishi ta’kidlandi. Faollar ishtirokida ramziy tasma qirqildi. Mehmonlar tug‘ruq majmuasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
–Perinatal markazi Romitan, Peshku va Buxoro tumanlaridan kelgan tibbiy xizmat olishga muhtoj homilador, tug‘uvchi ayollar va chaqaloqlarga xizmat ko‘rsatadi, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Jamshid Tohirov. – Perinatal markazni malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida 1 nafar neonatolog shifokor Rossiyaning Sank-Peterburg shahrida malaka oshirib qaytdi. 3 nafar reanimatolog, akusher-ginekolog va neonatolog mutaxassislar Xorazm viloyatida rossiyalik mutaxassislar tomonidan o‘qitildi.
Tantanada Buxoro viloyati hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Askar Bahronov, tuman hokimi Umidjon Barnoyev qatnashdi.



Zarif Komilov, O‘zA