Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Romitanda tumanlararo gemodializ bo‘limi ishga tushdi
09:18 / 2022-09-27

Buxoro viloyati Romitan tumani tibbiyot birlashmasida surunkali buyrak yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatadigan tumanlararo gemodializ bo‘limi (Romitan, Peshku va Buxoro tumanlari) ish boshladi.

– Hozirgi kunda tumanda ushbu kasallik bilan 56 nafar bemor nazoratda turadi. Ular doimiy ravishda dializ muolajalarini olishga muhtoj, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Jamshid Tohirov. – Shu paytgacha bemorlar gemodializ o‘tkazish uchun Buxoro viloyatidagi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida faoliyat ko‘rsatgan gemodializ bo‘limiga yuborilgan. Endi esa ushbu bemorlarga Romitan tumanining o‘zida tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bo‘limga 1 milliard so‘m evaziga Germaniyadan olib kelingan suv filtrlash qurilmasi va 4 ta zamonaviy gemodializ apparati o‘rnatildi. Bo‘limda faoliyat ko‘rsatish uchun shifokor mutaxassislar malakalarini oshirib kelgan 5 nafar soha xodimi bemorlar xizmatida. 

Gemodializ bo‘limining ishga tushirilgani tufayli maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazilgan o‘nga yaqin oliy va tanlov asosida saralangan o‘ndan ortiq hamshira ish bilan ta’minlandi.  

Ichki kasalliklar bo‘limi binosining birinchi qavatida ochilgan mazkur tibbiyot muassasasi tajribali binokor Malohat Ergasheva boshchiligidagi “Imron stroy Klaster” MCHJ jamoasi tomonidan mukammal ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi.  

Gemodializ bo‘limining tantanali ochilish marosimida Buxoro viloyati hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Askar Bahronov, tuman hokimi Umidjon Barnoyev, sektor rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, jamoatchilik vakillari, faxriy shifokorlar, nuroniy otaxonlar qatnashdi.  

 

Zarif Komilov, 
O‘zA