English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Romitanda “Soliqchi - tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili asosida tang ahvoldagi tadbirkorlarning faoliyati jonlanmoqda
12:17 / 2021-05-13

“Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” tamoyilining ijrosi bo‘yicha Buxoro viloyati Romitan tumanida faoliyat ko‘rsatmayotgan iqtisodiy tang ahvolga tushib qolgan 207 ta korxonaning 100 ga yaqini davlat soliq organlari xodimlarining ko‘magi bilan qayta tiklanmoqda.

Yangidan faoliyat boshlayotgan 10 ta tadbirkorlik sub’ektlariga biznesda faoliyatlarini boshlashlari uchun dastlabki pul mablag‘larini kredit asosida olib berishlarida ko‘maklashildi.

Tumanda issiqxona faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar talaygina. 3 gektar maydonda zamonaviy chet-el andozasi asosida issiqxona barpo qilgan “Hamro Said” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ayni kunlarda tayyor mahsulotni chet davlatlarga eksport qilishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Ushbu korxonaga joriy yil boshida tuman davlat soliq xizmati aralashuvi bilan 3 yarim milliard so‘m kredit mablag‘lari olib berilgan edi. Pirovardida tadbirkor issiqxona faoliyatini boshlab yubordi. Ayni paytda esa 15 nafarga yaqin “Yoshlar” hamda “Ayollar” daftarlariga kiritilgan fuqarolar mehnat qilishmoqda.

Tumanning “Qoqishtivon” MFYda istiqomat qiluvchi Asilbek Ravshanov tadbirkorlik faoliyatini yaqinda boshlagan yosh tadbirkorlardan biri.

-Shu paytgacha qo‘limda sarmoyam yo‘qligi sabab, baliqchilik yo‘nalishidagi biznes g‘oyamni amalga oshirish armon bo‘lib kelayotgandi, -deydi Asilbek Ravshanov. -Buni qarangki, tuman davlat soliq inspeksiyasi mas’ul xodimlarining o‘zlari ishsiz fuqarolar singari menga ham kollektor zovurda baliqchilik biznesini taklif qilib qolishdi. Bundan xursand bo‘ldim. Shundan so‘ng menga 4-sektor hududidan o‘tgan kollektordan bir gektarga yaqin masofa ajratib berildi. Baliq chavoqlari tashlanishigacha ko‘maklashildi.

Bugun ushbu yosh tadbirkorning shashti ancha baland. Uning aytishicha, yaqin kunlarda u ushbu maskanda  yana boshqa biznes g‘oyalarini amalga oshirmoqchi.

Viloyat DSB Matbuot xizmatidan olingan xabarga ko‘ra, Romitan tumani davlat soliq inspeksiyasi mas’ul xodimlari 2021 yilning o‘tgan davrida jami 520 dan ziyod tadbirkorlik sub’ektining turli muammolarini hal etishda amaliy ko‘mak berishgan.  Shundan, dastlabki buxgalteriyasini yuritish bo‘yicha 131 ta korxonaga yordam berildi. Soliq imtiyozlari va ularni qo‘llash tartibini tushuntirish borasida esa 63 ta korxonaga tegishli amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. 5 ga yaqin korxonaga kreditlar ajratilishiga ko‘maklashildi.

Ko‘rsatilayotgan xizmatlar har jihatdan samarali bo‘lmoqda. Asosiysi, tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘maklar natijasida byudjet tushumlarining o‘z vaqtida kelib tushishi hamda qo‘shimcha ishchi o‘rinlari yaratilishiga erishilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA