Buxoro viloyati Romitan tumanida Davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Unda viloyat va tuman sektor rahbarlari, mas’ul idoralar xodimlari keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilganidan buyon ayrim xizmatlar to‘liq qayta ko‘rib chiqildi. Jami 96 ta xizmat soddalashtirildi. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun talab etiladigan hujjatlar soni 164 tadan 78 taga kamaytirildi. Xizmat ko‘rsatish muddati esa 415 kundan 217 kunga qisqartirildi. Dastlab 33 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, hozirda tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlari orqali jami 160 turga yaqin davlat xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.
Tuman hokimligining balansida bo‘lgan foydalanilmayotgan bino 1 milliard so‘m atrofida mablag‘ sarflanib rekonstruksiya qilindi.
Endilikda zamonaviy binoda tuman Davlat xizmatlari markazi, FHDYO va adliya bo‘limlari, Bosh vazir qabulxonasi faoliyat yuritadi. Markaz tomonidan 160 ga yaqin tegishli davlat xizmatlari ko‘rsatiladi.
[gallery-4628]
Shuningdek, binoda tibbiyot xonasi, bolalar maydonchasi, maxsus kassa ham faoliyat olib boradi. Aholining vaqtini mazmunli tashkil etish uchun kitob javoni tashkil etilgan. Kitob javonida siyosiy, huquqiy, ma’rifiy, yuridik adabiyotlar mavjud.
bugungi kunda Romitan tumani Davlat xizmatlari markazining Gazli shahar, Qizil Ravot MFY, Gugurtli va Qizilqum aholi punktlarida jami 4 ta filial. faoliyat yuritib kelmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida ushbu filiallar orqali aholiga 3 mingga yaqin xizmatlar ko‘rsatilgan.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Romitan tumani Davlat xizmatlari markazi tomonidan 2017 yilda aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar soni 1 ming 760 tani, 2018 yilda 21 ming 845 tani, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 22 ming 437 tani, 2020 yilda 28 ming 364 tani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida esa 24 ming 581 tani tashkil etmoqda.
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA