O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati “International Management Group”(IMG) kompaniyasi va Italiyaning “Roma” futbol klubi vakili Karlos Perez bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida Karlos Perez Eldor Shomurodov misolida O‘zbekistonda ko‘plab iqtidorli futbolchilar mavjudligi, ular jahon maydonlarida o‘z iste’dodlarini ko‘rsatib kelayotganligini e’tirof etdi.
Bundan tashqari, “Roma” klubi akademiyasini O‘zbekistonda tashkil etish imkoniyatlari, o‘zbekistonlik futbolchi hamda murabbiylarning Italiyada malaka oshirishni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, “Roma” klubining marketing tizimini o‘rganib chiqib, O‘zbekistonda amaliyotga tatbiq etish taklifi ilgari surildi.
O‘z navbatida O‘FA mutasaddilari Yevropaning yetakchi chempionatlari va klublarida O‘zbekiston brendini ilgari surish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi. Karlos Perez kelajakda bu kabi istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga doimo tayyor ekanligini aytib o‘tdi.
Shu o‘rinda aytish joizki, IMG sport tadbirlarini tashkil etish, menejment, marketing kabi bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Hozirda mazkur kompaniya zamonaviy futbolni rivojlantirish borasida ko‘plab mamlakat va klublar bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
O‘zA