French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Roksana Xudoyorova Fransiyada kumush medalni qo‘lga kiritdi
10:51 / 2022-05-30

Mahoratli yengil atletikachimiz, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Sport markazi sportchisi, Qurolli Kuchlar xizmatchisi Roksana Xudoyorova Yevropada yana bir xalqaro musobaqada ishtirok etdi.

Bu safar vakilamiz Fransiyaning Forbak shahrida tashkil etilgan “Meeting international de Forbach” turnirida shohsupaga ko‘tarildi.

Roksana Xudoyorova bu gal ham o‘zining sevimli uch hatlab sakrash yo‘nalishida qatnashdi. Turnir ochiq havoda o‘tgan bo‘lsa ham, bellashuvlar vaqtida havo haroratining +11 darajaga tushib ketgani atletlar uchun noqulaylik tug‘dirdi.

Natijalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, "Tokio – 2020" ishtirokchisi Roksana Xudoyorova medallar uchun Olimpiada finalchilari bilan raqobatlashdi. Yakunda 13,42 metr natija bilan hamyurtimiz kumush medalga sazovor bo‘ldi. G‘oliblik 14,14 metrga sakragan finlyandiyalik Kristina Makelaga nasib etgan bo‘lsa, mezbon Rugi Diallo 13,31 metr bilan kuchli uchlikni yakunlab berdi.

Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu Roksana Xudoyorova uchun so‘nggi besh kun ichidagi uchinchi start bo‘ldi. Avstraliyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazgan atletimiz 25 may kuni Gretsiyada, 27 may kuni Polshada o‘tgan xalqaro musobaqada beshinchi o‘rin bilan kifoyalangan edi. Bunday tig‘iz taqvimdagi ishtirokiga vakilamiz quyidagicha izoh berdi:

"Besh kun ichida uchta mamlakatdagi musobaqada qatnashish juda murakkab. Beshta parvozdan so‘ng barqaror natijalar ko‘rsatganimdan ko‘nglim to‘ldi. Deyarli mudroq va horg‘in holatda, murabbiylarsiz bir o‘zim murakkab yo‘lni bosib o‘tdim. Endi yanada katta g‘ayrat bilan keyingi startlarga tayyorlanaman”.



O‘zA