Tan olaylik, biz jurnalistlar ham iqtisodda erishilgan ulkan raqamlarni sharhlab, yutuqlarga mahliyo edik. Lekin o‘shanda aholining talaygina qismi xonadonida toza ichimlik suvi yo‘q, ichki yo‘llar qishda loy, yozda chang edi.
Prezidentimizning “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori go‘yo qaqragan cho‘lga qayta hayot bag‘ishlagandek bo‘ldi. Birgina Farg‘ona viloyatidagi 229 ta mahallaga 900 kilometrdan ortiq toza ichimlik suvi tortilyapti ayni chog‘da. Buning uchun 430 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Quvadagi Gulobod mahallasi ularning biri.
–Prezidentimizning qaroriga asosan Gulobod mahallasiga 3,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 10 kilometr ichimlik suvi tortilyapti. Hozirgacha uning 7 kilometrida ishlar bajarildi, – deydi “Gulobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nabijon Mamarasulov.
“Farqurilishmontaj” MCHJ ishchi mutaxassislari kunu tun demay tezkorlik bilan loyihaga asosan xandaq qazishyapti, quvurlar payvandlanib tortilmoqda. Ammo ish shoshma-shosharlik bilan bo‘layotgani yo‘q. Jamoatchilik, qolaversa shu sektor mas’uli – tuman prokuraturasi vakillari har bir jarayonni nazorat qilib bomoqdalar.

Gulobodliklar hali ham chelak, konister va boshqa idish ko‘tarib yurganlarini ko‘rasiz. Ha, ular hozirgacha suv tashib kelishyapti. Ammo aholining kayfiyati chog‘. Shundoq hovlilari oldida yangi quvur tortayotganlarni quvvatlab turishadi. Chunki bilishadiki, bu kunlar erta-indin tarixga aylanadi.

–Men shu xonadonga kelin bo‘lib tushganimga 30 yil bo‘ldi, – deydi shu ko‘chada yashovchi Rohatoy Olimova. – Uch nafar farzandimiz bor. 30 yildan buyon bir kilometr naridagi quduqdan suv tashib kelamiz.

–Mana endi Prezidentimizning qarori chiqqan ekan, juda hursandmiz. Ko‘chamizga suv keldi. Suv tashishdan qutuldik, deya suyunib yuribmiz, – deydi qo‘shni xonadonlik Maxfiratxon Valiyeva.
Ilgari biz jurnalistlar falon mahallada ichimlik suvi yo‘q, falon ko‘chalar umuman asfalt ko‘rmagan deb yoza, ko‘rsata olmaganimiz ham haqiqat. Bugun bu haqida O‘zbekiston Prezidenti aytmoqda va muammo yechimiga qaratilgan chin ma’nodagi hayotbaxsh qaror ham qabul qildi. Xalq o‘zgarishlarni quvonch bilan qarshi olyapti.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/5kC6ljSIhAY" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov(video)
O‘zA