FOTOREPORTAJ
Qarshi shahridagi Rog‘uzar mahallasining obodligi yo‘lida olib borilayotgan ishlar nafaqat moddiy, balki ma’naviy qadriyatlarni ham qamrab olgan. Mahallada o‘tkazilayotgan madaniy tadbirlar, an’anaviy bayramlar va xotira kechalari aholining o‘zligini anglashiga, milliy g‘ururini oshirishga xizmat qilmoqda. Keksalarni e’zozlash, yoshlarga murabbiylik qilish kabi ezgu an’analar esa mazkur mahallada mustahkam o‘rin egallagan qadriyatdir.
Mahalla yettiligi, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yolg‘iz qariyalarga ham alohida e’tibor qaratadi. Ularga moddiy yordam ko‘rsatish, tibbiy xizmatlarni tashkil etish va ijtimoiy moslashishlariga ko‘mak berish kabi tadbirlar muntazam ravishda amalga oshirilmoqda.
– Hududimizda uchta drayver yo‘nalish bor – tikuvchilik, qandolatchilik va novvoylik, - deydi Rog‘uzar mahallasi raisi Dilnoza Fayziyeva. – Bu sohalar nafaqat aholi bandligini ta’minlamoqda, balki mahallaning iqtisodiy hayotiga ham katta hissa qo‘shayotir. Tikuvchilik sexlarida ko‘plab ayollar ish bilan ta’minlangan, ular o‘z mehnati orqali oilasiga daromad keltirmoqda. Qandolatchilik esa yoshlar orasida juda mashhur – ular yangi retseptlar, milliy va zamonaviy shirinliklarni yaratib, aholi dasturxoniga yetkazib bermoqda.
[gallery-27201]
Mahalla yettiligi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun banklar bilan hamkorlik o‘rnatgan. Bundan tashqari, yoshlarni kasb-hunar kurslariga jalb qilish orqali ularni tikuvchilik, qandolatchilik va novvoylikka o‘rgatish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Rog‘uzar mahallasining kelajagi porloq. Mahallada amalga oshirilayotgan har bir ish, har bir tashabbus kelajak avlod uchun mustahkam zamin yaratishga qaratilgan. Yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, tadbirkorlarning faoliyat yuritishi va aholining farovon hayot kechirishi uchun esa barcha sharoit yaratilmoqda.
Jamshid NORQOBILOV (surat), O‘zA