Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Robot texnologiyasi bo‘yicha hamkorlik aloqalarini kengaytirishga kelishildi
13:44 / 2023-10-21

Tibbiyot xabarlari

Sog‘liqni saqlash vaziri boshchiligidagi delegatsiya Germaniyaga xizmat safari davomida Frayburg universiteti klinikasi direktori bilan muloqot qildi.

Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, uchrashuvda nemis ta’lim standartlari bo‘yicha yurtimizda tibbiyot mutaxassislari tayyorlash, ularning malakasini oshirish, sohada ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda ilg‘or diagnostika va davolash usullarini joriy qilish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, onkologiya, urologiya, umumiy jarrohlik, robot texnologiyasi, yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlik aloqalarini kengaytirishga kelishildi.

O‘zbekistonlik shifokorlar Samara davlat tibbiyot universitetining xalqaro markazida malaka oshiradi

Poytaxtimizda “Neyropsixiatriyada diagnostika va davolashning innovatsion yondashuvlari: aholining zaif qatlamlariga e’tibor va professional hamkorlikning afzalliklari” xalqaro ilmiy-ta’lim loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida tashkil etilgan o‘quv kurslarining ochilish marosimida tibbiyot oliygohlari, hududiy tibbiyot muassasalari mas’ullari, psixiatriya sohasidagi yetakchi olim va ekspertlar hamda Rossiya Federatsiyasining Samara davlat tibbiyot universiteti vakillari ishtirok etdi.

Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan O‘zbekiston psixiatrlar assotsiatsiyasi va Samara davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan mazkur loyiha zamonaviy psixiatriya, narkologiya, psixofarmakoterapiya, psixoterapiya, tibbiy psixologiya, psixiatriya va narkologik yordamni tashkil etishning dolzarb masalalari yuzasidan o‘zaro fikr va tajriba almashishga qaratilgan.

Qolaversa, loyihaga ko‘ra yosh olimlarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, sohadagi dolzarb muammolarning ilmiy jihatdan yechimini topishga ko‘maklashish nazarda tutilgan.

Tadbirda Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Samara davlat tibbiyot universiteti o‘rtasida psixiatriya va narkologik yordam, birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, mahorat darslari va anjumanlar tashkil etish, telemeditsina kabi yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha bitim imzolandi.

Shuningdek, kelgusi yili 20 nafar o‘zbekistonlik shifokorni malaka oshirish uchun Samara davlat tibbiyot universitetining Neyropsixiatriya xalqaro ilmiy-ta’lim markaziga yuborish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, ushbu loyiha yakunida eng faol uch nafar qatnashchi 2024 yilda Samarqanddagi Psixiatriya maktabida o‘qish uchun grant olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.    

Ruhiy salomatlikning dolzarb masalalari  

Poytaxtimizda gibrid formatda o‘tkazilgan “Zamonaviy dunyoda ruhiy salomatlik va farovonlik” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari mas’ullari, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va talabalari, shuningdek, Rossiya, Ozarbayjon, Fransiya, Shveysariya, Italiya, Germaniya, Vengriya, Gruziya, Hindiston kabi qator xorijiy mamlakatlarning yetakchi olimlari ishtirok etdi.

Tadbirda ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolarning oldini olish, ruhiy kasalliklarni erta tashxislash va davolash, psixofarmakoterapiyaning eng zamonaviy usullari, neyropsixiatriya sohasidagi ilmiy faoliyatga sun’iy intellekt va zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, anjuman doirasida sho‘ba yig‘ilishlari hamda poster ma’ruzalar seksiyasi tashkil etilib, unda yosh olimlarning ilmiy izlanishlari natijalari taqdim etildi.

Malaka oshirish kurslari tashkil etildi

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida kadrlar malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. 09-21 oktyabr kunlarida ham markazda “Yirik bo‘g‘imlar patologiyasida zamonaviy yuqori texnologiyali total endoprotezlash usullari” mavzusida malaka oshirish kurslari tashkil etildi. Unda 5 nafar mutaxassis hozirgi kunda eng zamonaviy va dolzarb hisoblangan yirik bo‘g‘imlar kasalliklarini total endoprotezlash usullari yordamida davolash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini oshirdi.  

Sikl yakunida o‘quv dasturi bo‘yicha ta’lim olgan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.  

“Sog‘liqni saqlash vaziri kubogi – 2023" sport musobaqalarining respublika bosqichi o‘tkazildi

Sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlari o‘rtasida sport turlarini keng ommalashtirish hamda ularni rag‘batlantirish maqsadida shu yil sentyabr oyidan “Sog‘liqni saqlash vaziri kubogi – 2023" musobaqalari o‘tkazildi.  

Mini-futbol, stol tennisi, shaxmat va shashka bo‘yicha bo‘lib o‘tgan ushbu bellashuvlarning hududiy bosqichlarida eng kuchli jamoa va ishtirokchilar saralanib, respublika bosqichiga yo‘l olgan edi.

Poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida “Sog‘liqni saqlash vaziri kubogi – 2023" sport musobaqalarining respublika bosqichida mamlakatimiz sog‘liqni saqlash muassasalari xodimlaridan tarkib topgan 32 ta jamoa mini-futbol bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.

Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy kechgan musobaqa so‘ngida final bosqichiga yo‘llanma olgan ikkita eng kuchli jamoa bosh sovrin – vazir kubogi uchun kurash olib bordi.

Tibbiyot muassasalari milliy reytingda yuqori o‘rinlarni qayd etdi

“InnoWeek.Uz-2023" xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida  2022 yildagi faoliyati samaradorligi ko‘rsatkichlari bo‘yicha mamlakatimiz tibbiyot oliy ta’lim muassasalari reytingi e’lon qilindi.  Unga ko‘ra, eng yuqori natijalarni quyidagi OTMlar qayd etdi:

Buxoro davlat tibbiyot instituti

Toshkent tibbiyot akademiyasi

Toshkent davlat stomatologiya instituti

Toshkent farmatsevtika instituti

Samarqand davlat tibbiyot universiteti

Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti 

oshkent pediatriya tibbiyot instituti

Andijon davlat tibbiyot instituti

Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti.

Yurtimizdagi akademik litseylarning 2022 yildagi faoliyat samaradorligi bo‘yicha umumiy reytingida esa Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi yuqori natija qayd etib, 3-o‘rinni egalladi.

Respublika terapiya va tibbiy reabilitatsiya markazi ilmiy tashkilotlar reytingida 2-o‘rinni qayd etdi.

 

M.Qosimova tayyorladi,

O‘zA