Sun’iy intellektli chat-bot dasturi jurnalistning o‘rnini bosa oladimi?
“Axel Springer” Media guruhiga qarashli AQSH Virjiniya shatati Arlington shahrida chop etiladigan “Politico” gazetasi, Germaniyada ko‘p ming nusxada bosib chiqariladigan “Die Welt” va “Bild” gazetalari kuchli aks-sado berishi kutilayotgan shov-shuvli bir voqea arafasida turibdi.
Jamoada sun’iy idrok (intellekt)li chat-bot ChatGPT (suhbatdosh bilan dialog rejimida muloqot qila oladigan sun’iy intellektli elektron dastur) – robot-jurnalistlarni gazeta ishlab chiqarishga jalb etish evaziga xodimlar sonini keskin qisqartirish ko‘zda tutilmoqda.
Pirovard maqsadi inson o‘rnini egallashga qaratilgan sun’iy idrok g‘oyasi kelajagini hali aniq tasavvur qila olmaymiz, ammo ayni jarayon ko‘z oldimizda sodir bo‘lmoqda.
Sun’iy intellekt jurnalistikaga ham dadil kirib kelyapti. Ayrim ommmaviy axborot vositalari, jumladan, Germaniyaning eng yirik “Bild” gazetasi hamda Amerikaning siyosiy jurnalistikaga ixtisoslashgan “Politico” media tashkiloti shu kunlarda jurnalistlar xodimlarni sezilarli darajada qisqartirish taraddudini ko‘ryapti. “Gvardian” gazetasi xabar berishicha, jonli jurnalist ishi endi elektron chat-bot zimmasiga yuklanadi.
Germaniya media guruhi Bosh direktori Matias Dyopfnerning aytishicha, jurnalistlarni jonli tartibda ishlaydigan, savolingizga javob berib, fikr bildirib, muloqotga kirisha oladigan sun’iy idrok bilan “qurollantirilgan” tizimga almashtirish rejalashtirilmoqda. Gazeta noshirlari jurnalist ishini bajara oldigan, bugungi daromadiga nisbatan ancha ko‘p foyda keltiradigan chat-botlarni ishga tushirib, xodimlar sonini qisqartirib, o‘z korxonalarini raqamli media kompaniyaga aylantirish niyatida.
Janob Dyopfner yana shunday deydi: g‘oyaviy, siyosiy senzura, yuqoridan beriladigan buyrug‘-u buyurtma nimaligini bilmaydigan qurilma jurnalist o‘rniga kelib, uning ishini bajaribgina qolmay, yot g‘oya, hukmron mafkura, tashqi muhitning salbiy ta’siridan ham xoli bo‘ladi, shu tariqa asl ma’nodagi sof, haqiqiy demokratik mustaqil jurnalistikaga asos solinadi.
Mutaxassislar bugungi kun jahon OAV faoliyatida, professional jurnalistikada sifat o‘zgarishiga olib keladigan inqilobiy o‘zgarish yuz berishini bashorat qilishyapti:
– Ishini, kelajagini o‘ylaydigan noshir, muharrir, jurnalist, media-biznes odami buni hisobga olmasligi mumkin emas. Bundan buyon faqat tesha tegmagan gapni topib aytib, fikrni noyob tajriba, teran aql, chuqur va dadil mantiqli tahlil bilan boyitib qog‘ozga tushiradigan, maqolaga barchaning diqqatini jalb qilib, mushtariylarni mahliyo qila oladigan jurnalist, ijodkorgina OAV olamida faoliyat yurita oladi.
Ayni payt jurnalistikada sun’iy idrokning hozircha tishi o‘tmaydigan, aqli yetmaydigan (joni bo‘lganda, bu gap uchun undan uzr so‘ragan bo‘lar edik) jihatlar ham mavjud.
Deylik, boy maxsus bilim, qolaversa, odob talab qiladigan nozik diniy mavzular, shunga asoslanadigan sharq yoki g‘arb ma’naviyati masalasi, terror, giyohvandlik, reaksion mafkura, millatlar aro bahs va nizo, davlatlar o‘rtasidagi chegara muammosi, qirg‘in-barot urushni sun’iy intellekt yordamida xolis, ob’ektiv yoritib bo‘larmikan, degan xayolga borasan, kishi. Bu holat ob’ektivlik, xolislik, betaraflik ta’minlanmasligidan tashqari, aytayotgan gapi, fikri, ilgari surayotgan g‘oyasi uchun javobgarlikdan o‘zini chetga olish emasmikan?
Axir, matn yozayotgan, ovoz, ohang, undalma, nutq, shovqin bilan materialni boyitayotgan sun’iy idrokka aql o‘rgatib, uqtirib, uni javobgarlikka tortib bo‘ladimi?!
Jurnalist e’lon qilayotgan ma’lumot, ilgari surayotgan g‘oya, fikr-mulohaza ma’lum bir shaxsga taalluqli va buning uchun muallif qonun, hamkasblari va jamiyat oldida mas’ul, javobgar.
Yana bir muhim jihat: sun’iy idrokning taraqqiyot strategiyasi uchun etika me’yori, odob-axloq reglamenti zarurligi qayd etilyapti. Bu gazeta egasi, noshirda xavotir uyg‘otib, uni jiddiy tashvishga solmoqda. Sababi, xohlaymizmi, yo‘qmi, robot ishining natijasi uchun OAV egasi, yuridik shaxs – jonli odam javob beradi. Biror muammo chiqqanda mas’uliyatni kim bo‘yniga oladi? Axir, aksariyat davlatlarning OAV to‘g‘risidagi qonunlarida urush, axloqsizlik, giyohvand moddalarni targ‘ib qilish, davlat sirini ochish, kimningdir izzat-nafsiga tegish, insonni haqoratlash uchun jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan.
To‘g‘ri, elektron chat-bot har qanday mavzudagi axborotni professional jurnalistga qaraganda tez va soz, tomonlar manfaatini hisobga olgan holda ob’ektiv, e’tirozga sabab bo‘lmaydigan tarzda mukammal, so‘l-o‘ngga og‘ishmay to‘g‘ri, xolisona bita oladi. Binobarin, qalb qo‘ri, dil mehri, ta’bir joiz bo‘lsa, yuraq qoni bilan yozilishi kerak bo‘lgan maqolani biror robot yoza olarmikan?
Masalan, “The European Times News” gazetasi kimgadir qandaydir g‘oyani singdirish, qaysi bir qudratli mamlakat, siyosiy guruh yoki tizim mafkurasini targ‘ib qilish emas, o‘z o‘quvchilariga dunyoda sodir bo‘layotgan yangiliklarni tezkor yetkazib berish, Yevropa aholisini u yoki bu muhim voqea-xodisadan xabardor qilish maqsadida faoliyat yuritadi. Fikrimizcha, mana shunday ommaviy axborot vositasida sun’iy aql joylashtirilgan xolis chat-botdan foydalanishi o‘rinlidir, ehtimol. O‘ta siyosiylashgan, nodemokratik, avtoritar, totalitar davlatlar media makonida esa elektron chat-bot imkoniyati nihoyatda chegaralangan bo‘lishi zarur.
O‘tgan yil oktyabr oyida “The Miami Herald”da 1989 yildan buyon muxbir bo‘lib ishlab kelgan Rene Rodrigis ishdan bo‘shatildi. U gazetaga ko‘chmas mulk bozori haqida maqolalar berib turar edi. Yaqinda gazeta ma’muriyati ushbu faxriy jurnalist bajarib kelgan vazifani sun’iy aql sohibi – elektron chat-bot reportyor zimmasiga yukladi.
Ma’lum qilinishicha, robojurnalist (robot-jurnalist) birinchi ish kunining o‘zidayoq uy sotilishi to‘g‘risidagi 4 ta reklama-maqola e’lon qilgan. Shundan keyin maxsus dastur bilan ta’minlangan, ma’lumotni tez va mukammal tahlil qilish qobiliyatiga ega robojurnalist ikki yarim haftada Florida shtatida ko‘chmas mulk oldi-sotdisiga doir jami 50 dan ziyod material tayyorlab chiqardi. Bu chek-chegarasiz ummon – Internet makonida ma’lumotni ma’lum algoritm asosida izlash, topish, saralash, to‘plash, mavzu va soha bo‘yicha ajratish, tizimlashtirish, tahlil qilish bilan bog‘liq maxsus dastur bilan qurollangan chat-bot – jurnalistning hamkasbi, raqibi bo‘lgan oddiy sun’iy muxbirning ishi edi. Boz ustiga, maqola sun’iy aql tomonidan tahrir qilinar, noto‘g‘ri yozilgan satr, yo‘l qo‘yilgan xato, ortiqcha so‘z yoki jumla esa chat-botda mavjud maxsus dastur tomonidan tahrir qilinib, tushirib qoldirilardi.
Qayd etaylik, sun’iy reportyor lutfi kalomi ila bitilgan maqolalar internetda eng ko‘p o‘qilgan materiallar qatoridan o‘rin oldi.
“Shu yo‘l bilan biz har bir nashr egasi uchun qimmatli, ko‘p daromad keltiradigan material berib borish tajribasini o‘zlashtirmoqdamiz”, deydi gazeta egasi.
Sun’iy idrokli muxbirga har oy avans, maosh, har bir maqolasi uchun qalam haqi – gonorar, yiliga bir marta ta’til puli, tobi qochib qolsa kasallik varaqasi haqi to‘lanmaydi. Boz ustiga chat-bot haftasiga 7 kun, sutkasiga 24 soat tinimsiz ishlashi mumkin. Faoliyatni kuniga 8 soatdan emas, 16-24 soatdan 2-3 smenada tashkil qilish imkoni bor. Jonli xodimning esa o‘ziga xos tabiati, xarakteri, ijtimoiy-siyosiy talabi, siyosiy dunyoqarashi bor. Bularni inkor etib bo‘lmaydi. Ayni jihatlar, o‘z navbatida, kompaniyaning reytingi, yutug‘i va kamchiligini belgilagi mumkin. Nashr egasi ushbu holatlarni hisobga olmasligining iloji yo‘q.
Aytish joiz, AQSH media sanoati olamiga sun’iy aql texnologiyasi kirib kelishi avvalo iqtisodiy omillar bilan bog‘liq. Fikrimiz tasdig‘i uchun bir-ikki raqam keltiramiz. COVID-19 pandemiyasi davrida AQSHda 90 dan ziyod mahalliy gazeta yopildi. Umuman, 2004 yildan bu yog‘iga mamlakatda jami 1800 dan ko‘proq gazeta chiqmay qo‘ydi.
To‘g‘ri, internet dadil rivojlanayotgan, hamma sohada raqamlashtirish jarayoni ketayotgan bir davrda muayyan gazeta chop etilishi to‘xtatilishiga tabiiy hol sifatida qarasa ham bo‘ladi. Binobarin, ayni vaqtda qariyb bir asr – 100 yildan buyon muntazam nashr etib kelingan gazetalar yopilib ketishi Amerikaning uzoq-uzoq hududlari aholisini muhim mahalliy axborotdan mahrum etdi.
Shu ma’noda sutkalab charchoq nimaligini bilmaydigan, kecha-yu kunduzni surishtirmay, tinimsiz mehnat qiladigan, boz ustiga qalam haqi talab qilmaydigan elektron jurnalist shunday og‘ir bir sharoitda ko‘pchilik joniga oro kiradigan, o‘z vaqtida paydo bo‘lgan noyob imkoniyat sifatida qabul qilinmoqda.
OAVda foydalanilayotgan chat-bot-reportyorlar bugungi kunda Internet olamidagi material matnini tahlil qilib, tajribali jurnalistlar uchun endi yozilishi kerak bo‘lgan yangi maqolalar loyihasi, qolipini yaratib, maqola qoralamasini tayyorlamoqda.
“The Washington Post”, “The Guardian”, “Reuters”, “Bloomberg”, “Forbes” kabi shov-shuvli voqea-hodisalar, yangiliklarni zudlik bilan qidirib topish va gazetaning tonggi, tushki yoki kechki sonida yoritishga ixtisoslashgan yirik ommaviy axborot vositalari allaqachon shu ish bilan shug‘ullanmoqda. Aytish joiz, ishga bunday yondashish maqola sifatini oshirib, professional jurnalistlar ishini ancha yengillashtiryapti. Ijodkor original fikri va g‘oyasini tasdiqlash uchun zarur yil, sana, fakt va raqamni qidirishga ketadigan, ko‘pincha mexanik tarzda bajariladigan ishdan ozod bo‘lmoqda. Bu ish endi sun’iy aqlli, jonsiz elektron jurnalist zimmasiga o‘tyapti. Jurnalist endi vaqtini, asosan, voqea-xodisaning asl mohiyatiga, mantiqiy jihatiga, falsafasiga, yarq etadigan original fikr topishga, xalqiga, vataniga xizmat qiladigan mafkura va g‘oyaga, bir so‘z bilan aytganda, haqiqiy ijodga qaratadi. Va muharrirga, gazetaga bir kunda yozilib, shu kuni chop etilib, o‘qiladigan umri bir kunlik materialni emas, balki davr, vaqt va zamon tarixi bitilgan o‘lmas va o‘chmas ijod mahsuli tayyorlab jo‘natadi. Inson, jumladan, jurnalist sun’iy intellekt ish joyimni olib qo‘yadi, meni daromadsiz qoldiradi, deya, ma’lum ma’noda, xavotirda ham. E’tirof etish kerak, ayrim jabhada insonga nisbatan zo‘r, tez va sifatli ishlaydigan elektron hamkasbdan xavotirga tushmaslik ham mumkin emas. Demak, bundan buyon inson sun’iy idrok tabiatida, izn-imkoniyatida bo‘lmagan, uning qo‘lidan kelmaydigan ish qilishi, ana shunday faoliyat bilan shug‘ullanishi kerak, degan qarorga kelasiz. Qarang-a, sun’iy intellekt insonni yanada takomillashishga, yanada puxta ishlashga, yangi pog‘onaga ko‘tarilishga undamoqda. Bu ma’lum ma’noda davr talabiga aylanmoqda.
Robojurnalist bugun gazetada chop etilayotgan yirik va jiddiy maqolaning qisqa mag‘zini o‘zida aks ettiruvchi – birinchi abzatsni ham tayyorlamoqda. Ayrim materiallar ichidan qiziq-qiziq joyini, asosiy fikr yoki mulohazani olib, mustaqil xabar, yangilik yaratmoqda. Elektron mashina sun’iy aql yordamida ma’lum bir raqam, harorat, shamol tezligi, atmosfera bosimi, yog‘ingarchilik bo‘lish-bo‘lmasligi haqidagi ma’lumotni, fakt va raqamni yig‘ib, axborotlarning bir-biri bilan bog‘liqligini o‘rganib, tahlil qilib tezda ob-havo ma’lumotini tayyorlaydigan bo‘ldi. Endi biz chat-bot – sun’iy intellektni sport maydonida musobaqa jarayonini kuzatish, stadionda to‘satdan sodir bo‘lgan vaziyatni o‘rganish, holatga baho berish va shu bilimi asosida reportaj olib borishga o‘rgatyapmiz.
Jurnalistikada muayyan mavzularni his-hayajonsiz, ehtirossiz, sovuq aql bilan yozib bo‘lmaydi. E’tibor berilsa, bu yangilik, texnik imkoniyat boshidan sun’iy intellekt, deb nomlangan. Sun’iy his-hayajon, sun’iy ehtiros haqida gap yo‘q. Robot, chat-bot, sun’iy idrokni inson yaratishi mumkin, yaratyapti ham, lekin haqiqiy ijod asosi, manbasi bo‘lgan dil, ko‘ngil, his-hayajon, ehtiros, jonning Egasi boshqa.
Shpringer media guruhi rahbariyati qancha xodimini ishdan bo‘shatishini hozircha aytgani yo‘q. Boz ustiga reportyor, muxbir, muallif yoki ma’lum sohaga ixtisoslashgan muharrirlar soni qisqartirilmaydi, deya qo‘shib ham qo‘yishdi.
Noshir yana bir gap aytdi: OAV asosiy diqqat-e’tiborni jurnalist surishtiruvi, kutilmagan, lekin mantiqiy asoslangan original sharhlarga qaratishi lozim. Sodir bo‘layotgan muhim voqea asl sababining tagiga yetish, mohiyatni ochish va ko‘pchilik diqqat-e’tiboriga havola qilish esa salohiyatli jurnalistlar zimmasida bo‘ladi.
Qayd etish lozim, Aksel Shpringer jurnalistning asosiy mahsuli bo‘lgan matn yozishda chat-bot dasturidan foydalanayotgan birinchi noshir emas. U o‘zi chop etayotgan gazetalardagi matnning mazmunini yanada boyitish, tilini shirin, maqsad-mazmunini tushunarli qilish, shuningdek onlayn-so‘rov saviyasini oshirish, media-biznes daromadini bugungidan ancha ko‘tarish maqsadida sun’iy intellektdan foydalanish rejasini e’lon qildi.
“ChatGPT” o‘tgan yil noyabr oyida 100 millionli internet auditoriyasini muhokamaga jalb qilib, ular oldiga sun’iy idrokli elektron robot-jurnalistining umumiy ish hajmini belgilash, shuningdek qanday faoliyat bilan shug‘ullanayotgan xodimlarni ishida saqlab qolish, qancha xodimni qisqartirish kabi masalalarni ko‘ndalang qo‘ydi.
Sun’iy intellekt internetdan foydalanuvchilarning oddiy istak-talabiga ko‘ra axborot, reportaj tayyorlash, esse bitish, ishga qabul qilish arizasi matnidan tortib to qofiya to‘qish, she’r yozish, hatto, haqiqiy san’at asari yaratish kabi badiiy ijod mahsulini taqdim etish kabi juda murakkab masalalarni bajarishi mumkinligini isbotladi. Chat-bot – keng ko‘lamli yangi lisoniy model bo‘lib, dastur tizimiga yuklatilgan, deylik, milliard so‘zdan bugun Internetda berilayotgan matnni bemalol yarata olish qobiliyatini namoyon etdi.
Yana bir muhim xususiyati shundaki, chat-bot bisotidagi harf, raqam, belgi va so‘zlardan suhbat, muloqot payti kerak joyda aytilishi lozim bo‘lganini o‘zi topib, o‘zi yozib, sizga havola etadi. Sun’iy idrokning axborotni qidirish, topish, yig‘ish va bir zumda nusxa ko‘chirish imkoniyati, ma’lumotni saqlash qobiliyati kuchli, xotirasining hajmi esa inson bilan solishtirib bo‘lmaydigan darajada ulkan. Axborotni ma’lumoti chek-chegarasiz internet ummonidan qidirib topish tezligiga ham qoyil! Mana endi chat-bot oldiga yangi topshiriq, yanada mas’uliyatli vazifa qo‘yilyapti. Robojurnalist oldida bisotidagi harflardan grammatika, orfografiya, punktuatsiya qonun-qoidalari talabi asosida so‘zlar yasash, bu so‘zlardan jumlalar tuzish va ma’lum janrda jurnalistik material bitish vazifasi turibdi. To‘g‘ri, ayni jarayonda biz hozircha bilmaydigan va tez kunda yuzma-yuz to‘qnash keladigan muammolar ham mavjud. Bunda har bir sohaning tajribali mutaxassislari yordamga kelishi zarur. Shu joyda bir nima yetishmayapti, desak bo‘ladi. U ham bo‘lsa, har bir jurnalistik asarning yutug‘ini, asl qadr-qimmatini belgilaydigan inson nafasi, his-hayajoni, ehtirosi va faqat odamgagina xos bo‘lgan tahlil qilish qobiliyati!
Irismat Abduxoliqov,
O‘zA sharhlovchisi