Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan Inson huquqlari haftaligi doirasida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari R.Mahmudova ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda universitet rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi R.Xolmurodov, Samarqand viloyat sudi raisi O.Hayitov, viloyat sudi sudyalari inson huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tajriba va milliy amaliyot haqida so‘z yuritdi.

Mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’lim har bir fuqaroning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga rioya etilishini ta’minlashda, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Inson huquqlari sohasida ta’lim berish orqali yoshlarning huquqiy ongini yanada oshirish orqali jamiyatda huquqiy madaniyatini yanada oshirish, yoshlar o‘zlarining fuqarolik pozitsiyasini yanada teranroq his etib, unga munosib bo‘lishiga erishish maqsad qilingan.
Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari inson huquqlari sohasidagi ta’lim har bir fuqaroning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

– bugungi talaba ertangi mutaxassis. Sizlar ertamiz egalarisiz. Bu balandparvoz gap emas, ayni haqiqat, – dedi Robaxon Mahmudova talabalarga murojaat qilib. – Sizlarga aytadigan eng asosiy gapim shuki, bugungi ta’lim olish imkoniyatingizdan to‘laqonli foydalanib, puxta bilim oling. Zamonimiz rivojlanib, talablari ham kuchayib bormoqda. Kuchli bilim egasi, o‘z kasbingizning yetuk mutaxassisi bo‘lmasangiz maqsadingizga erisholmaysiz. Bugun faoliyat ko‘rsatayotgan sudyalarning bor-yo‘g‘i 16 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Bu juda kam. Chunki jabrdiyda ayollar ayol sudyalarga dardini ochiqroq aytadi. Talaba qizlarimizga yanada faolroq bo‘lishni, ulkan maqsadlar qo‘yib, intilishini maslahat beraman.

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA