Rizq-ro‘zimiz uvol bo‘lmasin
Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xo‘jaligi joriy yilda 245 gektar yerda g‘alla parvarish qilmoqda. Xo‘jalikda ekinlar payhon qilinishining oldini olishga alohida e’tibor qaratilayotir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 10-dekabrda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligi ekinzorlarining payhon qilinishiga qarshi kurashishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashga Farg‘ona viloyatida ham alohida e’tibor qaratilmoqda.Mazkur qaror ijrosi doirasida viloyat ichki ishlar boshqarmasi o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda tashkil etayotgan reydlar natijasida ekinzorlarning payhon qilinishi holatlarining oldi olinmoqda. Fermerlar ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, uni nest-nobud qilmaslik borasida aniq chora-tadbirlar belgilab olgan.
– Viloyat mirishkorlari joriy yilda 111 ming gektardan ziyod maydonda g‘alla parvarishlamoqda, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklarning oldini olish boshqarmasi katta inspektori Akrom Mahmudov. – Qishloq xo‘jaligi ekinzorlari payhon qilinishining oldini olish borasida maxsus chora-tadbirlar belgilangan. Bu borada davlat va jamoat tashkilotlari bilan izchil hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Olib borilayotgan targ‘ibot-tushuntirish ishlari samarasida keyingi yillarda payhon holatlari keskin kamayishiga erishilmoqda. Ammo amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, ayrim fuqarolarning mas’uliyatsizligi, beparvoligi oqibatida peshona teri evaziga yetishtirilayotgan maysalar payhon qilinib, dehqon manfaatiga zarar yetmoqda, rizq-ro‘zimiz uvol bo‘lmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida bir necha ana shunday holat aniqlanib, tegishli tartibda chora ko‘rildi.
Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xo‘jaligi joriy yilda 245 gektar yerda g‘alla parvarish qilmoqda. Xo‘jalikda ekinlar payhon qilinishining oldini olishga alohida e’tibor qaratilayotir.
– Qishloq xo‘jaligi sohasida 38-yildan buyon ishlayman, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari, "El-yurt hurmati" ordeni sohibasi Lolaxon Murodova. – Bug‘doy parvarishini barcha agrotexnik talablar asosida olib bormoqdamiz. Baravj o‘sayotgan maysalarni ko‘rib, dilim yayraydi. Ilgari ne zamonlarni boshdan o‘tkazmadik. Tongni shomga ulab mehnat qilsak-da yerning, hosilning asl egalari boshqalar edi. Davlatimiz rahbarining chuqur o‘ylangan, oqilona iqtisodiy siyosati tufayli bugungi dorilomon kunlarga yetdik. Shuning uchun yetishtirilayotgan bug‘doyning har bir misqolini nest-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olishimiz, rizq-ro‘zimizning qadriga yetishimiz darkor.
Darhaqiqat, bugun barcha dehqonu fermerlar xalqimiz rizq-ro‘zini yaratish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Zero, bugungi mehnat dasturxonimiz to‘kinligi, bozorlarimiz farovonligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan yanada mas’uliyatlidir.