Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rizq-ro‘zimiz bunyodkori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi xodimlari mehnatini ulug‘lash, soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarish – asosiy vazifamizdir
20:07 / 2017-12-09

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi


Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Hurmatli qishloq xo‘jaligi xodimlari!

Men uchun qadrli bo‘lgan dehqon va fermerlar!

Muhtaram do‘stlar!

Avvalo, siz, azizlarni va sizlar orqali butun xalqimizni yurtimizda birinchi marotaba nishonlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Bugun mana shu muhtasham koshonada yig‘ilgan mirishkor dehqon va fermerlar, suvchi va irrigatorlar, mexanizator va agronomlar, agrar tarmoq olimlari timsolida dunyodagi eng sharafli kasb egalarini ko‘rib turibmiz.

Uzoq yillar rahbarlik lavozimlarida ishlagan inson sifatida mening turli soha vakillari orasida do‘stlarim, tanishlarim ko‘p. Lekin qalbimga eng yaqin insonlar, qadrdonlarimning eng ko‘pi mana shu soha – qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida, desam, ishoninglar, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.

Bu bilan men, albatta, doimo chin dildan faxrlanaman, sizlarni qalbimga, yuragimga eng yaqin va aziz insonlar, deb bilaman.

Chindan ham, hammamiz bolaligimizdan yerga, dehqonchilik va chorvachilikka mehr qo‘yganmiz.

Bu sohaning mehnati qanchalik sharafli, noni esa, qanchalik totli va shirin ekanini barchamiz yaxshi bilamiz.

Dehqon deganda, bepoyon dalalar, bog‘u rog‘lar, dasturxonimizdagi turli noz-ne’matlar, to‘y-tomoshalar, xursandchilik kunlarimiz, butun hayotimiz ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi.

Shu ma’noda, dehqon bu – hayotning baquvvat ustuni, tiriklikning mustahkam tayanchi, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy bobomiz “olam ahlining to‘qligi, quvonchi, avvalo, yerga urug‘ sochib, bebaho noz-ne’mat yetishtiradigan fidoyi insonlar mehnatidandir”, deb mirishkor dehqonlar xizmatiga juda katta baho berganlar.

Mamlakatimizda hamma soha vakillarining bayrami bor. Lekin barchamizni, butun halqimizni boqadigan, kiyintiradigan qishloq xo‘jaligi xodimlarining bayrami shu paytgacha yo‘q edi. Shuni o‘ylab, ochig‘ini aytganda, men sizlarning oldingizda va butun zahmatkash dehqonlarimiz oldida haqiqatdan ham xijolat bo‘lib yurardim. Albatta, bu adolatdan emas edi.

Shuning uchun maxsus qonun qabul qilib, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kunini belgilaganimiz, o‘ylaymanki, hayotimizdagi yana bir adolatli qaror, xalqimizning dilidagi gap bo‘ldi.

Ilgari respublikamizda dehqonchilik mavsumi yakuni bo‘yicha qishloq xo‘jaligi xodimlarining qurultoyi o‘tkazilar edi. Bunday qurultoylarda o‘tgan mavsumda qo‘lga kiritilgan yutuqlar ham, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham batafsil tahlil qilinar, sohaga tegishli yangi rejalar belgilab olinar edi.

Bugun biz nafaqat qishloq xo‘jaligi sohasi, balki butun ijtimoiy-iqtisodiy hayotimiz taraqqiyoti uchun yangi ufqlarni ochib beradigan ana shunday anjumanni – ezgu an’anani qayta tiklamoqdamiz.

Hurmatli do‘stlar!

Hozirgi kunda agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini tahlil qilish va kelgusi yil uchun eng muhim chora-tadbirlarni belgilab olish dolzarb vazifa hisoblanadi.

Fermerlik harakatini rivojlantirish natijasida mamlakatimizda keyingi yillarda 160 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari shakllanib, ular bugungi kunda 10 dan ortiq yo‘nalishlarda samarali faoliyat yuritmoqda.

Eng quvonarlisi, 12 mingdan ziyod fermer xo‘jaligi rahbarlarini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etsa, 6 mingdan ortiq fermer xo‘jaligiga xotin-qizlarimiz rahbarlik qilmoqda.

Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari oxirgi ikki yilda 45 foizga ko‘payib, bugungi kunda ularning soni 75 mingtaga yetdi. Faqat shuning hisobidan joylarda, uzoq-uzoq qishloqlarda yuz minglab yangi ish o‘rinlari barpo etildi.

Olib borilgan iqtisodiy islohotlar, fermerlik harakatining rivojlanishi natijasida joriy yilda mamlakatimiz bo‘yicha 8 million 377 ming tonna g‘alla yetishtirildi.

Sizlarning fidokorona mehnatingiz tufayli 2 million 930 tonnadan ziyod paxta hosili, 12 ming 450 tonna pilla, 318 ming tonna sholi, 23 million tonna meva-sabzavot, 13 million tonna go‘sht va sut mahsulotlari olishga erishdik.

Bu yil birinchi marta g‘alladan bo‘shagan qariyb 1 million gektar maydonga sabzavot, kartoshka, poliz va dukkakli ekinlar ekildi va 5,5 million tonnadan ortiq mahsulot yetishtirildi.

Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, yer-suv resurslaridan yanada oqilona foydalanish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish orqali dehqonlarning daromadini oshirish borasida olib borayotgan tizimli ishlarimiz ham asta-sekin o‘z samarasini bermoqda.

Masalan, joriy yilda 96 ming gektar hosildorligi past maydonlarda paxta va g‘alla o‘rniga 32 ming gektar yerda karam, turli sabzavot va ko‘katlar ekildi va bu maydonlardan olingan minglab tonna mahsulotlar eksport qilindi. Shuningdek, 11 ming gektarda intensiv bog‘ va yangi tokzorlar, 1 ming 500 gektarda issiqxonalar barpo etildi.

Bu borada Ispaniya, Polsha, Niderlandiya, Gretsiya, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Vetnam va Indoneziya davlatlarining ilg‘or tajribasidan keng foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, mamlakatimizda birinchi marta shafran kabi noan’anaviy ekin ekish yo‘lga qo‘yildi, soya ekish kengaydi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 132 ming tonnasi qayta ishlanib, 100 million dollarlik tayyor mahsulot, e’tibor bering, tayyor mahsulot eksport qilindi. 724 ming tonna ho‘l meva chetga sotildi va bu yurtimizga 856 million dollar valyuta keltirdi. Holbuki, ilgari ming-ming tonna turli shirin-shakar mevalarimiz dalada qolib, chirib ketar, isrof bo‘lardi, eng yomoni, uvol bo‘lar edi.

Pillachilikda yuqori hosil olishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan, ammo deyarli yo‘qolib borayotgan an’analar qayta tiklanmoqda. Eng muhimi, qimmatbaho xomashyo bo‘lgan ipak yetishtirishning mutlaqo yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu sohada ishlarni mutlaqo yangi asosda yo‘lga qo‘yish maqsadida “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tashkil etildi. Bu yil mamlakatimizda birinchi marta pilladan yiliga ikki marta hosil olish tajribasi sinovdan o‘tkazildi va ijobiy natija berdi.

Har bir viloyatda pilla xomashyosini qayta ishlab, tayyor mahsulot olish maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari jalb qilinmoqda. Natijada shu yilning o‘zida ipakni qayta ishlashga ixtisoslashgan 10 dan ortiq yangi korxona ishga tushirildi.

Keyingi yillarda chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish dasturlari doirasida baliq, asal yetishtiriladigan, parranda, echki, qoramol boqiladigan ko‘plab xo‘jaliklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Yana bir muhim, ammo keyingi yillarda e’tiborimizdan chetda qolib ketgan masala haqida alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Hozirgi kunda mamlakatimizda yilqichilik tarmog‘i bo‘yicha 15 ta nasl xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 3 ming 150 dan ziyod zotdor ot boqilmoqda.

Zotdor qorabayir otlarini ko‘paytirish va ot sportini rivojlantirish maqsadida Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida yangi yilqichilik kompleksi tashkil etildi. Toshkent viloyatida va yurtimizning boshqa hududlarida ham bunday majmualar barpo etilmoqda.

Umuman olganda, ota-bobolarimiz ardoqlab, parvarishlab kelgan, yaxshi va yomon kunlarida do‘st bilgan qorabayir otlarni millatimizning g‘ururi, desak, arziydi. Farzandlarimiz qalbida mardlik, jasurlik, ona yurtga sadoqat fazilatlarini shakllantirishda undan to‘g‘ri foydalansak, o‘ylaymanki, nur ustiga nur bo‘ladi.

Oxirgi 20 yilda e’tibordan chetda qolgan yana bir tarmoq – baliqchilik sohasini tiklash uchun “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi tashkil etildi. Uning tizimiga 3 ming 600 ta baliqchilik xo‘jaligi kiritildi. Joriy yilda 580 ming gektar maydondagi tabiiy va 28 ming gektar sun’iy ko‘llarda 100 ming tonnadan ortiq baliq yetishtirildi.

Vetnam va Xitoy texnologiyasi asosida intensiv usulda baliq yetishtirish, uni ko‘paytirish, baliq ozuqasi ishlab chiqarish borasida ushbu mamlakatlar bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Yana bir muhim yo‘nalish – asalarichilik sohasini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston asalarichilar uyushmasi tashkil etilib, unga asal yetishtiradigan 14 mingdan ortiq tadbirkor a’zo bo‘lib kirdi.

Bunday salmoqli yutuqlar haqida gapirganda, siz, aziz fermer va dehqonlar, barcha mirishkorlarning fidokorona mehnatingizni, shu soha rivojiga umrini, butun hayotini bag‘ishlagan insonlar nomlarini faxr bilan tilga olamiz.

Ayniqsa, O‘zbekiston Qahramonlari Azim Latipov, Avaz Ergashev, Anorboy Eshmatov, Parda Ziyodov, Sarsenbay Seytnazarov, Do‘stmurod Abdullayev, Isaxon Bahromov, Siyosatxon Abdullayeva, Avaz Hosilov, Gulmat Hayitmetov, Sharifboy Rajabov, Ahmad Narzullayev, Abdumurod Bozorov, Abdurayim Homidov, Patilaxon Ergasheva, Xalchaxon Mirzayeva, To‘ra Narziyev kabi fidoyi yurtdoshlarimiz haqida har qancha gapirsak arziydi.

Sizlarga yaxshi ma’lumki, hozirgi kunda fermer xo‘jaliklari va umuman, qishloq xo‘jaligi sohasi davlatimiz tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, ularga barcha zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

Mamlakatimizda irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarining barcha xarajatlari to‘liq davlat byudjeti hisobidan qoplanmoqda. Bu qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil olishda muhim omil bo‘lmoqda.

Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini suv bilan kafolatli ta’minlash maqsadida har yili davlat byudjetidan 2 trillion so‘mdan ortiq, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun 400 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilmoqda.

Hosildorligi past yerlarda davlat ehtiyojlari uchun paxta yetishtiradigan fermer xo‘jaliklarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat byudjetidan mablag‘ ajratish hajmi yildan-yilga ortib bormoqda. Agar 2008-yilda ushbu maqsadlar uchun 80 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 300 milliard so‘mni tashkil etdi.

Yil davomida qilingan mashaqqatli mehnat, agrotexnik tadbirlarning o‘z muddatida va sifatli o‘tkazilishi natijasida gektaridan o‘rtacha 50 sentnerdan ziyod hosil olgan fermerlar 1 ming 121 tani, 45 sentnerlik marrani egallagan fermerlarimiz 2 ming 130 tani, 40 sentnerchilar 7 ming 208 tani tashkil etdi. Bu paxtachilik bo‘yicha o‘z tajriba maktabini yaratayotgan fermerlar ko‘payib borayotganidan dalolat beradi.

Joriy mavsumda Amudaryo, Buloqboshi, Paxtaobod, Vobkent, Buxoro, Mirishkor, Nishon, Qiziltepa, Mingbuloq, Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Jarqo‘rg‘on, Yuqorichirchiq, Bog‘ot, Xonqa, Qo‘shko‘pir tumanlarida paxtadan mo‘l hosil olindi.

Paxta yetishtirishda yuqori hosildorlikka erishgan Amudaryo tumanidagi “Amudaryo sohili” fermer xo‘jaligi rahbari Islombek Matkarimov, Mirishkor tumanidagi “Turdiali bobo” fermer xo‘jaligi rahbari Abduvohid Begaliyev, Peshku tumanidagi “Fattoyev” fermer xo‘jaligi rahbari Yoqub Fattoyev kabi fermerlar faoliyati tahsinga sazovordir.

G‘allachilik bo‘yicha erishgan yutuqlarimizda Beruniy, Oltinko‘l, Qo‘rg‘ontepa, Do‘stlik, Romitan, Peshku, Shahrisabz, Norin, Ishtixon, Piskent, Oltiariq, Uchko‘prik, Quva tumanlari fermerlari o‘rnak va namuna bo‘ldilar.

Eng asosiysi, bu yil yetishtirilgan g‘allaning 5 million 200 ming tonnadan ortig‘i fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda aholi ixtiyorida qoldirildi. Bularning barchasi dehqonlarimizning omborlari donga, ro‘zg‘orlari qut-barakaga to‘lib borayotgani, ular o‘z mehnatidan katta manfaat ko‘rayotgani, xalqimiz iborasi bilan aytganda, tom ma’noda ularning kosasi oqarayotganining amaliy dalili, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Suv resurslari cheklangan mintaqamizda dehqonchilik qilish, mo‘l va sifatli hosil olish qanchalar og‘ir va mashaqqatli ekanini siz, shu sohaning mohir ustalari juda yaxshi bilasiz. Shuning uchun suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan tadbirlar qo‘llab-quvvatlanib, buning tashabbuskori bo‘lgan xo‘jalik va tashkilotlarga qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar yaratib berilmoqda. Natijada bugungi kunda qariyb 240 ming gektar maydonda ana shunday texnologiyalar, jumladan, 28 ming gektar yerda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilindi.

2017-yilning o‘zida qishloq xo‘jaligi sohasiga oid 5 ta qonun, 20 dan ortiq farmon va qaror qabul qilindi, 2 ta yangi qo‘mita va 3 ta uyushma tuzildi. Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi faoliyati tubdan takomillashtirildi.

Qishloq tumanlarida hokimlarning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy qilindi. O‘zbekiston Fermerlari kengashi O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi sifatida qayta tashkil etildi.

Endi ana shunday o‘zgarishlar amaliy natija va samara berishi uchun barchamiz bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz kerak.

Qadrli do‘stlar!

Shu o‘rinda men bir fikrni alohida ta’kidlashni istardim.

Fermer va dehqonlarimiz qishloq xo‘jaligida asosiy kuch bo‘lib, nafaqat mazkur sohani, balki butun mamlakatimiz taraqqiyotini yuksaltirish, xalqimizning turmush darajasini oshirish, yurtimizni har jihatdan obod va farovon qilishda beqiyos ishlarni amalga oshirayotganini bugun faxr va g‘urur bilan, minnatdorlik bilan qayd etamiz.

O‘zbek dehqonlari ona zaminimizga, muqaddas tuprog‘imizga eng sadoqatli, elu yurt taqdiri uchun chinakam fidoyi insonlardir. Ularning bunday fazilatlaridan barchamiz o‘rnak olsak arziydi.

Aziz fermerlar, dehqon va mirishkorlar!

Qishloq xo‘jaligi sohasida erishayotgan yutuq va natijalarimiz haqida yana ko‘p gapirishimiz mumkin. Lekin yutuqlarga mahliyo bo‘lib o‘tirish, xotirjamlikka berilish bizga yarashmaydi. Chunki qishloq xo‘jaligi sohasida hali ishga solinmagan imkoniyatlar, o‘z yechimini kutayotgan muammo va kamchiliklar ham juda ko‘pligini barchamiz yaxshi bilamiz.

O‘zbekistonni 2017-2021-yillarda yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida barcha sohalar qatori qishloq xo‘jaligini ham modernizatsiya qilish borasida eng muhim vazifalarni aniq belgilab, ularni izchil amalga oshirib borayotganimiz sohadagi ulkan muvaffaqiyatlarga asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bugun sizlar bilan ana shu masalalar haqida ochiq-oydin gaplashib, ularni yechish yo‘llarini aniq belgilab olsak, o‘ylaymanki, ayni muddao bo‘ladi. Bu kelgusi yilda qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlarida yanada yuksak natijalarga erishishimiz uchun puxta zamin yaratadi.

Birinchidan, yerdan unumli foydalanish va uni talon-taroj qilishning oldini olish – eng muhim vazifalardan biridir.

Mamlakatimizda sug‘oriladigan yerlar atigi 3 million 300 ming gektar bo‘lib, uni ko‘paytirishning hech iloji yo‘q. Chunki bizda suv resurslari cheklangan. Aholimiz esa yildan-yilga ko‘payib bormoqda.

Joylarda qat’iy nazorat yo‘qligi oqibatida sug‘oriladigan yerlarni fermerlar va boshqa mutasaddi rahbarlar tomonidan sotish, o‘zboshimchalik bilan egallab olish va talon-taroj qilish holatlari, afsuski, davom etmoqda.

Joriy yilning o‘zida 20 dan ortiq tumanda, jumladan, Bo‘z, Angor, Navbahor, Jomboy, Ohangaron va boshqa tumanlarda sug‘oriladigan yerlar fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan. Bunday noxush holatlarni deyarli barcha viloyatlarda kuzatish mumkin.

Hozirgi kunda mamlakatimizdagi mavjud 700 ming gektarga yaqin lalmi yerning bor-yo‘g‘i 300 ming gektariga g‘alla va moyli ekinlar ekilmoqda.

Qani, aytinglar, qolgan 400 ming gektar yerdan nega foydalanmaymiz?

Bunday maydonlarni o‘zlashtirish, ularni muntazam ravishda dehqonchilik ekinlari ekiladigan yerlarga aylantirish oson bo‘lmaydi, deb o‘tirsak, o‘tiraveramiz.

Holbuki, bugungi vaziyat barchamizdan tashabbus ko‘rsatib, jahondagi ilg‘or tajribalarni chuqur o‘rganish, fidoyilik bilan mehnat qilishni talab etmoqda.

Bunday ezgu ishga qo‘l urgan fermer va dehqonlarimizga biz har tomonlama ko‘mak berishga tayyormiz.

O‘zingizga ma’lum, har qarich yer – davlatning, demakki, xalqimizning bebaho boyligi hisoblanadi. Undan noqonuniy, o‘zboshimchalik bilan foydalanishga hech kimning haqqi yo‘q. Afsuski, ana shu oddiy haqiqatni tushunib yetmagan yoki tushunishni va unga amal qilishni istamayotganlar hamon uchrab turibdi.

“Ergeodezkadastr” qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida joriy yilda 3 ming 600 ga yaqin fermer xo‘jaligi g‘alla va paxtani shartnomada qayd etilganiga nisbatan 19 ming gektar yerga kam ekkani aniqlangan. 833 ta fermer xo‘jaligi esa 13 ming gektar yerda paxta va g‘alla yetishtirish bo‘yicha shartnoma tuzgan bo‘lsa-da, amalda bu ekinlarni umuman ekmagan.

Unumdor yerlarni sotayotgan, noqonuniy tarzda uy-joy qurib olayotgan, shartnomada ko‘zda tutilgan ekinlarni ekishdan bo‘yin tovlayotgan fermerlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘radigan va qonuniy baho beradigan vaqt keldi.

Shuning uchun Bosh vazir o‘rinbosari, qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Zoyir Mirzayev, mutasaddi idoralar va viloyatlar hokimlari bir oy muddatda ana shunday muammolarni to‘liq bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqib, ko‘rib chiqish uchun taqdim etishi zarur.

Ikkinchidan, sug‘orish inshootlari eskirib, tarmoqlar yaroqsiz holga kelib qolgani oqibatida 830 ming gektar yerni sug‘orishda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.

Bundan tashqari, 1 million 300 ming gektar sug‘oriladigan yerning meliorativ holatini yaxshilash, 18 ming kilometr kollektor va drenaj tarmoqlarini bosqichma-bosqich tozalash lozim. Shuningdek, 103 ta yirik, 720 ta o‘rta va kichik suv inshootlari yangilash va ta’mirlashga muhtoj.

2017-2018-yillarda bu tadbirlar uchun davlat byudjetidan 1,5 trillion so‘m, xalqaro moliya institutlarining 150 million dollar mablag‘ini yo‘naltirish rejalashtirilgan. Biroq shularning o‘zi bilan sohadagi mavjud muammolarni to‘liq hal etib bo‘lmaydi.

Shuning uchun Bosh vazir o‘rinbosarlari Zoyir Mirzayev va Jamshid Qo‘chqorov bir hafta muddatda davlat byudjetidan ushbu maqsadlar uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratish va xalqaro moliya institutlarining mazkur loyihalarda yanada kengroq ishtirok etishini ta’minlash bo‘yicha aniq takliflar kiritishi lozim.

Mamlakatimizda yer resurslaridan samarali foydalanish borasida ham ko‘plab ishlarni amalga oshirishimiz zarur. Bu borada suv omborlari tarmog‘ini kengaytirish hisobidan lalmi yerlarni o‘zlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratish kerak.

2018-2019-yillar davomida Toshkent viloyatida jami 44 million kub metr suv yig‘iladigan “Parkentsoy”, “Qizilsoy”, “Toshtepa” suv omborlari quriladi. Shu tariqa Parkent va Ohangaron tumanlarida 5 ming gektar lalmi yerlarni o‘zlashtirish imkoniyati yaratiladi.

Jizzax viloyatining Forish tumanida “Karaman” suv ombori ishga tushirilgach, 20 ming gektar yer o‘zlashtiriladi.

Qashqadaryo viloyatida “Guldara”, “Ayaqchisoy”, Samarqand viloyatida “Bulung‘ur” suv omborlarini qursak, bu qo‘shimcha ravishda 2 ming gektar ekin maydonlarini o‘zlashtirish, 2 ming 300 gektar yerda suv ta’minotini yaxshilash imkonini beradi.

Navoiy viloyatidagi “Sentobsoy”, Namangan viloyatidagi “Qorasuv”, “Ertikan”, “Uychi” suv omborlari qariyb 2 barobar kengaytiriladi.

2018-2019-yillarda irrigatsiya tarmoqlarini rivojlantirish va sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha davlat dasturiga muvofiq, kelgusi ikki yilda 1 ming 86 kilometr uzunlikdagi kanallar betonlashtirilib, 661 kilometr lotoklar yangidan bunyod etiladi. Shuningdek, 109 ta yirik gidrotexnik inshootlar quriladi va yangi nasos stansiyalari o‘rnatiladi.

Ana shu tadbirlarni amalga oshirish natijasida 1 million 200 ming gektar yerning suv ta’minoti yaxshilanadi.

Eng asosiysi, yiliga 1 milliard 700 million kub metr suv tejaladi va 600 ming gektar yerning meliorativ holati yaxshilanadi.

Hammamiz yaxshi tushunamiz, “Erni boqsang, yer ham seni boqadi”, degan maqol bejiz aytilmagan. Sohada katta natijaga erishmoqchi bo‘lsak, birinchi navbatda rizq-ro‘zimiz manbai bo‘lgan yerni boqishimiz, tuproq unumdorligini oshirishimiz kerak.

Uchinchidan, aholini sifatli go‘sht, sut, tuxum va baliq mahsulotlari bilan yetarlicha ta’minlash – eng asosiy vazifalarimizdandir.

Bunga erishish uchun quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratishimiz zarur. 2018-2019-yillarda bank kreditlari hisobidan 145 ta loyiha doirasida qo‘shimcha 35 ming bosh zotdor qoramol boqish yo‘lga qo‘yiladi. Umumiy qiymati 280 milliard so‘m bo‘lgan 80 ta loyiha asosida qo‘shimcha 3 million 200 ming bosh parranda boqishga mo‘ljallangan xo‘jaliklarni tashkil etish kerak. Shuning hisobidan 2018-yilda tuxum yetishtirishni 10 foizga oshirib, uning umumiy hajmini 7 milliard 800 million donaga yetkazish imkoni yuzaga keladi.

Kelgusi yilda baliq yetishtirishni 150 ming tonnaga yetkazish maqsadida 215 milliard so‘mlik 280 ta loyiha amalga oshiriladi, 1 ming 650 gektar sun’iy suv havzalari tashkil etiladi. 25 ta suv omborida Vetnam tajribasi asosida 13 ming tonna, 37 ming gektar sholizorda qariyb 15 ming tonna baliq yetishtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Surxondaryo, Andijon va Namangan viloyatlarida Indoneziyadan keltiriladigan 380 ming dona sermahsul baliq chavog‘ini ushbu mamlakat mutaxassislari bilan hamkorlikda mahalliy iqlimga moslashtirish lozim.

To‘rtinchidan, meva-sabzavot yetishtirishni yanada ko‘paytirish, uni sifatli tarzda aholiga yetkazish va eksport qilish ishlari, afsuski, yetarli darajada emas.

Bugungi kunda yurtimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotning atigi 15 foizi qayta ishlanib, 8 foizi eksport qilinmoqda, xolos. Ayniqsa, Sirdaryo, Jizzax, Xorazm, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida bu ko‘rsatkichlar hamon pastligicha qolmoqda.

Joriy yilda 860 ming tonna yoki 620 million dollarlik meva-sabzavot eksport qilingani bizning imkoniyat va salohiyatimizga mosmi? Yo‘q, albatta!

Rivojlangan davlatlar tajribasi asosida bog‘lar va tokzorlarga ishlov beradigan, sabzavot va kartoshka urug‘larini ekadigan va yig‘ishtirib oladigan texnikalar mavjud emas, fermer, dehqon xo‘jaliklariga yoqilg‘i-moylash mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, urug‘lik yetkazib berish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash ishlari talab darajasida tashkil etilmagan. Bu ham haqiqat.

Bosh vazir o‘rinbosarlari Nodir Otajonov, Zoyir Mirzayev bir oy muddatda har bir viloyat va tumanda meva-sabzavot yetishtirishni ko‘paytirish, uni qayta ishlash va eksport hajmini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqib, amalga oshirishlari kerak.

Beshinchidan, respublikamiz bo‘yicha 445 ming gektar eng unumdor yer aholiga tomorqa sifatida berilgan.

Lekin tomorqadan foydalanish talab darajasida emas. Bu yo‘nalishdagi ishlarni muvofiqlashtirish va nazorat qilish tizimi yo‘q, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Sohada nazoratni ta’minlash, tomorqa egalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga qator vakolatlar berildi.

Vazirlar Mahkamasi (Z.Mirzayev), O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (B.Yusupov), Kasaba uyushmalari federatsiyasi (Q.Rafiqov), “Ergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi (A.Abdullayev), “Mahalla” jamg‘armasi (Sh.Javlonov), Xotin-qizlar qo‘mitasi (T.Norboyeva) va hududlardagi sektorlar rahbarlari uyma-uy yurib, aholiga tomorqadan samarali foydalanish yuzasidan zarur tavsiya va amaliy yordam berish mexanizmini ishlab chiqib, amalga oshirishi lozim.

Bu ishlarni samarali yo‘lga qo‘yish natijasida tomorqalardan meva, sabzavot, kartoshka, ko‘kat, dukkakli va boshqa mahsulotlar yetishtirish imkoniyatlari yanada kengayadi.

Shuningdek, aholi tomorqalarida sitrus mevalar yetishtirishga mo‘ljallangan ixcham issiqxonalar barpo qilish, yong‘oq, unabi va boshqa ko‘chatlar yetishtirishni tashkil etish lozim.

Oltinchidan, hozirgi paytda mamlakatimizdagi 146 ming 295 ta qishloq xo‘jaligi texnikasining 38 foizi allaqachon o‘z umrini o‘tab bo‘lgan, ya’ni butunlay eskirgan.

Ayniqsa, meva va sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlar bog‘ va tokzorlarga ishlov berish, sabzavot ekish, parvarishlash va yig‘ib olishga mo‘ljallangan texnikalar bilan bor-yo‘g‘i 34 foiz ta’minlangan, xolos. Bu mehnat unumdorligi va hosildorlikning pasayib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Ayni paytda mamlakatimiz bo‘yicha 16 ming 495 ta qishloq xo‘jaligi texnikasi yetishmasligi aniqlangan. Buning oqibatida belgilangan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishning imkoni bo‘lmayapti va shuning uchun pirovard natijada kutilgan samaraga erishilmayapti.

Bosh vazir o‘rinbosarlari Zoyir Mirzayev, Jamshid Qo‘chqorov va Nodir Otajonovga qishloq xo‘jaligi texnikasini yurtimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, zarur hollarda ularni xorijiy davlatlardan sotib olish uchun moliyaviy manbalarni aniqlash masalalarini hal etish bo‘yicha joriy yil 20-dekabrga qadar aniq va amaliy takliflar kiritish vazifasi topshiriladi.

Yettinchidan, qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishda ilm-fan hayot talablaridan orqada qolayotgani jiddiy muammolardan biridir.

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga qarashli ilmiy-tadqiqot institutlarining agrar fan va seleksiyani rivojlantirish, ilg‘or agrotexnologiyalarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish, har bir hududda tuproq va iqlim sharoitiga mos ekin navlarini yaratish va joylashtirish borasidagi o‘rni va rolini keskin oshirish lozim.

Hozirgi kunda ana shu ilmiy muassasalarning moddiy-texnik bazasi zamonaviy tadqiqotlarni amalga oshirish imkonini bermaydi. Ilmiy-tadqiqot ishlari hamon eskicha usullarda olib borilayotgani ham haqiqat.

Sohada zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan kadrlar yetishmayotganini ham tan olishimiz kerak. Ayniqsa, chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik sohalarida veterinar mutaxassislarga ehtiyoj katta.

Chorva mollarining zotini yaxshilash, parrandalarda kasalliklarni erta aniqlash va davolash bo‘yicha ilmiy izlanishlar deyarli olib borilmayapti.

Yaqin vaqtgacha chorvachilik sohasida yetakchi bo‘lib kelgan yurtimizda bugun zotdor mollarni faqat chetdan olib kelish bilan cheklanib qolayotganimizni nima bilan izohlash mumkin?

Bunday e’tiborsizlik va sohaning ertangi rivojini o‘ylamaslikni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.

Ana shu holatlarning barchasini inobatga olib, sohaga ilmiy yondashuvni tashkil etish va malakali kadrlar tayyorlash tizimiin yo‘lga qo‘yish maqsadida yurtimizda Veterinariya institutini tashkil etishning fursati keldi, deb hisoblayman.

Yana bir muhim masala, ya’ni yiliga mamlakatimizda yetishtirilayotgan 12 million donadan ziyod terini yig‘ish, uni chuqur qayta ishlash, ayniqsa, dunyoga mashhur qorako‘l teridan yuqori sifatli, raqobatdosh mahsulot tayyorlash bo‘yicha ishlarimiz ham talab darajasida emas.

Bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzayev tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqib, tizimni takomillashtirish, bu boradagi eksport ko‘rsatkichini 150 million dollardan kamida 300 million dollarga oshirish bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlashi zarur.

Xabaringiz bor, biz yaqinda rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib, hayotimizga yangi innovatsion texnologiyalar joriy etish ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida Innovatsiyalarni rivojlantirish vazirligini tashkil etdik. Ushbu vazirlik bu borada alohida dastur ishlab chiqib, qishloq xo‘jaligi sohasiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlarini amalga oshirishi g‘oyat muhim masaladir.

Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini chuqur tahlil qilgan holda, uzumning sanoatbop navlari, limon va mevali daraxt ko‘chatlari yetishtirish – hozirgi davr talabidir. Afsuski, ushbu institutning ayni paytdagi holati bugungi mezon va talabga mutlaqo javob bermaydi.

Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining G‘allaorol ilmiy-tajriba stansiyasi negizida Lalmikor dehqonchilik institutini tashkil etishni zamonning o‘zi taqozo etmoqda. Bunday ilmiy-tadqiqot markazi lalmi yerlardan samarali foydalanish bo‘yicha zamonaviy ilmiy izlanishlarni yanada kengaytirish imkonini yaratadi.

Mamlakatimizda parrandachilikni rivojlantirish, jumladan, kurka, bedana, g‘oz, o‘rdak va tuyaqush parvarishlashni ilmiy asosda yo‘lga qo‘yish maqsadida Parrandachilik ilmiy markazini tashkil etish zarur, deb o‘ylayman.

Xalqimizni eng ko‘p iste’mol qilinadigan oziq-ovqat turlaridan biri bo‘lgan kartoshka bilan to‘la ta’minlash uchun bizga yiliga o‘rtacha 50 ming tonna sifatli kartoshka urug‘i kerak bo‘ladi. Buning uchun Gollandiya, Polsha, Rossiya kabi davlatlar bilan hamkorlikda zamonaviy laboratoriya uskunalariga ega bo‘lgan mahalliy urug‘chilik markazi va maxsus korxonalar tashkil etishimiz kerak.

Sakkizinchidan, fermer xo‘jaliklarida har qarich yerdan unumli foydalanish, daromad hajmini oshirish masalasiga ham alohida ahamiyat qaratishimiz zarur.

Shu maqsadda mavjud 2 million 626 ming gektar maydonning umumiy uzunligi 385 ming kilometr bo‘lgan chekka qismlarida sabzavot va poliz ekinlari ekishni yo‘lga qo‘yish orqali 415 ming tonna qo‘shimcha mahsulot yetishtirishga erishish mumkin.

Oddiy hisob-kitoblar shuni ko‘rsatmoqdaki, hozirgi vaqtda har bir fermer xo‘jaligi dalasida bir boshdan, jami 14 ming sog‘in sigir, 21 ming 125 fermer xo‘jaligining har birida 50 boshdan, jami 1 million 57 ming parranda, 66 ming fermer xo‘jaligining dala chetlarida 329 ming quti asalari boqish hisobidan 7 ming 200 tonna asal yetishtirishni yo‘lga qo‘yish mumkin.

Yuzaki qaraganda, bu oddiy gapga o‘xshaydi. Agar masalaga jiddiy yondashib, har bir raqam zamiridagi ma’noni teran anglab yetsak, bular dehqonlarimiz uchun qo‘shimcha daromad manbai ekani ma’lum bo‘ladi.

Kelgusi yilda alohida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan yana bir muhim yo‘nalish – bu sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari bo‘ylarida, yirik gidrotexnik inshootlar atrofidagi maydonlar va dala chetlarida oddiy va arzon usullarda 30 mingdan ziyod ixcham issiqxonalar tashkil etishdan iborat.

To‘qqizinchidan, paxta va g‘alla ekilayotgan past rentabelli maydonlarni yildan-yilga qisqartirib, ularning o‘rniga intensiv bog‘lar, yong‘oqzor va tokzorlar barpo etish, shuningdek, serdaromad bo‘lgan soya, qalampir va ko‘katlar ekish rejalashtirilgan.

Mamlakatimizda raps yetishtirishni kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu bilan birga, yengil sanoat korxonalarini sifatli tola bilan ta’minlash haqida ham jiddiy o‘ylashimiz kerak. 2018-yilda mamlakatimizda yetishtirilayotgan 1 million 200 ming tonna paxta tolasini yurtimizda to‘liq qayta ishlab, xorijga faqat tayyor mahsulotlar eksport qilishni yo‘lga qo‘yishimiz zarur.

Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida amalda qo‘llangan – paxtani yetishtirishdan tortib, undan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan bosqichlarni o‘z ichiga qamrab olgan klaster usuliga biz O‘zbekiston paxtachiligining kelajagi sifatida qaramoqdamiz.

Bu istiqbolli tajribani keng yoyish maqsadida mamlakatimizdagi o‘ttizdan ziyod yengil sanoat korxonasiga to‘rt yuz ming gektardan ko‘proq paxta maydonlari biriktirib beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Nigmatovich Aripovga tegishli kompleks rahbarlari, Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari, Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda bu masala bo‘yicha qaror loyihasini 15 kun muddatda ishlab chiqish, viloyat hokimlariga loyiha tashabbuskorlari uchun barcha zarur sharoitni yaratib berish vazifasi topshiriladi.

Qolgan paxta maydonlarida hosildorlikni oshirish va yerdan samarali foydalanish maqsadida chigitni “qo‘shqator” va “oltmishlik” sxemasi asosida ekishni yo‘lga qo‘yish va samarasiz bo‘lgan “to‘qsonlik” sxemadan bosqichma-bosqich voz kechish kerak. Shuningdek, xitoylik olimlar bilan hamkorlikda Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida g‘o‘za parvarishini zamonaviy texnologiyalar asosida olib borishimiz zarur. Surxondaryo, Samarqand va boshqa viloyatlarda tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etishimiz lozim.

Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!

Bugungi kunda oldimizda turgan eng asosiy muammolardan biri bu – respublikamiz qishloq xo‘jaligida ilm va amaliyotning bir-biridan uzoqlashgani, aksariyat hollarda uzilib qolganidir.

Bir haqiqat barchamizga yaxshi ma’lum: ilm va izlanish bo‘lmagan joyda hech qanday rivojlanish, yuksalish va, umuman, biror-bir sohaning kelajagi bo‘lmaydi.

Afsuski, keyingi 20 yil mobaynida biz agrar tarmoqni ilm-fan yutuqlari asosida rivojlantirishga yetarlicha e’tibor bermadik, e’tiborsizligimiz tufayli mavjud ilmiy-tekshirish institutlari moliyaviy muammolar girdobiga, nochor ahvolga tushib qoldi, ta’bir joiz bo‘lsa, “chalajon” bo‘lib qoldi.

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi (sobiq O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi) tarkibida ayni paytda 11 ta ilmiy- tadqiqot instituti va 44 ta ilmiy-tajriba stansiyasi mavjud.

Bundan tashqari, bevosita Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimida 4 ta oliy ta’lim muassasasi va ularning 3 ta filiali, shuningdek, 132 ta kasb-hunar kolleji faoliyat ko‘rsatmoqda. Lekin Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Andijon va Samarqand qishloq xo‘jaligi institutlarining ilmiy salohiyati va kadrlar tayyorlashdagi mavqei yildan-yilga pasayib bormoqda. Agar o‘tgan asrning 80-90 yillari bilan solishtiradigan bo‘lsak, ushbu oliy ta’lim muassasalarida ilmiy, pedagogik va amaliy tajriba borasida salohiyat keskin pasayib ketgan.

Qishloq xo‘jaligida aniq mezonlar asosida kadrlar tayyorlashning yagona tizimi mavjud emas. Bunga vazirlik va oliy ta’lim dargohlari rahbarlari ham umuman e’tibor qaratmayapti, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Bugun oliy ta’lim muassasasi yoki kollejda o‘qiyotgan talaba ertaga qayerga ishga boradi, amaliyotda uning bilim va mutaxassisligiga aynan qanday talablar qo‘yiladi, u shu talablarga javob beradimi-yo‘qmi – buni hech kim bilmaydi.

Hatto shu darajaga borib yetdiki, auditoriyada talabaga boshqa narsa o‘qitiladi, amaliyotda esa undan umuman boshqa bilim va ko‘nikma talab etiladi. Agrar tarmoqdagi biror-bir oliy yoki o‘rta maxsus ta’lim muassasasi ishlab chiqarish yoki amaliyotning aniq buyurtmasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlayotgani yo‘q va, afsuski, bu bo‘yicha hali harakat ham boshlanmagan. Shunday ekan, malakali va raqobatdosh mutaxassis-kadrlar tayyorlash to‘g‘risida qanday gapirishimiz mumkin.

Toshkent davlat agrar universiteti va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti tayanch o‘quv dargohlari va o‘quv-metodik markaz sifatida belgilangan edi. Lekin har ikkala ta’lim muassasasining rahbariyati ham bu borada o‘z zimmasidagi vazifani to‘la uddalayotgani yo‘q. Andijon va Samarqand qishloq xo‘jaligi institutlarining faoliyatini esa qoniqarli deb bo‘lmaydi.

Bugungi davr shuni taqozo etmoqdaki, oliy ta’lim muassasasi va kollejlardagi o‘quv dasturlari ishlab chiqarish, firma va kompaniyalarning aniq talab va buyurtmalari asosida tuzilishi va raqobatdosh kadrlarni tayyorlab berishi kerak.

Agar talab bo‘lsa, oliy ta’lim muassasasi va kollej mutaxassis tayyorlashi kerak, muayyan yo‘nalish bo‘yicha bitirayotgan kadrlarga ehtiyoj bo‘lmasa yoki kadrning bilim saviyasi va ilmiy darajasi past bo‘lsa, bunday o‘quv muassasasi yopilishi zarur.

Bu borada bir misol keltiraman. Farg‘ona vodiysida bir necha yillardan buyon zararli hasharotlar paxta maydonlariga sezilarli darajada ziyon yetkazyapti. Lekin vodiydagi birorta o‘quv dargohida olim va mutaxassislar bunday kasalliklarga qarshi kurashish haqida jiddiy bosh qotirayotganlari yo‘q.

Ana shunday o‘tkir va hayotiy muammolarni hal etish va zarur yechimlarni topish maqsadida quyidagi dolzarb vazifalarni amalga oshirish talab etiladi.

Birinchidan, kadrlar tayyorlashni tubdan yaxshilash, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va ilmiy tadqiqotchilarining ish haqi miqdori, jumladan, yangi o‘quv yilidan boshlab doktorantlar stipendiyalarini sezilarli darajada oshirish bo‘yicha Moliya vazirligi (J.Qo‘chqorov) taklif tayyorlasin.

Shu bilan birga, sohadagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim darajasini oshirish uchun ularni modernizatsiya qilish dasturini 2021-yilgacha cho‘zmasdan, 2019-yil oxiriga qadar yakunlash maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Barchaga ma’lumki, qishloq xo‘jaligi mutaxassislarini magistraturada kontrakt asosida o‘qitish ilmiy kadrlar tayyorlashga jiddiy to‘sqinlik qilmoqda. Shuning uchun yangi o‘quv yilidan boshlab qishloq xo‘jaligining tor mutaxassisliklari bo‘yicha magistraturada kadrlar tayyorlashni to‘liq byudjet grantlari hisobiga o‘tkazish taklif etiladi. Bu masala bo‘yicha Moliya vazirligi tegishli tashkilotlar bilan birgalikda 10 kunda taklif kiritsin.

Ikkinchidan, qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy dasturlarni moliyalashtirishga Davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘larni 2017-yildagi 39 milliard so‘mdan 2-3 yilda 150 milliard so‘mga yetkazish topshiriladi.

Shu bilan birga, agrosanoat kompleksi tarkibidagi 14 ta ilmiy-tadqiqot institutini keyingi 2 yilda Davlat byudjetidan bazaviy moliyalashtirishga o‘tkazish lozim.

Bularga qo‘shimcha ravishda qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy muassasalarni zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlashga 20 million dollar ajratish Moliya vazirligiga topshiriladi. Bundan ko‘zlangan maqsad – ilmiy-tadqiqot institutlari va ularning ilmiy-tajriba stansiyalarini zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalari bilan ta’minlashni tubdan yaxshilashdan iborat.

Uchinchidan, yuqoridagi topshiriqlar bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosarlari Z.Mirzayev va J.Qo‘chqorov bir oy muddatda Prezident qarori loyihasini kiritsin.

Qaror loyihasida qishloq xo‘jaligida ilmiy izlanishlarni moliyalashtirish va innovatsion ishlanmalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan maxsus jamg‘arma tuzish haqida taklif nazarda tutilsin. Jamg‘armaning manbai sifatida ayrim mahsulotlarga solinadigan aksiz solig‘ining qat’iy belgilangan ajratmalarini belgilashni taklif etaman.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish uchun barcha darajadagi rahbarlar, ayniqsa, tumanlardagi 4 ta sektor rahbarlari mas’uliyatini kuchaytirish talab etiladi.

Vazir bo‘ladimi, viloyat yoki tuman hokimi bo‘ladimi – barcha rahbarlar qishloq xo‘jaligi masalalari, ya’ni oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tashabbus ko‘rsatib ishlashi, eng muhimi, natijadorlikka erishmog‘i shart.

Qishloq xo‘jaligi sohasida nomiga, ko‘zbo‘yamachilik bilan ish yuritib, natijaga erishib bo‘lmaydi. Masalaga ana shu nuqtai nazardan qaragan holda, ishdagi nuqson va kamchiliklari uchun Jizzax va Toshkent viloyatlari hokimlarini, bir qator vazirlar va tumanlar hokimlarini almashtirishga to‘g‘ri keldi.

Vaqtida oldi olinmasa, har bir ishga mas’uliyat bilan yondashilmasa, bunday jiddiy kamchiliklar qishloq xo‘jaligi unumdorligi va natijadorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishini barcha rahbarlar yaxshi tushunib yetishi zarur.

Yuqorida aytilgan reja va dasturlarni amalga oshirish uchun bizda kuch va imkoniyatlar, bilim va tajriba yetarli. Gap faqat ishni fidoyilik va omilkorlik bilan, to‘g‘ri va samarali tashkil etishimizga bog‘liq.

Muhtaram do‘stlarim, qadrdonlarim!

Bu dunyoda barchamiz ezgu va pok niyatlar bilan yashaymiz.

Hammamiz farzandlarimiz, nabiralarimiz kamolini ko‘rsak, yurtimiz tinch, xalqimiz farovon hayot kechirsa, deb orzu qilamiz.

Agar bugun O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatidan ko‘zlangan asosiy maqsadni oddiy so‘zlar bilan ifoda etadigan bo‘lsak, u avvalo xalqimiz qalbidagi ana shunday ezgu orzu-niyatlarni amalga oshirishga qaratilgandir.

Keyingi bir yil davomida el-yurtimiz bilan bo‘lgan muloqotlar davomida men bu haqiqatga yana bir bor ishonch hosil qildim.

Biz oldimizga qo‘ygan, har bir vatandoshimiz ko‘nglida aks sado berayotgan ana shu buyuk maqsadlarni amalga oshirishga eng ko‘p hissa qo‘shayotgan, kelgusida ham katta hissa qo‘shadigan insonlar qatorida avvalo siz, azizlarni ko‘ramiz.

Barchangizni, sizlar orqali o‘z hayotini qishloq xo‘jaligi sohasi bilan, ayniqsa, saxovatli zaminimiz bilan bog‘lagan fidoyi insonlarni, butun xalqimizni bugungi qutlug‘ bayram bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

Jonajon Vatanimizdan hech qachon tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarimizdan fayzu baraka arimasin!

Olloh taoloning o‘zi barcha ishlarimizning barorini bersin.

Yangi yilda hamma ekinlardan hosilimiz yanada mo‘l, xirmonimiz har qachongidan yuksak bo‘lsin!

O‘zbek zamini, o‘zbek dehqoni doimo bor bo‘lsin, omon bo‘lsin, unga hamisha ulug‘ zafarlar yor bo‘lsin!

Yana bir bor barchangizga katta rahmat.