Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tayotgan VI Islom birdamligi o‘yinlarining navbatdagi kuni delegatsiyamiz uchun omadli o‘tdi. Sportchilarimiz kun davomida 1 ta oltin, 2 tadan kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Jumladan, dzyudo bahslarida Zamohshari Bekmurodov (-66 kg) barcha raqiblarini yengib, oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Shahram Ahadov (-73 kg) kumush medal bilan taqdirlandi. Shuningdek, Laziza Haydarova (-48 kg) va Shukurjon Aminova (-57 kg) shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi. Erkin suzish bo‘yicha 1 ming 500 metr masofada o‘tgan bahslardi Ilya Sibirsev bronza medalga ega chiqdi.

Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasi medal jamg‘arishda Turkiya va Indoneziyadan keyin hozircha 3-o‘rinda bormoqda.
Darvoqe, VI Islom birdamligi o‘yinlari doirasidagi futzal musobaqalari hal qiluvchi bosqichga yetdi. Jumladan, O‘zbekiston milliy terma jamoasi dastlabki ikki uchrashuvda g‘alaba qozonib, muddatidan oldin yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi.

Nodir Eliboyev shogirdlari guruhdagi uchinchi bahsda ham irodali o‘yin namoyish etdi. Liviya terma jamoasiga qarshi uchrashuvda 0:2 hisobi bilan ortda borayotgan jamoamiz Mashrab Odilov va Muhammadali Husanboyevning gollari evaziga 2:2 hisobida durang o‘ynadi.
“A” guruhining ikkinchi o‘yinida musobaqa mezbonlari – Saudiya Arabistoni terma jamoasi Ozarbayjon ustidan g‘alaba qozondi.
“B” guruhida esa Marokash terma jamoasi Afg‘onistonni 4:0 hisobida dog‘da qoldirib, birinchi o‘rinni egalladi. Eron esa Tojikiston ustidan 4:1 hisobida zafar quchdi.

Shu tariqa, yarim final juftliklari quyidagicha shakllandi:
9 noyabr, soat 18:00 — O‘zbekiston – Eron
9 noyabr, soat 21:00 — Marokash – Saudiya Arabistoni
11 noyabr kuni VI Islom birdamligi o‘yinlarining g‘olib va sovrindor jamoalari nomi ma’lum bo‘ladi.
Bugun, shuningdek, sportchilarimiz dzyudo, boks, suzish, og‘ir atletika va futzal bo‘yicha bahslarga kirishadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA