VI Islom birdamligi o‘yinlarining navbatdagi kunida O‘zbekiston delegatsiyasi 5 tadan oltin va bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Jumladan, o‘yinlarning 400 metrga erkin usulda suzish bahslarida Ilya Sibirsev, 100 metrga batterflyay usulda suzishda Eldor Usmonov marraga birinchi bo‘lib yetib kelgan holda oltin medalga sazovor bo‘ldi. 4x100 metrga erkin suzishda erkaklar terma jamoamiz bronza medali bilan taqdirlandi.

Og‘ir atletika bellashuvlarida ishtirok etgan hamyurtimiz Akbar Jo‘rayev 110 kilogrammgacha vazn toifasidagi bellashuvlarda ishtirok etib, dast ko‘tarish mashqida 193 kg. toshni o‘ziga bo‘ysundirgan bo‘lsa, siltab ko‘tarishda 227 kg. va ikkikurash yakuniga ko‘ra 420 kg. natija qayd etib, 3 ta oltin medalga ega chiqdi. Shuningdek, og‘ir atletikachi qizlar orasida Tursunoy Jabborova (+86 kg) uchta bronza medal bilan taqdirlandi. Sharofiddin Amriddinov uchinchi o‘rindan joy oldi.

Qayd etilgan mazkur natijadan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi medal jamg‘arishda 15 ta oltin, 17 kumush va 14 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Turkiya 51 ta oltin, 24 ta kumush va 16 ta bronza medal bilan karvonboshilik qilayotgan bo‘lsa, misrlik sportchilar 10 ta oltin, 6 ta kumush, 11 ta bronza medaliga ega chiqib, uchinchi o‘rinda qayd etildi.

Bugun, 13 noyabr kuni VI Islom birdamligi o‘yinlarining gandbol bahslarida ayollar terma jamoamiz qozog‘istonlik raqiblariga qarshi ilk uchrashuvni o‘tkazsa, muaytay bo‘yicha Aziza Ma’murova, Sevara Dilmurodova o‘z vazn toifalarida yarim final bahslarini o‘tkazadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA