Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tayotgan VI Islom birdamligi o‘yinlarining navbatdagi kuni O‘zbekiston delegatsiyasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
O‘yinlarning dzyudo bahslarida yurtimiz sportchilari yuqori natijalarga erishdilar. Muzaffarbek To‘raboyev (+100 kg) va Shahzodxo‘ja Sharipov (-90 kg) barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medallarga sazovor bo‘ldilar. Shuningdek, Xurshida Razzoqberdiyeva hamda Irisxon Qurbonboyeva o‘z vazn toifalarida kumush, Alisher Yusupov esa bronza medali bilan taqdirlandi.

Og‘ir atletika bahslarida ham sportchilarimiz yuksak natijalar qayd etdilar. Adhamjon Ergashev (-65 kg) dast ko‘tarish mashqida 134 kg natija bilan bronza, siltab ko‘tarishda 170 kg natija bilan oltin, ikki kurash umumiy hisobida 304 kg bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi. Diyorbek Ro‘zmetov (-71 kg) dast ko‘tarish mashqini 148 kg bilan ikkinchi o‘rinda yakunlab, kumush medal sohibiga aylandi. Nigora Abdullayeva (-58 kg) esa siltab ko‘tarish va ikki kurash bahslarida ikkitadan kumush medal qo‘lga kiritdi.
Boks bo‘yicha yarim final bahslarida ham yurtimiz vakillari munosib ishtirok etdilar. Madiyar Daniyarov, Abdulloh Madaminov, Odinaxon Ismoilova hamda Xumorabonu Mamajonova o‘z vazn toifalarida finalga yo‘l olishdi. Finalga chiqish imkonini boy bergan Uzukjamol Yunusova va Zilolaxon Yusufova esa bronza medallari bilan taqdirlandilar.

Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasining umumiy hisobdagi medallar soni 4 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronzaga yetdi.
Futzal musobaqalarida ham final ishtirokchilari aniqlandi. 11 noyabr kuni O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni terma jamoalari bronza medali uchun bahs olib borishadi. Marokash va Eron termalari esa oltin medali uchun kurashadi.

10 noyabr kuni ham yurtimiz sportchilari boks, dzyudo, suzish va og‘ir atletika bo‘yicha bahslarda ishtirok etishadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA