Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Riyod–2025” o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 96 ta medal jamg‘ardi
09:24 / 2025-11-22

Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahri mezbonlik qilgan VI Islom birdamligi o‘yinlarida 57 mamlakatning 4 ming nafarga yaqin sportchilari 23 ta sport turi bo‘yicha 247 ta dasturda o‘tgan murosasiz bahslarda g‘oliblik uchun kurash olib bordi.

Ha, bugungi kunda mamlakatimizda mutlaqo yangicha asosda bunyod etilgan ta’lim-tarbiya, sport va madaniyat maskanlarida zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, mustaqil fikrlaydigan, O‘zbekistonning buyuk kelajagini o‘z kuch-quvvati, o‘z aql-zakovati bilan quradigan yosh avlod kamol topmoqda. Ular nufuzli xalqaro musobaqalarda, olimpiada va jahon chempionatlarida hech kimdan kam emasligini va hech qachon kam bo‘lmasligini amalda isbotlayotgani barchamizni quvontiradi.

Buning misolini muzaffar sportchilarimizning VI Islom birdamligi o‘yinlaridagi ulkan muvaffaqiyatlarida ko‘rdik. Jumladan, O‘zbekiston delegatsiyasi 29 ta oltin, 35 ta kumush va 32 ta bronza — jami 96 ta medal jamg‘arib, 57 mamlakat orasida umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rindan joy oldi.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, VI Islom birdamligi o‘yinlarida og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 6 ta oltin, 9 ta kumush va 5 ta bronza medalga ega chiqib, umumjamoa hisobida yetakchilardan biri ekanligini namoyish etgan bo‘lsa, taekvondo WT bahslarida sportchilarimiz 3 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan holda umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.

Aytish lozim, O‘zbekiston boks terma jamoasi o‘zining 2–3-tarkibdagi 8 nafar bokschi bilan ishtirok etib, yakunda 3 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medal sohibiga aylandi va umumjamoa o‘rtasida ikkinchi o‘rinda qayd etildi. Dzyudochilarimiz esa yakkalikda 3 tadan oltin va kumush, hamda 4 ta bronza medali bilan 32 ta davlat orasida umumjamoa hisobida ikkinchi bo‘ldi. Jamoaviy bellashuvlarda esa kumush medalga egalik qildi.

Shuningdek, Islom birdamligi o‘yinlarida ilk bor milliy sport turimiz — kura bo‘yicha ko‘rgazmali musobaqalar tashkil etildi. Unda polvonlar erkaklar o‘rtasida –66 va –81 kilogramm, ayollar orasida –57 va –70 kg vazn toifalarida bahs olib bordi.

Qisqa qilib aytganda, VI Islom birdamligi o‘yinlari O‘zbekiston delegatsiyasi uchun juda muvaffaqiyatli o‘tdi. Umid qilamizki, O‘zbekiston delegatsiyasi yana to‘rt yildan so‘ng — 2029 yilda Malayziyaning Selangor shahri mezbonlik qiladigan VII Islom birdamligi o‘yinlarida bundan-da katta yutuqlarni qo‘lga kiritadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA