Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida VI Islom birdamligi o‘yinlarining futzal bahslarida ilk tur uchrashuvlari yakunlandi.
Biz uchun ahamiyatli bo‘lgan “A” guruhida O‘zbekiston terma jamoasi ilk o‘yinini Saudiya Arabistoniga qarshi o‘tkazdi va 5:2 hisobida zafar quchdi. Ushbu guruhdan o‘rin olgan Ozarbayjon va Liviya termalari bahsi 5:4 hisobida yakunlandi. Qayd etilgan ushbu natijalardan so‘ng, g‘olib bo‘lgan ikki jamoa 3 ochkoga ega bo‘ldi.

“B” guruhida esa Afg‘oniston 6:2 hisobida Tojikiston terma jamoasini taslim etib, uch ochkoni qo‘lga kiritgan holda birinchi o‘ringa chiqib oldi. Shuningdek, Eron va Marokash o‘rtasidagi o‘yin 2:2 hisobida durang bilan yakunlandi hamda har ikkala terma jamoa o‘z hisobiga bir ochkodan qo‘shib oldi.
Endi 6 noyabr kuni 2-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston – Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni – Liviya, Afg‘oniston – Eron, Marokash – Tojikiston uchrashuviga guvoh bo‘lamiz.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA