Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Riyod-2025”: Delegatsiyamiz medallari soni yana oshdi
11:05 / 2025-11-15

Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida o‘tkazilayotgan VI Islom birdamligi o‘yinlarining bugungi dasturida vakillarimiz 3 ta sport turi bo‘yicha bahslashadi.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, gandbol bo‘yicha qizlar terma jamoamiz bugun Ozarbayjon terma jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazsa, duatlon bo‘yicha o‘tadigan final bahslarida Aleksandr Kurishov o‘z omadini sinovdan o‘tkazadi. Shuningdek, 15 noyabr kunidan start olgan taekvondo WT musobaqasida Jahongir Xudoyberdiyev (54 kg.), Madina Mirabzalova (57 kg.), Najmiddin Qosimxo‘jayev (74 kg.) va Madina Shoniyozova (46 kg.) o‘z vazn toifasidagi bellashuvlarda medallar uchun dayanga chiqadi.

Kuni kecha VI Islom birdamligi o‘yinlari musobaqalarida delegatsiyamiz a’zolari 1 ta kumush va 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Jumladan, Alina Haqimova duatlon bo‘yicha ayollar o‘rtasida kumush, muaytay bo‘yicha esa Aziza Ma’murova (-55 kg) va Sevara Dilmurodova (-65 kg) bronza medaliga ega chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston delegatsiyasi medal jamg‘arishda 15 ta oltin, 18 kumush va 16 ta bronza bilan umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinda bormoqda. Turkiya 58 ta oltin, 27 ta kumush va 18 ta bronza medali bilan karvonboshilik qilayotgan bo‘lsa, qozog‘istonlik sportchilar 11 ta oltin, 12 ta kumush, 13 ta bronza medaliga ega chiqib, uchinchi o‘rinda qayd etildi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA