“ROX Group” kompaniyasi raisining o‘rinbosari Tran Thi My Loc xonim boshchiligidagi delegatsiya vakillari Buxoro shahrida bo‘ldi. Buxoro shahri hamda Vetnam Respublikasining yirik investitsion kompaniyasi “ROX Group” o‘rtasida umumiy qiymati 2 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan investitsion shartnoma tuzildi.
Buxoro shahar hokimi Qurbon Tursunov hamda “ROX Group” kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh vakili Aziz Burxanov tomonida tarixiy shartnoma imzolandi. Ushbu kelishuv doirasida Buxoro shahrida yangi shaharsozlik standartlari asosida barpo etiladigan ikkita yirik loyihaga rasman start berildi. Mazkur investitsion kelishuv doirasida “New Bukhara City” va “New Central Bukhara” loyihalari amalga oshiriladi.

Loyihalar o‘zining noyob konsepsiyasi, zamonaviy arxitektura yechimlari va kompleks yondashuvi bilan shahar qiyofasini tubdan yangilashga xizmat qiladi hamda Buxoroning investitsion va turizm salohiyatini yanada oshiradi. Loyihalarni amalga oshirish jarayonida qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarida ko‘plab imkoniyatlar yaratilib, mahalliy aholi uchun minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Loyihalar doirasida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, yo‘l-transport infratuzilmasi, obodonlashtirish ishlari va ijtimoiy soha ob’ektlari zamonaviy talablar asosida rivojlantiriladi. New Bukhara City” va “New Central Bukhara” loyihalari doirasida turar joy, ijtimoiy, madaniy va dam olish ob’ektlari barpo etiladi.
Mazkur loyihalar xorijiy sayyohlar hamda qo‘shni viloyatlar aholisi o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otib, turizm sohasining jadal rivojlanishiga, Buxoro shahrining xalqaro miqyosda tanilishi va nufuzi oshishiga munosib hissa qo‘shadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.