English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rivojlanish boʻyicha hamkorlar Oʻzbekistonga yordam berishga tayyor
14:14 / 2020-05-10

Bu yordam grantlar, kreditlar, gumanitar yordam va texnik koʻmaklashish koʻrinishida beriladi.


Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, tashqi yordam dasturlari va rivojlanish boʻyicha hamkorlar bilan oʻzaro aloqalar boʻyicha rasmiy muvofiqlashtiruvchisi sifatida, “Mamlakatlar platformasi“ doirasida xalqaro moliya institutlari, BMT tashkilotlari, AQSH, Turkiya, Koreya, Yaponiya, shuningdek, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari xalqaro hamkorlik uchun hukumat agentliklarining 40 dan ortiq vakillari ishtirok etgan kengaytirilgan videokonferensiyani oʻtkazdi.

Investitsiya va tashqi savdo vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, videokonferensiya kun tartibiga koronavirus pandemiyasining iqtisodiy oqibatlarini baholash bilan bogʻliq masalalar, shuningdek, Oʻzbekiston hukumati tomonidan global inqiroz hodisalarining respublika aholisi va iqtisodiyotiga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari kiritildi.

Rivojlanish boʻyicha hamkorlar Oʻzbekiston hukumatining keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etish uchun tezkor safarbarlik va tashqi yordamdan foydalanishga nisbatan yuqori saviyada tashkil etilgan va barcha hamkorlar bilan muvofiqlashtirilgan yondashuvini qayd etdi.

Misol tariqasida BMT tashkilotlarining global platformalaridan foydalangan holda tibbiy asbob-uskunalar va mahsulotlarni xarid qilish boʻyicha jadallashtirilgan yondashuvlardan foydalanish keltirilgan. Bunday yondashuv hamkorlarni qoʻllab-quvvatlash samaradorligini maksimal darajada oshirish, xaridlar takrorlanishini bartaraf etish va shaffofligini taʼminlash imkonini beradi.

Rivojlanish boʻyicha hamkor tashkilotlar, jumladan, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Islom Taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki, OPEK jamgʻarmasi, Birlashgan Millatlar tashkiloti, Fransiya taraqqiyot agentligi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, Germaniya taraqqiyot banki, AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi vakillari Buxoro va Sirdaryo viloyatlaridagi voqealar oqibatlarini tezkor bartaraf etishda har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Bu yordam grantlar, kreditlar, gumanitar yordam va texnik koʻmaklashish koʻrinishida beriladi.