Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rivojlangan mamlakatlarda foiz stavkalarining oshirilishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’siri bor?
17:27 / 2022-08-29

Ma’lumki, global iqtisodiy o‘zgarishlar har bir davlatga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Bu jarayonni yumshatishda ichki imkoniyat va oqilona chora-tadbirlar muhim hisoblanadi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi  huzuridagi  Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari global geoiqtisodiy hodisalarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga inflyatsiya va foiz stavkasi kanallari orqali ta’sirini o‘rganishi ham ichki choralar bilan bog‘liq.

PMTI guruh rahbari Xalilullo Hamidovning qayd etishicha, global miqyosda oziq-ovqat va energiya narxlarining keskin darajada ko‘tarilishi  kuzatilmoqda. Bu esa rivojlangan davlatlarda, xususan, shu yilning iyun oyida AQSHda 9,1 foiz, Buyuk Britaniyada 8,2 foiz, Kanadada 8,1 foiz, rivojlanayotgan mamlakatlarda – Turkiyada 78,6 foiz, Argentinada 63,9 foiz, Estoniyada 21,8 foiz yuqori inflyatsiyani ko‘rsatdi.

– Buning natijasida keyingi 40 yildagi eng yuqori inflyatsiyaga duch kelgan rivojlangan davlatlar markaziy banklari asosiy foiz stavkalarini bir necha marta ko‘tarishga majbur bo‘ldi, – dedi X.Hamidov. – AQSHda Ochiq bozorlar bo‘yicha federal qo‘mita federal stavkani yil boshidagi 0-0,25 foiz  oralig‘idan 2,25-2,5 foizgacha (qatorasiga 4 marta) oshirishga qaror qildi. Angliya banki Pul-kredit siyosati qo‘mitasi tomonidan asosiy stavka 0,25 foizdan 1,75 foizgacha ko‘tarildi. Asosiy stavkalarning oshirilishi ortidan moliya va kapital bozorlarida foiz stavkalari ham sezilarli darajada oshib bordi. Ushbu tendensiya rivojlanayotgan mamlakatlardan kapital oqib chiqib ketishiga, valyutalarining qadrsizlanishiga, qarz yukining ortishiga olib keldi. Xalqaro moliya instituti va Reuters xalqaro agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning iyun oyida rivojlanayotgan davlatlardan 4 milliard dollar, may oyida 5,1 milliard dollar, aprel oyida 4 milliard dollar va mart oyida 9,8 milliard dollar miqdorida kapital chiqib ketgan. Shunday bo‘lsada, markaziy banklar asosiy foiz stavkalarini oshirishda davom etishi bois ushbu mamlakatlarda retsessiya xavfi ortib bormoqda. Bu holat moliya va kapital bozorlarida investorlarning retsessiya bo‘yicha kutilmalarining oshishi aksiya va obligatsiyalar daromadliligining pasayishiga olib kelmoqda.

Xo‘sh, rivojlangan mamlakatlarda foiz stavkalarining oshirilishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’siri bor?

PMTI yetakchi ilmiy xodimi Habibullo Ibodullayevning  izohlashicha, hozirgi sharoitda rivojlangan mamlakatlarda foiz stavkalarining oshirilishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga asosan bozor shartlarida olingan tashqi qarz kanallari orqali ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

– So‘nggi 3 yilda davlat ulushi mavjud banklarning xalqaro tijorat banklari, rivojlanish banklari va xalqaro moliya tashkilotlaridan olingan qarzlari miqdori ko‘paydi. Bu esa bank sektori tashqi qarzini 2018 yildagi YAIMning salkam 2 foiz miqdoridan 2021 yilda YAIMning qariyb 10,5 foizgacha oshirdi. Hozirgi geoiqtisodiy hodisalar shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekiston global inqirozlar davrida tashqi omillarning iqtisodiyotimizga ta’sirini kamaytirish va iqtisodiy o‘sishni moliyalashtirishda "yashirin" ichki imkoniyatlardan foydalanish bo‘yicha islohotlarni davom ettirishi lozim. Keng ko‘lamli islohotlar doirasida kapital bozorini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqish va bunda institutsional investorlar, ya’ni pensiya fondlari, sug‘urta kompaniyalari va o‘zaro fondlar faoliyatini takomillashtirish, iqtisodiyotdagi uzoq muddatli jamg‘armalarni jalb qilish orqali mahalliy kapital bozorida talabni yuzaga keltirishni nazarda tutish, mahalliy kapital bozorlari kompaniyalarga milliy valyutada ichki qarz olish imkoniyatlarini oshirib, valyuta nomuvofiqligi va tizimli risklarni kamaytirishga imkon beradi. Moliya sektorini isloh qilish, jumladan, banklarni xususiylashtirish jarayonini jadallashtirish orqali xususiy sektor jamg‘armalari hajmini oshirish va aholidan jalb qilingan depozitlarning bank tizimi majburiyatlaridagi ulushini 2025 yilga qadar 50 foizga yetkazish kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiqdir, – dedi H. Ibodullayev.

O‘z navbatida, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan global geoiqtisodiy hodisalarning o‘rganilishi, tahlil qilinishi va taklif etilayotgan choralar mamlakatimiz iqtisodiyotining barqarorligini ta’minlashda muhim ilmiy va amaliy manba ekanligi  bilan ahamiyatlidir.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA