Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rivojlangan davlatning asosi ta’limdadir (+video)
12:40 / 2023-09-22

1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni

“O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi” unvoni va “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Feruza G‘afforova qirq yildan buyon o‘qituvchilik qilib, shu kasbdan e’zoz va hurmat topgan muallima. Samarqand shahridagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabida faoliyat ko‘rsatsa-da, nainki ushbu ta’lim muassasasidagi, balki viloyatdagi maktablar matematika fani o‘qituvchilari uni o‘zlariga ustoz deb bilishadi. Bilmaganlarini undan so‘rashadi, tajribalarini o‘rganishadi.

– Har qanday davlatning rivojlanishi, aholining baxtli va farovon yashashi asosi – ta’lim, – deydi F.G‘afforova. – Shuning uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’lim sohasini isloh qilishga alohida e’tibor qaratmoqda. O‘tayotgan yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berilishi ham bejiz emas. Ta’lim sifatini oshirish, yoshlarimizning puxta bilim olishi va kasb-hunar egallashiga imkoniyat yaratish davlatimizning taraqqiyotini belgilaydi. Davlat dasturiga ko‘ra, sohada, xususan, maktab ta’limida bu yil juda katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Prezident maktablari va ixtisoslashgan maktablar baholash tizimi endi maktablarga ham joriy etiladi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/fuGLe0RHCVM" title="Rivojlangan davlatning asosi  ta’limdadir" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Darsliklar yangilanmoqda. O‘quv dasturlari bolaning yoshi, layoqati va qiziqishidan kelib chiqib, yangilanmoqda. O‘qituvchilar mehnatiga haq to‘lash tizimi takomillashdi. Yana ko‘plab yangiliklar joriy etilmoqda tizimda. Bundan quvonish kerak va o‘z navbatida bu islohotlarni qo‘llab-quvvatlash lozim. Ayniqsa, biz – pedagoglar bu ishda faol bo‘lishimiz kerak. Nazarimda, maktabda hayotdan mamnun insonlar ishlashi va buni o‘quvchilarga ham singdirishi zarur. 

Yangi o‘quv yili arafasida, ya’ni 28 avgust kuni davlatimiz rahbari maktab ta’limi sifatini oshirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Ana shu yig‘ilishda oldimizda turgan vazifalar belgilab berildi. Erishgan natijalarimiz tahlil etildi, shu bilan birga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar qayd etildi. Bu biz uchun yangi o‘quv yili oldidan o‘z reja va maqsadlarimizni qayta ko‘rib chiqish uchun turtki bo‘ldi.

O‘zA muxbirining Feruza G‘afforova bilan videosuhbati Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bildirilgan fikrlar, ayni paytda ta’lim sohasidagi yangilik va o‘zgarishlar haqida bo‘ldi. 

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (video), O‘zA muxbirlari.