Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rishtonlik yoshlar oliy ta’limga eng ko‘p o‘qishga kirmoqda
13:12 / 2022-02-25

O‘tgan yilda Farg‘ona viloyatida Rishton, Furqat, Bag‘dod, Beshariq tumanlari va Farg‘ona shahridagi umumta’lim maktablarining bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga eng ko‘p o‘qishga kirdi.

Marg‘ilon, Quvasoy shahri, Qo‘shtepa tumani esa past ko‘rsatgichda bo‘ldi. 
Rishton tumanidagi yoshlarning oliy ta’limga o‘qishga kirishda o‘rtacha to‘plagan bali 64,86 ni tashkil qilib, mamlakatimizdagi tuman va shaharlar kesimida yaxshi natijaga erishdi. E’tiborli jihati, keyingi yillarda bu yerda oliy ma’lumotli bo‘lishni istovchilar safi tobora kengaymoqda. Bunda o‘quv markazlari, repetitorlik kurslarining roli katta bo‘layotganini alohida ta’kidlash lozim. Uchariq qishlog‘idagi “Ibn Sino” o‘quv markazi ana shundaylardan biri. Markaz rahbari Qodirjon Qosimov o‘tgan yili “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. 

–Maktabni bitirib, amakimning o‘g‘li bilan oliygoh imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rganmiz. Talabalik paytidayam bir guruh abituriyentlarga kimyo fanidan o‘zimcha dars o‘tardim. Qarangki, deyarli hammasi imtihonlardan o‘tgan, – deydi Qodirjon Qosimov. – O‘qituvchilik yillarim fanga qiziquvchi, oliy ta’limda o‘qishni istovchi yoshlarni uyimda tayyorlay boshladim. Ishonasizmi, chuqurlashtirilgan ta’lim olishni xohlovchi abituriyentlar soni 700-800 nafarga yetardi. Tunu kun ishlardim, hammasiga ulgurishga harakat qilardim. 90-yillar oliy ta’limga kirish imtihonlari test tizimiga o‘tkazilgach, boshqa fanlardan ham hamkor o‘qituvchilar zarurligi sezildi. Repetitorlik markazi ochish, bir necha fan o‘qituvchilarini bir joyda jamlash g‘oyasi paydo bo‘ldi. 

Dastlabki yillarda odamlarning bu yangilikni qabul qilishi qiyin kechdi. “Pulga o‘qitarkan”, “Har kuni birovni uyiga qatnab o‘qish shartmi” qabilidagi tushunmovchiliklar bo‘lgani bor gap. Maktablardagi 45 daqiqalik darslardan farqli ravishda soatlab davom etadigan, ertalabki oltidan to kun qorong‘isigacha o‘tiladigan darslar, o‘sha paytlardagi paxta yig‘im-terimiyu turli qog‘ozbozliklardan xoli, mustaqil repetitorlik kurslari odamlarda qiziqish bilan birga xavotir ham uyg‘otgan. 

“Ezgu niyatga el ham esh bo‘ladi”, deydilar. Bugun bunday o‘quv markazlari, xususiy maktablar bir talay, odamlarimizning fikri ham o‘zgargan. Oliygohga kirishni niyat qilgan o‘g‘il-qiz borki, shu maskanlarga oshiqadi. Yashirishning hojati yo‘q, bundan besh-olti yil avval maktablarda bir holat urfga aylangan edi. Oliy ta’limda o‘qishni istovchi aksariyat 10-11-sinf o‘quvchilari kollejlarda faqat “qog‘ozda” ta’lim olardi-yu, amalda repetitorlik kurslariga qatnardi. Oyda bir-ikki marta kollejga borib qo‘yishardi. Sababi esa oddiy – test imtihonlari juda murakkab, agar “yotvolib” o‘qimasa, oliygohga kirish qiyin edi.  

Bugunga kelib, test sinovlari birmuncha soddalashdi, hatto bir yo‘la beshtagacha oliygohga hujjat topshirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Biroq test imtihoni bloklariga mos fanlarnigina chuqur o‘qib-o‘rganish ehtiyoji hanuz mavjud. 

– O‘quvchilar peshingacha darslarini o‘tib, keyin bizga kelishadi. Maktabdagi o‘qituvchi ham talab qilishga haqli. Orada tushlik qilish, kelib-ketish ancha vaqtni o‘g‘irlaydi. Bilimni o‘zlashtirishda esa vaqt katta ahamiyatga ega. Shularni inobatga olib, xususiy maktab ochish niyatimiz bor edi, – deydi “Ar-Roshidoniy” o‘quv markazi rahbari Yorqinjon Niyozov. – Mamlakatimiz ta’lim tizimidagi islohotlar bunga keng yo‘l ochib berdi. Ko‘pchiligimizning ustozimiz hisoblangan Qodirjon domla dastlab bu ishga qo‘l urdi. Keyin biz ham “Bright education shool” nodavlat ta’lim muassasasini ochdik. Endilikda o‘quvchilarimiz ham xususiy maktabda, ham o‘quv kurslarida bemalol tahsil olyapti. Hatto boshqa viloyat-tumanlardan ham kelib o‘qishlari mumkin, yakunda o‘rta ma’lumot attestatini ham olishadi.  

Mazkur xususiy maktabda to‘rtta: aniq, tabiiy, ijtimoiy fanlar va xorijiy til yo‘nalishlarida bilim beriladi. Davlat ta’lim standarti talablari asosida faoliyat ko‘rsatadigan nodavlat ta’lim muassasasida hozirgi kunda 210 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Fanlarni chuqur o‘rgatish, repetitorlik kurslari va qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tilishi natijasida arzirli ko‘rsatkichlarga erishildi. Maktabni o‘tgan o‘quv yilida 24 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, ularning 23 nafari oliy ta’lim muassasalari talabalariga aylandi. 

Bugun o‘quv markazlari mutasaddilari yangi g‘oyalar ustida izlanmoqda. Jumladan, darslarni rus va ingliz tillarida olib borish, amaliyotga uyg‘unlashgan ta’limni joriy etish, xususiy klinika faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ta’lim jarayoniga sun’iy intellektni olib kirish kabi ezgu maqsadlar ularni yanada g‘ayrat bilan ishlashga undamoqda. Birdamlikda shu yerda “Repetitorlar mahallasi” yoki “Abituriyentlar shaharchasi” bunyod etish, ilm-ma’rifat tarqatishga ixtisoslashgan hududga aylantirish ularning orzusi.  

M. Sulaymonov,  O‘zA