Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rishtonda “Yosh hunarmandlar” respublika festivali o‘tkazildi
12:28 / 2023-06-16

Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi xalqaro kulolchilik markazida “Yosh hunarmandlar” respublika festivali bo‘lib o‘tdi.

Rishton kulolchiligi bilan dunyoga mashhur bo‘lib, bu yerda tayyorlanayotgan mahsulotlar o‘zining dizayni, tabiiy jozibasi va naqshlari bilan ajralib turadi. Keyingi yillarda soha rivojiga qaratilgan e’tibor va rag‘bat tufayli tuman kulollari tomonidan tayyorlangan san’at asarlari AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Polsha, Shvetsiya, Iroq, Eron, Misr kabi mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda namoyish etib kelinmoqda. Bugungi kunda kulolchilik yo‘nalishida tumanda yuzlab mashhur sulolalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, “Ustoz-shogird” an’anasi bo‘yicha minglab yoshlar ushbu hunar sir-asrorlarini o‘rganmoqda.  

Davlatimiz rahbarining mamlakatimiz yoshlari bilan videoselektor tarzida o‘tkazgan O‘zbekiston yoshlari forumida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida tashkil etilgan festival davomida respublikamizning barcha viloyatlaridan tashrif buyurgan hunarmandlarning ko‘rgazmalari, yosh hunarmandlar tomonidan mahorat darslari, Kasblar tanlovi tashkil etildi. Tadbir ishtirokchilariga viloyatning taniqli san’atkorlari ishtirokida katta konsert dasturi ham taqdim etildi.  

Festival hakamlar hay’atining yakuniy qarori bilan Qoraqalpog‘iston respublikasi 1-o‘rinni (100 million so‘m), Farg‘ona viloyati 2-o‘rinni (75 million so‘m) Toshkent shahri 3-o‘rinni (50 million so‘m) qo‘lga kiritdi. Qolgan barcha ishtirokchilar esa 15 million so‘mlik vaucherlar bilan taqdirlandi.  

Farg‘ona viloyati sharafini himoya qilgan rishtonlik yosh kulol Javohir Usmonaliyev faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, 75 million so‘m miqdoridagi mukofot puliga ega bo‘ldi.  

 

M.Sulaymonov, O‘zA