Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rishtonda yana bir hunarmandlar markazi ochildi
13:52 / 2023-09-03

Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi “Qalaynav" mahalla fuqarolar yig‘inida yangi barpo etilgan “Hunarmandlar markazi” ish boshladi.

Prezidentimizning 2021 yil 23 martdagi “Kulolchilikni jadal rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida barpo etilgan ushbu majmua Rishton tumanida qurib bitkazilgan uchinchi Hunarmandlar markazi bo‘ldi. So‘nggi yilda tumanda ikkita Kulolchilik mahallasi tashkil etilgani ham tuman iqtisodiyotining drayveri bo‘lgan bu sohaning ko‘lami yanada kengayishiga xizmat qiladi.

Ochilish tadbirida so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tumanda kulolchilik sohasi jadal rivojlanib borayotganini qayd etib, kulolchilik mahsulotlarining ulgurji bozorini tashkil etish payti kelganiga e’tibor qaratdi. Shuningdek, tashkil etilayotgan Hunarmandlar markazlari faqat turistlarnigina emas, balki mahalliy aholini, keng iste’molchilar ommasini ham o‘ziga doimiy jalb etadigan maskanga aylanishi lozimligini ta’kidladi.

Foydalanishga topshirilgan, rishtonlik mashhur kulollarning yettinchi avlodi Ibrohimjon Komilov nomi bilan ataluvchi 2 qavatli markaz 0,8 gektar maydonda qad rostladi. Loyiha qiymati 2,4 milliard so‘mni tashkil etib, manzilda 16 ta xonadon joylashgan. “O‘zsanoatqurilishbank” ATB tomonidan 20 yillik imtiyozli kreditlar ajratilib, binolar o‘z egalariga topshirilgan. E’tiborlisi, hunarmandlarning asosiy qismi 30 yoshgacha bo‘lgan yosh kulollar bo‘lib, ularning qariyb 130 nafardan ziyod shogirdlari bor.

Avvallari uy sharoitida mehnat qilgan kulollarga endilikda barcha qulayliklar yaratilgan. Uylarning birinchi qavatida ustaxona va savdo do‘koni joylashgan, ikkinchi qavatida esa hunarmandlar oilasi yashaydi. Tantanali ochilish tadbiridan so‘ng ishtirokchilar bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.  

Rishtonlik mashhur kulol Ibrohimjon Komilovning farzandi Ismoiljon Komilov viloyat rahbari bilan muloqotda ko‘rsatilayotgan e’tibor va kulolchilikni rivojlantirish uchun yaratilayotgan qulayliklardan mamnun ekanligini aytib, davlatimiz rahbariga o‘z minnatdorligini bildirdi.

M.Sulaymonov, O‘zA