Rishton tumanidagi Mamadali Topvoldiyev mahallasiga "Turizm mahallasi" maqomi berildi. Umuman O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish, milliy merosni asrash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Rishton tumanida joylashgan M.Topvoldiyev mahallasiga rasman "Turizm mahallasi" maqomi berilishi buning yorqin misolidir.
Mahallaning boy tarixiy-madaniy merosi, urf-odatlari, milliy qadriyatlari hamda benazir tabiiy go‘zalliklarini e’tirof etish va uning imkoniyatlarini yanada kengaytirish tufayli shunday maqomga sazovor bo‘ldi.
[gallery-24481]
Shu munosabat bilan mahallaga Jahon Hunarmandlar Kengashi prezidenti Saad al Kaddumi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari tashrif buyurdi. Ular odatga ko‘ra non-tuz bilan qarshi olindi. So‘ngra turizm mahallasi maqomi rasman e’lon qilinishiga bag‘ishlangan tantana bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqanlar mamlakat turizmi va hunarmandchiligi rivojiga rishtonlik xalq ustalari qo‘shayotgan hissa haqida gapirdi va Topvoldiyev mahallasiga “Turizm mahallasi” litsenziyasi topshirildi.
Mahallada sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatish borasida sanitariya-gigiyena punkti va turizm axborot markazi tashkil etildi. Xalqaro kulolchilik markazi, choyxona va mehmonxona, “Begoyim” restorani va ko‘plab servis xizmati ko‘rsatuvchi majmualar ham ushbu hududda joylashgan. Sayyohlarning “shoping” ya’ni savdo-sotiq qilishi, kitob o‘qishi, sevimli filmini ko‘rib, madaniy hordiq chiqarishi, madaniyat uyi xodimlari tomonidan tashkillashtirilgan turli badiiy chiqishlardan bahramand bo‘lishi mumkin. Bular “Turizm mahallasi” ga yanada ko‘proq sayyohlarni jalb etish imkonini beradi.
Rishton kulolchiligi 800 yildan ortiq tarixga ega. Bu yerda ishlab chiqariladigan rangli naqshli idishlar butun dunyoda tan olingan. Mahallada faoliyat yuritayotgan yuzlab ustalar hunar sirlarini keyingi avlodga o‘tkazib kelmoqda.
Jahon Hunarmandlar Kengashi delegatsiyasi Rishtondagi bir qator kulollarning uy-ustaxonalari bilan tanishdi. Ularning faoliyatini batafsil o‘rgandi.
– O‘zbekistonga, Rishtonga safarimizning asosiy maqsadi – bu yerdagi kulolchilik tarixi, an’analari, ustalar faoliyati kabi masalalarni chuqur o‘rganish edi. Biz bu ma’lumotlarni kengash yig‘ilishiga taqdim etamiz. Chunki Rishton allaqachon dunyo hunarmandchilik maydonida o‘ziga munosib joy topgan va unga “Hunarmandlar shahri” maqomi berishga munosib, – deydi jahon hunarmandlar kengashi prezidenti Saad al Kaddumi. – Rishtondagi turizm mahallasining ochilishi uning yangi maqom olishiga qo‘shilgan alohida hissa bo‘ldi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/VMZyTCT5mgg" title="Rishtonda turizm mahallasi ochildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov