Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rishtonda Tojikiston hukumati qurgan bog‘cha ochildi
17:22 / 2021-09-24

Farg‘ona viloyati Rishton tumanida Tojikiston hukumati tomonidan bunyod etilgan 200 o‘rinli «Kapalak» nomli maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda qo‘shni davlatlar bilan barcha sohalarda aloqalar mustahkamlanib bormoqda. O‘zbek va tojik xalqlari azaldan bir daryodan suv ichgan, qarindoshlik rishtalari bog‘langan. Ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalq deya ta’rif berilishida ham katta hikmat bor. Darhaqiqat, o‘lmas diniy qadriyatlar, urf-odat, quda - anda, qo‘shnichilik singari ma’naviy qadriyatlar bugun yangi bosqichga chiqmoqda.

Keyingi besh yilda davlatlar o‘rtasidagi yaqin hamkorliklar tufayli ikki xalqning do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlanadi. Savdo-sotiq, sarmoya, ijtimoiy, ma’naviy sohalarda amaliy aloqalar kengayib bormoqda. Xususan, o‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi hukumati tashabbusi bilan So‘g‘d viloyatining Spitamen shahrida 600 o‘rinli umumta’lim maktabi qurib bitkazildi.  

Rishton tumanidagi «Uch ariq» mahalla fuqarolar yig‘inida qurilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti ana shu hamkorlikning uzviy davomidir. Bu yerda Tojikiston Respublikasining «Sozanda» qurilish tashkiloti keng ko‘lamda qurilish, obodonlashtirish ishlarini amalga oshirdi. Ikki qavatli muhtasham binoda bolajonlar uchun zarur bo‘lgan sharoitlar yaratildi. Keng va yorug‘ xonalar, musiqa, badiiy gimnastika, sport zali, o‘yin maydonchalari bolajonlar bilan gavjum. Do‘stlik, birodarlik borasida boshlangan ishlar qamrovi keng. Ayni kunda tuman markazida «O‘zbek – tojik» do‘stlik jamiyati faoliyat ko‘rsatmoqda.

[gallery-4027]

–Ikki xalqni bog‘lovchi rishtalar juda uzoq tarixga ega, – deydi Farg‘ona viloyati «O‘zbek-tojik» do‘stlik jamiyati raisi Tursunxo‘ja Abdurahmonov. – Qadri baland qadriyatlarimiz kundan kunga rivojlanib borayotgani olis manzillarni bir biriga yanada yaqinlashtirish imkoniyatini berdi. Foydalanishga topshirilgan yangi inshoot yurt kelajagi, taraqqiyoti yo‘lida maqsadlarimiz mushtarak ekanligining amaliy namunasi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Maktabgacha ta’lim tashkilotining ochilish tantanasi do‘stlik, birodarlik bayramiga aylandi. Tantanali marosimni Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov ochdi. Unda so‘z olgan Tojikiston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda Aziziy, O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziri Shin Agrippina, Tojikiston Respublikasi Ta’lim va fan vaziri Imomzoda Muhammadyusuf qardosh xalqlari o‘rtasida tiklangan do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik munosabatlarining bugungi taraqqiyoti birodarlik aloqalarini yangi bosqichda rivojlanib borayotganligini e’tirof etdi.

Mehmonlar maktabgacha ta’lim tashkilotida yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi. Tadbir davomida bolalar muassasasi qurilishida faol ishtirok etgan quruvchilar taqdirlan.

Shu kuni Tojikistondan kelgan delegatsiya a’zolari Rishton tumanidagi kulolchilik markazi, usta kulollar amaliy ish namunalari bilan tanishdi.

 

M. Sulaymonov,

M. Qodirov (surat), O‘zA