French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rishtonda tez orada elektromopedlar ishlab chiqariladi
09:48 / 2021-04-19

Energiya tejamkor, xavfsiz va ekologiyaga zarar yetkazmaydigan transport vositalariga talab ortmoqda.

Ayni kunlarda Farg‘ona yo‘llarida ixcham, ko‘rkam elektromopedlarni uchratasiz. Boshqarishga qulay mazkur ulovning ehtiyot qismlari Xitoydan keltirilib, Rishtondagi “Start-Max” mas’uliyati cheklangan jamiyatida foydalanish uchun tayyor holga keltirilmoqda.  

Mini, klassik, xay-tek kabi to‘qqiz xildagi elektromopedning bugun Farg‘ona viloyati bo‘yicha bozori chaqqon. 30 chog‘li ishchining qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Hozirgacha ana shunday elektromopedlarning 300 ga yaqini savdoga chiqarilgan.

– Rishtonda kulolchilik rivojlangan. Deyarli har bir oilaning kulolchilik buyumlarini savdo do‘konlariga sifatli va tez yetkazib berishda mana bunday elektromopedlarga ehtiyoji bor, – deydi korxona rahbari Saidahmad Akbarov. – Qulayligi shundaki, 3 ming so‘mlik elektr toki bilan 70-80 km masofani bosib o‘tish mumkin. Ikki kishiga mo‘ljallangan elektromopedlar lyuk, ventilyator, magnitofon bilan jihozlangan bo‘lib, haydovchiga yengillik yaratadi. Narxi akkumulyatorining soniga qarab 12 milliondan 20 milliongacha borishi mumkin.

– Elektromopedlarning ishlab chiqarilishi nafaqat ehtiyojmandlar, balki mahallamizdagi ishsizlar uchun ham juda ajoyib imkoniyat bo‘ldi, – deydi “To‘da” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Qambarali Meliboyev. – Hozirda shu ish bilan 30 nafar fuqaromiz band. Tadbirkorga hozir joy masalasi muammo bo‘lib turibdi. Agar shu muammo hal etilsa, Saidahmad Akbarov yana 100 ta ishchi o‘rni yaratish niyatida. Keyinchalik korxonada elektromopedlar nafaqat yig‘iladi, balki ishlab chiqarish ham ko‘zda tutilgan.

M. Sulaymonov, O‘zA