Farg‘ona viloyati Rishton tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli «Dutir» oilaviy shifokorlik punkti 6 ming 300 nafar aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatadi.
Bu yerda “Sog‘lom ayol kerak hayotga” loyihasi doirasida targ‘ibot tadbirlari tashkil etilib, “To‘xtasin Ahmedov” nomidagi hamda “Dutir” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida yashovchi ayollar va bolalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Farg‘ona viloyat kengashi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash markazi hududiy bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda soha mutasaddilari, mazkur mahallada yashovchi, “Ayollar daftari”ga kiritilgan, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan va kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar ishtirok etdi.
[gallery-5754]
Loyiha doirasida xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, pensionerlar va bolalarning davolanishi uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash borasida davlat dasturlarida belgilangan vazifalar, ayollarda ko‘p uchraydigan kasalliklar va ularning oldini olish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish borasida ma’lumot, maslahatlar berildi. 130 nafardan ziyod xotin-qiz va 25 nafar bola bepul ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga muolaja olishi yoki tegishli muassasalarga murojaat etish yuzasidan tavsiyalar berildi. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi viloyat hududiy bo‘linmasi tomonidan tibbiy ko‘rik ishtirokchilariga 12 xil bepul dori-darmonlar tarqatildi.
Muqimjon QODIROV,O‘zA