Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rishtonda kulollar sayli boshlandi
13:35 / 2024-06-02

Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida O‘zbekiston an’anaviy kulolchilik maktablarini namoyish etishga qaratilgan “Kulollar sayli” milliy kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-yarmarkasi haftaligiga start berildi.

Ushbu tadbirning tantanali ochilish marosimida milliy hunarmandlik rivojiga qaratilayotgan e’tibor xususida so‘z yuritilib, Rishton kulolchiligi yangi bosqichda ekanligi ta’kidlandi.  

– Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda olib borilayotgan katta islohotlar doirasida tariximiz, milliy o‘zligimiz timsoli bo‘lgan, qadimiy va boy an’analarga ega hunarmandchilik sohasini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy san’atini rivojlantirish, bu orqali xalqimizning boy madaniy merosi va tarixiy an’analarini asrab-avaylash, bu orqali band bo‘lmagan aholi, ayniqsa, yoshlar va ayollarning hunarmandchilik bilan shug‘ullanishiga keng imkoniyatlar yaratilmoqda, – dedi viloyat hokimi o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov.-O‘zbek milliy hunarmandchiligining markazi bo‘lgan Farg‘ona viloyati Marg‘ilonning atlas va adraslari, Rishtonning kulolchilik san’ati, Qo‘qonning yog‘och o‘ymakorligi va naqqoshlik maktablari bilan dunyoga mashhur. Ayniqsa, 2023 yilda O‘zbekiston kulolchilik san’ati YUNESKO tomonidan muhofaza qilinadigan O‘zbekiston nomoddiy merosi elementlari ro‘yxatiga kiritilgani ahamiyatga molik. Imkoniyatdan foydalanib tadbirga tashrif buyurgan O‘zbekiston kulolchilik maktablari namoyondalarini va barchalaringizni ushbu amaliy natija bilan tabriklayman.  

[gallery-17666]

Viloyat hokimligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Turizm qo‘mitasi, Respublika “Hunarmand” uyushmasi hamkorligida ikkinchi bor tashkil etilayotgan ushbu tadbir besh kun davom etadi. Unda milliy kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-yarmarkasi, turli ko‘rik-tanlovlar, taqdimot va ko‘rgazmalar, madaniy-ma’rifiy va targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Yurtimizning turli viloyatlaridan, qo‘shni respublikalar, shuningdek, Rossiya, Fransiya kabi davlatlardan tashrif buyurgan usta kulollar, ilmiy tadqiqotchilar, madaniyat arboblari, san’atshunos olimlar ishtirokidagi haftalik doirasida “Rishton kulolchiligi: kecha, bugun, ertaga” nomli kitob taqdimoti, “O‘zbekiston zamonaviy kulolchiligi: an’ana va innovatsiya” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman ham tashkil etiladi.

Shuningdek, tumandagi “Xalqaro kulollar markazi”da Farg‘ona davlat universiteti hamda Farg‘ona politexnika institutining yetakchi olimlari, soha vakillari ishtirokida “Rishton zamonaviy chinnichiligi: mahsulotlar sifati  va tannarxi eksportni oshirish omili” mavzusidagi ilmiy anjuman, Rishton chinnisozligini rivojlantirish bo‘yicha muhokamalar va chinnisozlik ustaxonalariga sayohat uyushtiriladi.  

Bundan tashqari, turistik korxonalar, tumandagi 12 ta mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan turizm xizmatlari va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha taqdimot o‘tkaziladi, tumandagi turistik manzillar bo‘ylab tashriflar amalga oshiriladi.  

M.Sulaymonov, M. Qodirov (surat), O‘zA muxbiri