Farg‘ona viloyatining har bir hududi o‘ziga xos brendga ega bo‘lib, Rishton kulolchiligining shuhrati yetti iqlimda mashhur.
Usta kulollarning qo‘l mehnati bilan yasalgan mahsulotlari yorqin rangi, serjiloligi bilan ajralib turadi.
Keyingi yillarda tumanda tashkil etilgan Xalqaro hunarmandchilik markazi, kulollar shaharchasi va mahallasi, tadbirkor kulollarning uy muzeylari, turistik manzillari Rishton kulolchiligini dunyoga yoyishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tumanning Navoiy mahallasida joylashgan sobiq “Badiiy kulolchilik zavodi” negizida tashkil etilgan kulolchilik mahsulotlari sanoat zonasining ochilish marosimi katta tantanaga aylandi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov azaldan hunarmandlar yurti bo‘lgan Rishtonda kulolchilik jadal rivojlanishga yuz tutganini qayd etib, Prezidentimizning o‘tgan hafta viloyatga tashrifidan so‘ng tumanga soha rivoji uchun yana 100 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratilishiga qaror qilinganini ma’lum qildi.
Joriy yil fevral oyida viloyat hokimining Rishton tumanidagi o‘rganishlari jarayonida hududda kulolchilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olingan edi. O‘tgan davr mobaynida viloyat mahalliy byudjeti hisobidan sanoat zonasining ichki yo‘llari to‘liq asfaltlandi, bundan tashqari sobiq zavod hududida ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida 3,3 milliard so‘m mablag‘ ajratilib tabiiy gaz tarmog‘i, 340 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilib elektr tarmoqlari tortildi.
Ixtisoslashgan sanoat zonasida umumiy loyiha qiymati 75,8 milliard so‘m bo‘lgan 37 ta chinni va keramika buyumlari ishlab chiqarish va bezak berish korxonasi tashkil etildi, 7200 dan ziyod ish o‘rni yaratildi.
Tadbirkor Muhayyo Sattorova tomonidan tashkil etilgan “MM Porcelain” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklida oilaviy korxonasi qoshidagi chinni mahsulotlariga bezak berish sexida bugungi kunda 100 dan ortiq xotin-qizlar doimiy ish bilan ta’minlangan. Shuningdek, 300 ta xonadondan 700 nafardan ortiq ishsiz mahalla ayollari ham kasanachilik asosida ishga jalb etilgan. Korxona tomonidan bu yil 1 million dollarlik chinni buyumlari eksporti amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
[gallery-7160]
Shokirjon Ahmadjonov rahbarlik qilayotgan “Mingboshi Keramik” oilaviy korxonasi tomonidan qiymati 10 milliard so‘m bo‘lgan investitsiya loyihasi asosida yirik kulolchilik kooperatsiyasi tashkil etilgan bo‘lib, korxonada 100 nafar doimiy ish o‘rinlari bilan birgalikda 3000 nafardan ortiq kasanachilik yo‘nalishida o‘zini-o‘zi band qilish orqali yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Korxona tomonidan joriy yilda Rossiyaning Yekaterinburg shahriga mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha 5 million dollarlik eksport shartnomasi imzolangan.
Hozirda bunday ixtisoslashgan sanoat zonalari tumanning To‘da, Dahbed, Dehqonobod va boshqa mahallalarida ham tashkil etilmoqda. Noyob sopollari va koshinlik san’ati bilan dunyoga mashhur Italiyaning Deruta hamda Turkiyaning Iznik shaharlari bilan Rishton tumani o‘rtasida joriy yilda xalqaro hamkorlik aloqalari ham o‘rnatildi.
M.Sulaymonov, M. Qodirov (surat), O‘zA