Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rishtonda 48 nafar bolaning sunnat to‘yi o‘tkazildi
15:10 / 2021-06-01

Farg‘ona viloyatida 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan tadbirlar bolajonlarga bir olam quvonch ulashmoqda.

Rishton tumanidagi xayriya tadbiri unutilmas onlarga boy bo‘ldi. Tuman hokimligi, «Vaqf» xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, tumanda faoliyat yuritayotgan saxovatpesha tadbirkorlar tomonidan boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari uchun sunnat to‘yi o‘tkazib berildi.

Tadbirda viloyat hokimi Xayrulla Bozorov ishtirok etdi hamda jajji bolajonlarni bayram bilan qutladi.

– Yurtimizda har bir oila, har bir bola baxtli bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlarimiz hayotda o‘z natijasini bermoqda. Bu bolajonlar kelgusida xalqimiz koriga yaraydigan yetuk shaxslar bo‘lib yetishishiga ishonamiz, – dedi viloyat hokimi.

«Abdulxay ota» to‘yxonasiga taklif etilgan 48 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari, shuningdek, 52 nafar nogironligi mavjud bolajonlarga homiylarning sovg‘alari – velosipedlar, o‘yinchoqlar va oziq-ovqat mahsulotlari, shirinliklar tarqatildi.

– Hukumatimizga, rahbarlarimizga cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman, – deydi «Mehnatobod» mahallasida yashovchi  Dilraboxon Ro‘ziboyeva. – Farzandim II guruh nogironi, mutasaddilar, mahalla faollari doimo g‘amxo‘rlik ko‘rsatib keladi. bugungi shodiyona o‘g‘lim hayotidagi quvonchli kunlardan biri bo‘lib qoladi.

Bayram tadbiriga taniqli san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

 

M.Sulaymonov, O‘zA