Rishton tumani Farg‘ona vodiysi janubida, Qirg‘iziston chegarasiga yaqin hududda joylashgan. Mazkur hudud bugungi kunda O‘rta Osiyodagi eng yirik kulolchilik markazlaridan biri sifatida tanilgan. Qadim zamonlardan beri mavjud bo‘lgan loy san’ati orqali rishtonliklar o‘zlarining yorqin va o‘ziga xos xususiyatlarini taqdim etadi.
Rishton kulolchilik maktablari nozik did ila chizilgan gullar, turli xil shakllar, naqshlari bilan ajralib turadi. Bu esa mintaqa an’analarining barqarorligini aks ettiradi. Ularning yaratilishi yorqin bo‘yoqda bo‘lib, naqshlarga boyligi va nozik sir ostida barcha ranglarni aks ettirishi bilan odamni o‘ziga tortadi.
Rishtonda kulolchilikning rivojlanishiga yana bir muhim sabab bu yerda mahalliy tuproqdan kulolchilik loyi tayyorlanishidir. Bu tuproqdan deyarli barcha turdagi kulolchilik mahsulotlari tayyorlash imkoni bor. Rishtonning o‘zida qizg‘ishroq tuproq mavjud bo‘lib, buni mahalliy tilda «hoki surx» deb atashadi. Rishtonlik kulollar mahalliy loyni shu qadar yaxshiligini uni birlamchi qayta ishlovsiz foydalanish mumkinligi bilan izohlaydilar. Chinni kulolchilik mahsulotlari uchun rishtonliklar Farg‘ona vodiysining har burchagidan loylarni tashib kelishadi. Bundan tashqari, mahsulot uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni esa vodiyning boshqa hududlaridan keltirishadi.
bugungi kunda Rishton tumanida 20 nafardan ortiq katta ustalar hamda ularning 7 mingga yaqin shogirdlari faoliyat yuritmoqda. Ularning har biri 30-50 oilani ish bilan ta’minlaydi – mahalliy aholi uy-ro‘zg‘or buyumlaridan tortib badiiy kulolchilik mahsulotlarini uylarida bo‘yash bilan shug‘ullanadi. Bu orqali, katta sarmoyalarsiz va Rishton kulollarining noyob an’analari va mahoratlari asosida aholining keng qatlamlari ish joylari va barqaror daromad bilan ta’minlanmoqda.
[gallery-397]
Ana shunday mohir kulollardan biri “Rplyus-Koron” korxonasi rahbari, usta-kulol Ravshanjon Tojidinov. Chorak asr muqaddam oddiy idish-tovoqlar tayyorlashga mo‘ljallangan korxona bugun yirik kulolchilik markaziga aylandi. Bu bejiz emas. Boisi Ravshanjon kulollar sulolasining munosib davomchilaridan sanaladi. Uning bobosi, dadasi ham usta bo‘lib, hunar ortidan oila tebratgan, halol mehnati bilan elda qadr topgan.
Yosh Ravshanjon bugun bobomeros hunarga o‘ziga xos jilo, sayqal berib, uning maftunkorligi, jozibadorligini oshirishga hissa qo‘shib kelmoqda. Dastlab, 4-5 kulol ish boshlagan korxonada bugun 70 nafardan ortiq mahalliy yoshlar 500 turga yaqin qo‘l mehnati asosida nafis, betakror kulolchilik buyumlari, koshin va naqshlar guldastasini tayyorlash ilmini olgan.
Korxonada alohida o‘rin ajratilgan tayyor mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishgan kishi oddiy tuproqdan yaralgan buyumlar qarshisida lol qoladi. Balandligi 2 metr 20 santimetr bo‘lgan va bir vaqtning o‘zida 40 kilogramm palov uchun mo‘ljallangan lagan va boshqa kulolchilik namunalari hayratingizni oshiradi.
Har bir mahsulot yaratilishi uchun kuloldan alohida mehnat, qunt, sabr talab etiladi. Ustaning ta’kidlashicha, bitta oddiy piyola tayyor holga kelguncha 12 bor qo‘ldan-qo‘lga o‘tadi. Shu bois bu hunar asrlar davomida qadrlanib kelinmoqda. Mahsulotlar nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham o‘z o‘rnini topib bormoqda. Isroil, Italiya, Rossiya, Koreya Respublikasi va boshqa qo‘shni mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
Rishtonda hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va mahsulotlarni chetga olib chiqish maqsadida tumanda qurib bitkazilib, foydalanishga topshirilish arafasida turgan 19,8 milliard so‘mlik “Kulollar shaharchasi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu shaharchada 250 ta ish o‘rni yaratiladi. Uning afzalligi shundaki, shaharchada hunarmandchilik, ya’ni kulolchilik mahsulotlarini tayyorlash va sotish uchun joylar belgilangan. Mahsulotlarni sotish uchun do‘konlar qurilgan. Hattoki, kulollarning yashashi uchun ham uylar beriladi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA