French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rishton kulolchilik mahsulotlari dunyoni zabt etmoqda
17:44 / 2023-09-22

Farg‘ona viloyati Rishton tumanida I Xalqaro kulolchilik forumining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Xalqaro kulolchilik markazida tashkil etilgan tadbirda xorijiy va mahalliy kulollar, hunarmandlar, soha mutaxassislari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Dastlab mehmonlar xorijlik va mahalliy kulollarning mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi. O‘zbek xalq san’ati va o‘yinlari namoyishi, xalqaro kulolchilik markazidagi ikki qavatli kulollar xonadonlari, ustaxona va savdo do‘konlari  mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.  

Tantanali tadbirda Respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulug‘bek Abdullayev, Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Fayzullo Qosimov  hunarmandchilik bo‘yicha joriy yildagi eng muhim xalqaro tadbirning ma’no-mazmuni, kutilayotgan natijalar, mamlakatimizda sohaga qaratilayotgan e’tibor xususida batafsil ma’lumot berdi.  

[gallery-13680]

Farg‘onaga kelgan xorijlik sayyoh yoki mehmon albatta Rishton tumaniga tashrif buyuradi. Chunki bu yerning o‘ziga xos ohangrabosi bor. Bu usta hunarmandlar tomonidan tayyorlanayotgan kulolchilik mahsulotlaridir. Rishton – Buyuk Ipak yo‘lida tashkil topgan, Farg‘ona vodiysining eng qadimiy shaharlaridan biri. Qadim zamonlardan Markaziy Osiyodagi eng yirik ajoyib sirlangan sopol buyumlar markazi hisoblanadi. Rishton buyumlari, miniatyuralari jahondagi san’at shaydolari orasida ham katta shuhrat qozongan. Hech bir hududning kulolchilik namunalariga o‘xshamaydigan bu san’at asarlari AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Polsha, Shvetsiya, Iroq, Eron, Misr kabi mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda namoyish qilinishi va jahon ommasi e’tirofiga sazovor bo‘lishi Rishton kulollarining iste’dodidan dalolat beradi. Rishtonlik kulollar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar o‘zining dizayni, tabiiy rangi va qalampir nusxali naqshlarga boyligi bilan ajralib turadi.  

So‘nggi yillarda Rishton kulolchilik maktabi yanada rivojlandi. Usta Ibrohimjon Komilov, Bobojon Nishonov, Hakimjon Sattorov, Rustamjon Usmonov, Alisher Nazirov, Sharofiddin Yusupov, Tohirjon Haydarov singari mashhur kulollar yaratgan mahsulotlar barchani hayratga solib kelmoqda. Yangi kulolchilik markazlari tashkil etilib, soha yanada taraqqiy etmoqda. Shu bois ham xalqaro kulolchilik forumi aynan shu yerda o‘tkazilmoqda. 

Forum doirasida yaqinda foydalanishga topshirilgan “Oqer” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Hunarmandchilik va turizm majmuasida “XXI asr kulolchiligi: an’analar va innovatsiyalar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman start oldi. Dunyoning turli mintaqalaridan tashrif buyurgan 70 dan ziyod usta-kulollar, san’atshunos olimlar, ekspertlar, tadqiqotchilar va biznes vakillari ishtirok etgan anjuman qiziqarli ma’ruzalar va bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Jumladan, zamonaviy kulolchilikdagi yangiliklar, mavjud muammolar va ularning yechimi, hududlararo integratsiyalashuv, Yevropa va Yaqin Sharq xalqlari hunarmandchiligida kulolchilikning o‘rni, O‘zbekistonda bu hunarni rivojlantirish va ommalashtirish kabi mavzulardagi ma’ruzalar ishtirokchilarning diqqat e’tiborida bo‘ldi.  

– Yurtimizda kulolchilik qadimdan rivojlangan. 2021 yil 23 martdagi Prezidentimizning kulolchilik sohasini rivojlantirish to‘g‘risidagi alohida qarori esa butunlay yangi yuksalish davrini boshlab berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi, – deydi O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi bo‘lim mudiri Dilnoza Narzullayeva. – O‘zbekistonda Samarqand, Buxoro, Xorazm va Farg‘ona kulolchilik maktablari mavjud. Ularning har biri o‘z uslubi va yo‘nalishiga ega. Endilikda o‘ziga xoslikni saqlagan holda ularning bir-birini to‘ldirishi, yangi qirralarni o‘zlashtirishi, usta-kulollarning yaqin hamkorligini davrning o‘zi taqozo qilmoqda. Shuningdek, mahoratli ustalarning ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalarini yaratishi, dunyoning turli mamlakatlarida o‘tkaziladigan ko‘rgazma, festival va tanlovlarda qatnashishi, ular yasagan kulolchilik mahsulotlarining onlayn savdosini yo‘lga qo‘yish kabi dolzarb vazifalar ham kutib turibdi.  

Anjumanda Angliya, Isroil, Belorus, Qirg‘iziston, Boshqirdiston va tojikistonlik tadqiqotchilar hamda ekspertlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Ular yurtimizda soha rivojiga davlat miqyosida katta e’tibor qaratilayotgani, o‘zbek sopol va chinni buyumlari dunyo bozorlarini egallayotganini  alohida e’tirof etishdi.  

– An’anaviy kulolchilikda sopol, chinni idishlar, koshin va bezaklar nafaqat uy-ro‘zg‘or buyumi, balki san’at asari, estetik tafakkur in’ikosi sifatida ham qadrlidir. Jahondagi muzeylarda, qadimiy shaharlar va turistik ob’ektlarda asrlar guvohiga aylangan qo‘l mehnati namunalarini izchil o‘rganish, ularda qo‘llangan naqsh, gul, rang, dizayn, sirlash usullarini yanada boyitish orqali kelgusi avlodlarga yetkazish barchamizning burchimizdir, – deydi beloruslik san’atshunos olim Larisa Bisko. – Afsuski, zamonaviy texnologiyalar va jadal ishlab chiqarish uskunalari kirib kelishi natijasida belorus kulolchiligi tom ma’noda tanazzulga yuz tutish arafasida. Bu hunar turini rivojlantirish, unga yondosh bo‘lgan turizm va biznes sohalariga e’tibor qaratish lozim. Buni amalga oshirishda shu kabi anjuman va festivallar muhim o‘rin tutadi.  

Tadbir doirasida xalqaro forum qatnashchilarining asarlari ko‘rgazmasi va savdosi, usta-kulollarning mahorat darslari, mahalliy va xorijiy rassomlar, dizaynerlar ishtirokida modalar namoyishi, osh tanlovi, dorbozlik va qo‘g‘irchoqbozlik tomoshalari ham o‘tkazilmoqda.  

Shuningdek, tadbir dasturidan “Kulollar va bozor iqtisodiyoti” mavzusidagi davra suhbati, nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarni taqdirlash marosimi, forum yakuni bo‘yicha ommaviy axborot vositalari uchun press-konferensiya ham o‘rin olgan.  

 

M.Sulaymonov,  

M.Qodirov olgan surat