Rishod Sobirov yangi lavozimga tayinlandi
Joriy yilning 4-sentyabrida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari mahoratli sportchilarni tayyorlash, iqtidorli yoshlarni topish uchun kuchli seleksiya tizimini yaratish borasida aniq koʻrsatmalar bergan edi.
Joriy yilning 4-sentyabrida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari mahoratli sportchilarni tayyorlash, iqtidorli yoshlarni topish uchun kuchli seleksiya tizimini yaratish borasida aniq koʻrsatmalar bergan edi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, oʻtgan davr mobaynida mamlakatimizdagi jismoniy tarbiya va sport tizimidagi tashkilotlarda, sport federatsiyalarda bu borada zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston kurash federatsiyasi ijroqoʻm aʼzolari ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda ham bu boradagi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Haqiqatan, Oʻzbekiston kurash federatsiyasi yurtimizda milliy sportimizning rivoji bilangina shugʻullanmay, chet ellarda Oʻzbek kurashining ommaviylashishida muhim vazifalarni bajarib kelmoqda. Shu maʼnoda, iqtidorli sportchilarni saralash, trener va mutaxassislarning ishga ilmiy va innovatsion yondashuvini toʻla shakllantirish, trener, hakam, sportchi va mutaxassislar faoliyati monitoringini toʻlaqonli olib borilishiga erishish, joylarda seleksiya ishlarini zamon talabi asosida tashkil etish federatsiyaning eng asosiy vazifasi boʻlib qolmoqda.
Bugungi kunda shiddat bilan taraqqiy etib borayotgan xalqaro globallashuv sharoitida milliy qadriyatlarimizni nafaqat yurtimizda, balki jahon maydonida yanada ommalashtirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mazmun-mohiyatiga mos holda Oʻzbekiston kurash federatsiyasi xodimlarining bilim va koʻnikmalarini rivojlantirib borish davr talabi hisoblanadi.
Shu maʼnoda, zamonaviy sportda sohaga yosh, tajribali sportchi-mutaxassislarni jalb etmay turib, tizimga ilmiy yondashuvisiz maʼlum yutuqlarga erishish dargumon. Ijroqoʻm yigʻilishida bildirilgan fikrlar, takliflar natijasida federatsiya tizimida bir qator oʻzgarishlar amalga oshirildi.
Unga koʻra, kurash boʻyicha Oʻzbekiston chempioni, dzyudo boʻyicha uch karra Olimpiya oʻyinlari sovrindori, jahon chempioni Rishod Sobirov federatsiya raisining sport ishlari boʻyicha oʻrinbosari etib tayinlandi. Xuddi shuningdek, tajribali mutaxassis, qator xorijiy mamlakatlarda Oʻzbek sporti kurash targʻiboti bilan shugʻullangan, Tailand, Qatar, Vyetnam, Indoneziya va Turkmaniston davlatlarida oʻtgan Osiyo oʻyinlarida kurash musobaqalarining tashkiliy ishlarida bevosita ishtirok etgan, oʻnlab jahon chempionlarining ustozi, xalqaro toifadagi hakam Olim Hayitov federatsiyaning Ilmiy kengashiga rais etib saylandi.
Shu oʻrinda aytish joizki, soʻnggi paytlarda nafaqat kurashda, balki boshqa sport turlarida ham sport amaliyoti va ilmiy yondashuv bir biridan ancha ayro boʻlib kelgandi. Oʻzbekiston kurash federatsiyasida Ilmiy kengashning joriy etilishi, Rishod Sobirovdek dunyo sportida oʻz oʻrniga ega boʻlgan dongdor sportchining milliy sportimizda munosib oʻrin egallashi ishonamizki, kurashning yanada yuksalishiga, soha mutaxassislarining har tomonlama salohiyatli boʻlishida va eng muhimi, kurashning xalqaro maydonda yanada ommalashishiga xizmat qiladi.