Mamlakatimiz sportchilari orasida xalqaro maydonda vatanimiz shuhratini ulug‘laganlar orasida mahoratli dzyudochi Rishod Sobirovning alohida o‘rni bor.
Dzyudo bo‘yicha uch karra Olimpiya o‘yinlari sovrindori, ikki marta jahon chempioni, qator xalqaro turnirlar g‘olibligiga erishgan Sobirov 11 yoshidan tajribali murabbiy Rustam To‘rayev boshchiligidagi mutaxassislardan dzyudo sirlarini o‘rgangan.
Bugungi kunda nafaqat yurtimiz, balki xalqaro dzyudo olamida Rishod Sobirov erishgan yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritish orzusi bilan yashayotgan, shug‘ullanayotgan, musobaqalarda ishtirok etayotgan ming-minglab sportchilar borligi sir emas.
Ma’lumot uchun. R.Sobirov, 1986 yili Buxoro viloyatida tavallud topgan. 6 yoshidan kurash, dzyudo sport turlari bilan shug‘ullana boshlagan. 2006 yili Tayvanda Osiyo chempionatida 1-o‘rinni egallab, xalqaro sport maydonidagi ilk g‘alabasini tantana qilgan. “Pekin-2008”, “London-201,Rio-2016” Olimpiya o‘yinlari sovrindori, 2010, 2011 yili jahon chempioni, 2015 yili JCH sovrindori. Dzyudo bo‘yicha jahon kubogi, Gran-pri, “Katta dubulg‘a” turnirlarida 10 ta oltin, 4 ta kumush, 1 ta bronza medallariga ega chiqqan. O‘zbekiston iftixori medali sohibi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalqaro toifadagi sportchi unvonlari bilan taqdirlangan.
Xo‘sh, Buxoroning Jondor tumanida tavallud topib, xalqaro sport olamida yuksak g‘alabalarga erishgan Sobirovning muvaffaqiyatlari siri nimada? O‘zbek dzyudochilari orasida birinchilardan bo‘lib uchta Olimpiya o‘yinlarida, uchta jahon chempionatida shohsupaga ko‘tarilgan Rishod Sobirov bugungi kunda qanday ishlar bilan band? Yurtimizning ko‘plab hududlarida tashkil etilgan Rishod Sobirov dzyudo zallari, klublari faoliyati qanday olib borilmoqda?
Taniqli sportchimiz bilan suhbat davomida ushbu savollarga atroflicha javob olish asnosida xalqaro dzyudo olamidagi yangiliklar, mamlakatimizda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, mahoratli sportchi bo‘lishda nimalarga e’tibor berish kerakli kabi bir qator mavzular qamrab olindi.
Rishod Sobirov bilan suhbatni quyidagi havola orqali ko‘rishingiz mumkin.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/hMAisb3wafU?si=lqpJA2w_4x_fWtHL" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>To‘lqin Ro‘ziyev,
Doniyor Yoqubov(video), Anvarxo‘ja Ahmedov(montaj),
O‘zA