Rimda kurerlar huquqi himoya qilinadi
Italiyada endi yetkazib beruvchilar dam olishi, jaziramadan yoki yog‘ingarchilikdan saqlanishi yoki smartfonini quvvatlantirishi mumkin. Ayni maqsadni ko‘zlagan “SOS Rider” nomli yangi loyihani Rim shahri kengashi ma’qulladi. Bu haqda “Roma Today” xabar qildi.
Apennin yarim oroli poytaxtida 6 mingdan ziyod kishi oziq-ovqat va mahsulot yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Hukumat vakillari fikricha, “SOS Rider” kurerlar huquqi himoya qilinishi va bu kasb jamiyat tomonidan tan olinishiga yordam beradi. Mazkur g‘oya munitsipalitet va kasaba uyushmalari hamkorligi samarasidir.
Yaqin kunlar ichida 16 ta munitsipal kutubxona hududida velosiped uchun qo‘shimcha to‘xtash joyi, ta’mirlash majmuasi quriladi, birinchi yordam qutichasi va ovqatlanish nuqtasi paydo bo‘ladi.
Mashhur Kolizey yonida kurerlar dam olishi uchun bekat ishga tushdi. Bundan tashqari ushbu kasb vakillari chetlab o‘tishi lozim bo‘lgan eng xavfli yo‘llar va yo‘nalishlar ko‘rsatilgan shahar xaritasi ham tuzildi.
G. Abdullayeva, O‘zA