2026-yil 18–19-fevral kunlari Italiya poytaxti Rim shahrida O‘zbekiston va Italiya oliygohlari rektorlarining Ikkinchi forumi bo‘lib o‘tdi. Ikki kunlik mazkur anjuman oliy ta’lim tizimidagi hamkorlikni muhokama qilish barobarida uni aniq mexanizmlar asosida kengaytirish bo‘yicha 20 dan ortiq shartnomaga erishish imkonini berdi.
Dastlabki anjuman – forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda Italiya universitetlar va tadqiqotlar vaziri Anna Mariya Bernini ishtirok etdi. Tomonlar ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.

Darhaqiqat, bugun Toshkent shahrida Turin politexnika universiteti hamda Piza universiteti filiallarining faoliyat yuritayotgani O‘zbekiston–Italiya ta’lim aloqalarining natijadorligini namoyon etadi. So‘nggi ikki yilda 100 nafardan ortiq professor-o‘qituvchining Italiyada stajirovka o‘tagani, 750 nafardan ziyod talabaning italyan tilini o‘rganayotgani hamkorlikning inson kapitaliga yo‘naltirilganini ko‘rsatadi.
Forum doirasidagi sessiya va uchrashuvlar asnosida tomonlar universitetlararo aloqalarni kengaytirish, qo‘shma magistratura va doktorantura dasturlarini yo‘lga qo‘yish, akademik almashinuvlarni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, Erasmus+ dasturi doirasida shu kungacha 30 ga yaqin qo‘shma loyiha amalga oshirilgani, 300 dan ortiq o‘zbekistonlik yoshlar Italiya universitetlarida tahsil olayotgani va bu kabi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish lozimligi ta’kidlandi.

Forum doirasida o‘tgan 2025-yil yanvar oyida e’lon qilingan qo‘shma ilmiy tanlov yakunlari e’lon qilindi. 199 ta taklif ichidan eng yuqori ball to‘plagan 10 ta loyiha O‘zbekiston – Italiya Qo‘shma boshqaruv qo‘mitasi tomonidan moliyalashtirish uchun tanlab olindi.
Mazkur tanlov ilmiy aloqalarni real qo‘shma tadqiqotlar bosqichiga olib chiqdi. Endilikda muhandislik, sun’iy intellekt, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, turizm, moda va dizayn kabi ustuvor yo‘nalishlarda aniq natijalarga yo‘naltirilgan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda.

Rimga xizmat safari chog‘ida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Italiyaning turli oliygohlarida tahsil olayotgan bir guruh o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Samimiy muloqot davomida talabalarning ta’lim jarayoni, yashash sharoitlari, ilmiy izlanishlari va kelgusidagi rejalari haqida suhbatlashildi. Vazir yoshlarning xorijda sifatli bilim olib, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallayotgani mamlakatimiz taraqqiyoti uchun muhim ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, forum doirasida yangi ikki tomonlama kelishuvlar imzolandi. Bu esa hamkorlikning keyingi bosqichida qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalar soni sezilarli oshishini anglatadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA