Rossiyaning Amur viloyatida “Angara” aviakompaniyasiga tegishli “An-24” rusumli yo‘lovchi samolyoti qulab tushdi. Mahalliy hokimiyat vakillari ma’lumotiga ko‘ra, halokat natijasida jami 49 kishi, jumladan 5 nafar bola hayotdan ko‘z yumgan.
Blagoveshensk shahridan Tinda tomon yo‘l olgan uchoq qo‘nishga ikkinchi marta urinayotganda radar taviridan g‘oyib bo‘lgan. Qidiruv natijasida yonib ketgan fuzelyaj qoldiqlari yaqin oradagi tepalikdan topilgan.
Gubernator Vasiliy Orlov samolyotda 43 yo‘lovchi va 6 nafar ekipaj a’zosi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi esa uchoq sahnida 48 kishi bo‘lganini bildirgan. Tafovut sababi aniqlashtirilyapti.
Hodisa yuzasidan Rossiya tergov idoralari tomonidan “parvoz xavfsizligi qoidasi buzilishi oqibatida insonlar halok bo‘lganligi holati” yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Fojia munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi yetakchisi Vladimir Putinga ta’ziya maktubi yo‘lladi.
Davlatimiz rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA