Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat harbiylari “Burevestnik” nomli yadroviy quvvatga ega raketani muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazganini ma’lum qildi. Qurol NATO tomonidan “Skyfall” deya nomlangan.
Kreml e’lon qilgan videoda Putin harbiy kiyimda, Rossiya Qurolli Kuchlari bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimovdan sinov bo‘yicha hisobot eshitayotgani aks etgan. Gerasimovning so‘zlariga ko‘ra, raketa 15 soat havoda uchib, 14 ming kilometr masofani bosib o‘tgan va “bu hali oxirgi nuqta emas”.
Putin bu raketani “dunyoda o‘xshashi yo‘q” deb atab, uni RF armiyasiga joylashtirish uchun infratuzilma tayyorlashni buyurdi.
– Raketa yadroviy dvigatel bilan harakatlanadi va mudofaa tizimlaridan qochish, uzoq masofada aylanish va aniqlanmasdan manzilga yetib borish imkoniyatiga ega, – deyiladi Kreml hisobotida.
G‘arb ekspertlari bu texnologiya haqiqatan ham ishonchli bo‘lishi mumkinligiga shubha bildirmoqda. Britaniya razvedkasi ushbu qurolni “cheksiz parvoz imkoniyatiga ega past tezlikdagi yadroviy dvigatelli tizim” sifatida tasvirlagan.
Ayrim mutaxassislar yadroviy dvigatel atmosferaga radioaktiv moddalarning chiqishi xavfini tug‘dirishini eslatmoqda.
Rossiyaning “Burevestnik” loyihasi avval ham muammolarga duch kelgan. 2019 yilda Oq dengizdagi sinov paytida raketa portlab, besh nafar yadro muhandisi va ikki harbiy halok bo‘lgan, atrofdagi hududda qisqa muddatli radioaktivlik aniqlangan.
Analitiklarga ko‘ra, bu sinov rasmiy Moskvaning G‘arbga, ayniqsa AQSH va NATOga yadro salohiyatini eslatish va Ukrainadagi nizoga doir bosimlarga qarshi siyosiy javobidir.
Musulmon Ziyo, O‘zA