Bo‘stonliq tumanida “Rezavor meva yetishtirishda Bo‘stonliq tajribasi” mavzusida yirik o‘quv-amaliy dala seminari bo‘lib o‘tdi. Unda Agrosanoatni rivojlantirish agentligining Sanoatlashgan intensiv bog‘ va uzumzorlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Faxriddin Kirgizboyev, Toshkent viloyati hokimligi mas’ullari, Jizzax viloyatining Baxmal, Zomin, G‘allaorol hokimlari vakillari, tadbirkorlar ishtirok etdi.
Seminarda rezavor mevalar yetishtirishning iqtisodiy ahamiyati, Bo‘stonliq tajribasining ustun jihatlari, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Yangi navlarni iqlimga moslashtirish, marketing va eksport bozorlariga chiqish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, Chimyon mahallasidagi “Eskolada Business Invest” MCHJ tomonidan jami 40 gektar intensiv bog‘ tashkil etilgan. Bu yerda Polshaning “Delniwa” navli malina, AQSHning “Cabrillo” navli qulupnay, “Black Jam” va “Triple Crown” navli maymunjon, Fransiyaning “Qora Shakarzoda” navli smorodina kabi rezavor o‘simliklar tomchilatib sug‘orish asosida yetishtirilmoqda.

Seminar amaliy mashg‘ulotlarida ishtirokchilar yangi va istiqbolli navlarni ko‘paytirish, hosildorlikni oshirish, intensiv bog‘dorchilik tajribalarini tatbiq etish borasida fikr almashdi. Mavsumda bu turdagi o‘simliklarni sug‘orish, oziqlantirish hamda himoya choralarini samarali tashkil etish bo‘yicha mutaxassislarning tavsiyalari berildi.

Mutaxassislarning fikricha, rezavor meva yetishtirish sohasi nafaqat ichki bozorni sifatli mahsulot bilan ta’minlash, balki eksport salohiyatini oshirish, qishloq joylarda bandlikni kuchaytirish va tadbirkorlikni rivojlantirishda ham muhim omil hisoblanadi. O‘z navbatida bunday dala seminarlarini muntazam tashkil etish orqali fermerlarning bilim va tajribasi oshib, innovatsion usullarni kengroq amaliyotga tatbiq etish imkoniyati yaratiladi.
A. Musayev, O‘zA.